Jahon tillari universitetini hamda TDYuIni tugatgan Gulchehra Matkarimova JIDU xalqaro huquq fakulteti dekani, yuridik fanlari doktori. U bilimlarini yoshlarga berishga , shaxd va zavq bilan yashashga, hamkasblari bilan bilim va tajribalaridan kelib chiqib suhbatlashishga hamisha tashna. Shu bilan birga, Gulchehraxon o‘z ustida tinmay ishlaydi, kitob mutolaa qilishni, talabalar davrasida bo‘lishni yoqtiradi. U o‘z kasbining fidoyisi, barkamol avlodni tarbiyalashga qanchalik jonkuyar bo‘lsa, fuqorolarning huquqlarini himoya qilishda ham shunchalik faol . Gulchehra Matkarimova ko‘p yillardan buyon talim jarayonini advokatlik faoliyati bilan qo‘shib muvaffaqiyatli davom ettirmoqda. U hammaga beg‘araz yordam ko‘rsatishni yaxshi ko‘radi, yangilikka o‘ch , izlanish, bilim olishdan tolmaydi.
Gulchehraxon universitetdan chiqiboq uyi, yaqinlari tomon oshiqadi. Uyda uni yaqinlari , tushunib qo‘llab quvvatlovchi turmush o‘rtog‘i, shirindan - shakar farzandlari kutib oladilar. Agar sen hayotdan zavq olib, unga nimadir berish, unda o‘z izingni qoldirish uchun intilib yashar ekansan, hayot ham seni ezozlaydi, mehnatlaring, orzularing mevasini beradi, deydilar. Gulchehraxon ana shunday o‘z mehnatlarining natijasini ko‘ra bilgan baxtiyor ayollardan.