O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy o‘quv kurslari Sudlarda prokuror vakolatini ta’minlash kafedrasi o‘qituvchisi Miraxmedova Nilufar Ahmatovna pedagogik va ilmiy faoliyatini birgalikda olib borayotgan, intiluvchan, izlanuvchan olima ayollardan.
Ayol... U jamiyatda qay mavqeni egallamasin, kaysi soha egasi bo‘lmasin hamisha har tomonlama go‘zal bo‘lib qolaveradi... Bu ayolga boqsangiz kasbiga mos bo‘lgan ichki qat’iyat, iroda, chehrasidagi latofat, maftunkorlik bilan uyg‘unlashib o‘zgacha viqor baxsh etadi. Unga havas bilan boqadilar, suhbatlashgach esa shirin muomalasidan, ilmiy salohiyatidan, ko‘p qirrali qiziqishlaridan darak beruvchi chukur mulohazaridan ko‘nglingiz to‘ladi, kayfiyatingiz ko‘tariladi. Nilufar Ahmatovna ana shunday siyrati va surati go‘zal olima ayol...
Nilufar Mirahmedova 1990 yilda Toshkent Davlat Pedagogika universitetiga o‘qishga kirib, 1995 yilda oliy ma’lumotga ega bo‘ldi. Dastlabki ish faoliyatini shu yildan boshlab, 2002 yilgacha maxsus nutq muassasalarida pedagog sifatida olib bordi.
2004 yilda Namangan Davlat universitetining Huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirib, ushbu yo‘nalishda 2007 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tugatdi va oliy huquqshunos ma’lumotiga ega bo‘ldi. 2010 yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining magistratura bo‘limini tamomladi.
Nilufar Mirahmedova ushbu 2002 yildan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Qonunchilikni mustahkamlash muammolari va prokuror tergov xodimlari tajribasini oshirish Markazida laborant - kotibasi, 2003 yildan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Qonunchilikni mustahkamlash muammolari va prokuror - tergov xodimlari tajribasini oshirish Markazi katta laboranti, 2005 yildan Markaz ilmiy xodimi, 2008 yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Oliy o‘quv kurslari sudlarda prokuror vakolatini ta’minlash kafedrasi o‘qituvchisi lavozimlarida ishlab kelmoqda. Nilufar Mirahmedova mehnat vazifalarini vijdonan va namunali bajarganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan 2008 yilning 25 avgustida “Tashakkurnoma” bilan mukofotlandi.
Nilufar Ahmatovnaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2014 yil 29 maydagi buyrug‘iga ko‘ra, “1 - darajali huquqshunos” unvoni berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya komissiyasining 2014 yilning 27 may kungi 5 - sonli Axborotnomasida fuqarolik huquqi; oila huquqi; fuqarolik protsessi; xalqaro xususiy huquq ixtisosligi bo‘yicha “Fuqarolik sudi ishlarini yuritishda prokuror ishtiroki” doktorlik dissertatsiyasi mavzusi tasdiqlandi. Hozirda shu mavzu ustida ish olib bormoqda.
Olimaning bugungi kunga qadar huquqiy yo‘nalishdagi 50 dan ortiq maqolalari va bir necha qo‘llanmalari ommaviy axborot vositalarida chop etilib, keng omma e’tiboriga havola etilgan.
“Fukarolik protsessida prokuror ishtirokini takomillashtirish: miliy qonunchilik va xorijiy tajriba”, “Fuqarolik protsessida prokuror ishtiroki: qiyosiy - huquqiy tahlil”, “Fuqarolik sud ishlarini yuritishda prokurorning vazifalari va ishtirok etish asoslari”, “Fuqarolik sud ishlarini yuritishda prokuror ishtirokining asoslari”, “Prokurorlarning fuqarolik sudlaridagi ishtirokiga oid huquq va majburiyatlari hamda ularning axloq - odob qoidalari “, “Fuqarolik protsessida prokuror vakolatlarini takomillashtirish yo‘nalishlari”, “Fuqarolik protsessida prokuror ishtiroki: usullari, asoslari va vakolatlari”, “Fuqarolarning murojaatlari inson huquqlarini ta’minlash asosi”, “Prokuratura organlari xodimlarining nutq madaniyati”, “Prokuror nutqining axloqiy jihatlari”, “Qonun ustuvorligini ta’minlashda prokuror kasbiy burchi va vazifalari”, “Prokuror nutqi hamda muomala madaniyatini takomillashtirish uslublari” kabi maqolalar shular jumlasidandir.
Shuningdek, 2008 - 2014 yillarda “Prokuratura organlari xodimlarining nutq madaniyati”, “Prokuror nutqining axloqiy jihatlari” nomli maqolalari davriy nashrlarda ham e’lon qilindi.
Nilufarxon oilali, hozirgi kunda ikki nafar farzandning onasi.