Demishlarkim , Alloh suygan bandasiga odamlarning ishi tushadigan qilib qo‘yarmish. Shu manoda Komilaxonni Yaratganning suygan bandalari qatoriga qo‘shsak, xato qilmaymiz. Zero u esini tanibtiki, odamlarning mushkulini oson qilish uchun intiladi. Bu borada biror natijaga erishgan kuni charchoqlari unutiladi, kuni besamar ketmaganidan ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi. Bu fazilat Komilaxonga aslida ota-onasidan yuqqan.Bir umr haydovchi bo‘lib ishlagan Anvarjon aka (oxiratlari obod bo‘lsin), Marg‘ilondagi 29-maktabda muallimalik qilgan, direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Karimaxon ayalar ikki qiz, ikki o‘g‘ilni, eng avvalo, odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishga o‘rgatdilar va bunga erisha oldilar ham. Bu birgina Komilaxon misolida ham ko‘rinib turibdi.
Toshkent davlat madaniyat institutini kutubxonachi-bibliograf mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan Komilaxon mehnat faoliyatini Toshloq tumani madaniyat bo‘limi markaziy kutubxonasida uslubchilikdan boshladi. Tirishqoq, tashkilotchi mutaxassis o‘n yil davomida markaziy kutubxona direktorining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib, qishloq ahli ma’naviyatini kitob orqali oshirishga samarali hissa qo‘sha oldi. Jonkuyar, har qanday topshiriqni yurakdan bajarishga odatlangan Komilaxonni hokimlikning oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi lavozimiga tavsiya qilishdi. Aytish mumkinki, xudda shu dargohda uning el ishiga kuyunchaklik, tashabbuskorlik qobiliyatlari shakllanib, odamlar ichida e’tibor topdi va toshloqliklarning Komila qiziga aylandi.
Uni hech ikkilanmay tuman hokimi o‘rinbosari xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimiga munosib ko‘rganliklarining boisi ham ana shundandir. Salkam o‘n yil davomida ustozlaridan boy tajriba o‘rgana olgan Komilaxon bugun tuman ayollariga sardorlikni faollarni yoniga olib, o‘rniga qo‘yib bajara olmoqda. Ayni paytda oila, qizlar tarbiyasi, bekalik mas’uliyatini bir lahza bo‘lsada unutmadi.El-yurt tanigan Kavlonovlar oilasiga kelin bo‘lib tushib, uning an’analarini sadoqat bilan davom ettirayotir. Marg‘ilondagi «Billur» ishlab chiqarish firmasi rahbari Bahodirjon ikkisi Shahnozaxon, Dilnozaxon, Zulfiyaxonlarni o‘qitib, uyli-joyli qilishdi, nevaralar ko‘rishdi. Mohinozaxon hali o‘quvchi.
— Men oilalarni bekam, onalar va bolalarni sog‘lom, bag‘rini but, ayol qaddini tik ko‘rsam o‘zimni nihoyatda baxtli his qilaman, — deydi Komilaxon Kavlonova. — Zero, ona va bolasi sog‘lom, bekam yurtning kelajagi haqiqatan ham buyukdir.