Turkologiya fani, ayniqsa, XX asrning 50-yillaridan boshlab ilmiy kadrlar bilan hamda shu sohaga oid ilmiy maqolalar, monografiyalarning nashrlari bilan boyiy boshladi. Mana shunday vaqtda turkologiya faniga kirib kelgan bilimdon olimlardan biri Komil Meliyevdir. U 1923 yilning 21 noyabrida Toshkent shahrida tug‘ilib, o‘rta maktabni shu yerda tugatgan. Boshlangan jahon urushida ko‘ngillilar safida frontga jo‘nagan va 1942-1944 yillarda dahshatli urushning oldingi saflarida harakatda bo‘lib, 1944 yilda og‘ir yaralanganligi sababli o‘z uyiga qaytarilgan. Urushda ko‘rsatgan jasorati va mardligi uchun bir qancha jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan. U 1944 yilda O‘rta Osiyo Davlat universitetining sharq tillari fakultetining kunduzgi bo‘limiga o‘qishga kirib, uni 1949 yilda muvaffaqiyatli tugatgan. Ta’kidlanganidek, Komil Meliyev ham kata guruh o‘zbekistonlik yoshlar qatorida Rossiya Fanlar akademiyasi Tilshunoslik institutida Baskakovrahbarligida uyg‘ur tili bo‘yicha kunduzgi aspiranturaga 1949 yilda o‘qishga kirgan, 1953 yilda esa “Hozirgi uyg‘ur tilida harakat nomlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya etib, 1954-1960 o‘quv yillari davomida universitetning Sharq fakulteti talabalariga uyg‘ur tilidan saboq bergan hamda ilmiy izlanishlar ham olib borgan. Sinchkov olim ilmiy tadqiqotlarini yakunlab, 1964 yilda rus tilida “Имена дейсвия в современном уйгурском языке” nomli monografiyasini nashrdan chiqartirgan. U 1959-1992 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida Til tarixi va qiyosiy o‘rganish bo‘limida kata ilmiy xodim lavozimida ishlagan va 1969 yilda uning “Hozirgi turkey tillarda harakat nomlari” (o‘zbek, uyg‘ur, qozoq va qoraqalpoq tillari materiallari asosida) va 1974 yilda esa “Hozirgi turkiy tillarda sifatdoshlar” (o‘zbek, uyg‘ur, qozoq va qoraqalpoq tillari materiallari asosida) kabi yirik monografiyalari nashr etildi. Ushbu asarlar ilm ahli tomonidan yuqori baholandi.
Olim mazkur ilmiy tekshirish institutida ishlash davomida Moskva, Sankt-Peterburg, Olmaota hamda Toshkentda bo‘lib o‘tgan xalqaro turkolog olimlarning ilmiy anjumanlarida ma’ruzalar bilan faol ishtirok etgan.
Izlanuvchi olim Komil Meliyev 1992 yildan boshlab pedagogic faoliyatini davom ettirib, Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika universiteti o‘zbek filologiyasi kafedralarida katta o‘qituvchi lavozimida talabalarga ilmiy saboqlar berib kelmoqda. Uning ilmiy faoliyati haqida turkshunos olimlarning ijobiy fikrlari O‘zbekiston va hatto chet el nashrlarida ham chop etilgan. Uning mana bu “Turkiy tillarda fe’l kategoriyasi” temasidagi monografiyasida turkiy qiyosiy grammatikaning eng zaruriy ilmiy masalalaridan biri – fe’lning ravishdosh, sifatdosh, harakat nomi, zamon, mayl va daraja shakllari hamda ularning asosiy yasalish yo‘llari boy turkiy matnlardagi misollar zaminida ilmiy tahlil qilingan, shular asosida to‘g‘ri, asosli xulosa-umumlashma qilingan. Mazkur asar turkolog ilmiy xodim, aspirantlar, o‘qituvchi va umuman turkiy tillar grammatikasini o‘rganuvchilarga mo‘ljallangan.
Komil Meliyevning ilmiy kadrlar yetishtirishda ham ma’lum o‘rni bor, uning ilmiy rahbarligida Anvara Xametova hozirgi o‘zbek, uyg‘ur, qozoq va turkman tillaridagi sifatning orttirma darajasi mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini 1969 yilda muvaffaqiyat bilan himoya etgan.
Komil Meliyev bir qancha nomzodlik dissertatsiyalariga rasmiy va norasmiy opponentlik ham qilgan. Olim butun ilmiy faoliyati davomida turkiy tillarni, ayniqsa uyg‘ur tilini qiyosiy o‘rganish hamda hozirgi uyg‘ur adabiy tili ilmiy grammatikasining har xil sohalari bo‘yicha besh monografiya va qirqdan ortiq ilmiy, ilmiy-ommabop maqolalarni nashr ettirgan:
1. Имена действия в современном уйгурском языке. АКД. Москва, 1953.
2. Имена действия в современном уйгурском языке. “Наука” 1964. Москва.
3. Hozirgi turkiy tillarda harakat nomlari(o‘zbek, uyg‘ur, qozoq va qoraqalpoq tillari materiallari asosida). Toshkent, “Fan” 1969.
4. Hozirgi turkiy tillarda sifatdoshlar (o‘zbek, uyg‘ur, qozoq va qoraqalpoq tillari materiallari asosida). Toshkent, “Fan” 1974.
5. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston turkiy tillari leksikasidan tadqiqot (hamkorlikda), Toshkent, “Fan” 1990 yil.
6. Hozirgi zamon uyg‘ur tilidagi zamon kategoriyasi haqida. Вопросий казахского и уйгурского языкознания, Алма-Ата, 1963.
7. Формы наклонения в совремменом узбекском и уйгурском языках. Языкознанение (Тезисы докладов и собщений. ), Ташкент, 10-12 сентября 1980 г. Ташкент, “Фан”, 1980, 250-251 бетлар.
8. Sifatdoshning qat’iy kelasi zamon formasi, - “O‘zbek tili va adabiyoti”, 1978, № 1, 62-66 betlar.