Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining pedagoglaridan biri, o‘z ilmiy salohiyati, ish tajribasi bilan yoshlarga hamisha o‘rnak dotsent Kamalova Sabohat Rahmatovna ustoz pedagog, yetuk olima ayollardan.
Sabohat Kamalova 1970 yilda Toshkent To‘qimachilik instituti kimyo-texnologiya fakultetini Imtiyozli diplom bilan tugallagan. Shu yili yosh mutaxassis sifatida Davlat loyihalash instituti GPI - 4 ga ishga yuboriladi. So‘ngra 1973 yilda yo‘llanma asosida Toshkent To‘qimachilik va yengil sanoat instituti aspiranturasiga kiradi, GPI-4 da mehnat faoliyatini davom ettiradi. U qayerda ishlamasin ishga o‘ta mas’uliyati, fidoyiligi, iqtidori, ilmi ortidan hurmat qozondi.
Dotsent Sabohat Rahmatovna 1981 yildan boshlab TTYeSIda ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, assistent, 90 - yildan boshlab “Matbaa ishlab chiqarish texnologiyasi” kafedrasida dotsent lavozimida faoliyat yuritishni boshladi va hozir ham ushbu faoliyatini davom ettirmoqda. 1985 yilda Kamalova kandidatlik dissertatsiyasini yoqlab, texnika fanlari nomzodi ilmiy unvonini olishga sazovor bo‘ldi.
Sabohat Kamalova matbaa sanoati uchun yetuk mutaxassislar tayyorlashda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. U “Yorug‘lik texnikasi va rangshunoslik asoslari” “Matbaa materiallari”, “Matbaa mahsulotlarini standartlashtirish va sertifikatsiyalash" fanlaridan o‘zbek va rus tillarda mashg‘ulotlar (ma’ruza, amaliy va laboratoriya) olib boradi. Uning rahbarligida 100 dan ortiq bakalavrlar bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalari bajarilgan. Shogirdlari matbaa sohasining yirik va o‘rta bosmaxonalarida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Sabohat Kamalova doim kafedrada bajariladigan ilmiy ishlarda faol qatnashib kelmoqda. Ko‘p yillar davomida u yangi qog‘oz turlarini yaratishda tabiiy ipak va kimyoviy tolalalar chiqindilarini qo‘llash bo‘yicha qator ilmiy tadqiqotlar bajarib kelmoqda. Dotsent Sabohat Kamalovaning 110 dan ortiq ilmiy ishlari mavjud, 2 ta darslik va 1 ta o‘quv qo‘llanmasi nashr etilgan. Bundan tashqari Sabohat Kamalova 2006 - 2008 yillarda ikkita davlatning ilmiy - texnik loyihasida mas’ul ijrochi sifatida qatnashdi. Oxirgi yillar olima ikkita Davlat tomonidan mablag‘ bilan ta’minlaydigan ilmiy texnik loyihaga rahbarlik qildi. Sabohat Kamalova bugungi kunda ham tinmay mehnat qilib, o‘z tajribasini oshirish ustida ishlab kelmoqda. 1988 yil talabalar amaliyoti rahbari sifatida Chexoslovakiya Respublikasidagi to‘qimachilik sanoati korxonalarida bo‘lgan, 2000 yilda Germaniyaning Berg universitetida va 2008 yilda Moskva Davlat Matbaa Universitetida tajribasini oshirib sertifikatlar olishga sazovor bo‘ldi. Jamoa ishlarida ham qatnashib kelmoqda: kimyo texnologiya fakulteti ilmiy kotibasi, institut kengashi ilmiy kotibasi (2002 - 2005y .), monitoring bo‘lim boshlig‘i, talabalar guruhi murabbiysi. Bundan tashqari, 10 yildan ortiq “Yosh matbaachi” to‘garagida bilimga, ilmga chanqoq bo‘lgan iqtidorli talabalarga rahbarlik qilib kelmoqda. Sabohat Kamalova kafedrada hamkasblarining hurmatiga sazovor, yosh o‘qituvchilar bilan tajriba almashib, o‘z maslahatlarini ayamaydi.
Sabohat Kamalova oilali, ikki farzandning onasi, to‘qqiz nabiraning buvijonisi.