Mirzaabdullaeva Munojatxon
Mirzaabdullaeva Munojatxon 1949 yili 30 dekabrda Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumani Qayki qishlog‘ida tavallud topgan. 1970 yili Andijon pedagogika bilim yurtini, 1973 yili Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining pedagogika va pisixologiya fakultetini tamomlagan. Namangan Pedagogika bilim yurtida o‘qituvchi bo‘lib ishlash bilan bir qatorda, Moskva Pedagogika fanlari akademiyasi Maktabgacha tarbiya ilmiy tadqiqot instituti aspiranturasida tahsil olgan. 1984 yili «Besh yoshgacha bo‘lgan bolalar mehnat faoliyati jarayonida o‘zaro yordam munosabatlarini shakllantirish» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Namangan Pedagogika bilim yurtida bo‘lim boshlig‘i, 1987 yildan Namangan Davlat pedagogika institutida kafedra mudiri, 1988 yildan boshlab hozirgacha pedagogika fakultetining dekani vazifalarida ishlab,29 yildan buyon yoshlarga pedagogika kasbining sir asrorlarini o‘rgatib kelmoqda. Munojatxon Mirzaabdullaeva
29 ga yaqin ilmiy maqola va risolalarning muallifi hisoblanadi.
M.Mirzaabdullaeva o‘zi faoliyat yuritayotgan Namangan Davlat universitetida «Talabalar qo‘g‘irchoq teatri», «Talabalar ilmiy tadqiqoti» kabi markazlarining tashkilotchisi. Uning raxbarligidagi bir necha talaba Navoiy nomidagi stipendiya sovrindori, besh nafar talaba esa respublika olimpiadasining g‘olibi bo‘lgan.
U qator aspirant va ilmiy tadqiqotchilarning rahbari, ko‘plab nomzodlik ishi dissertantlarining opponentp sifatida qatnashgan. U rahbarlik qilayotgan fakultetda mutaxassis tayyorlash sifati ancha yuqori, ya’ni o‘zlashtirish 98,6 foizni tashkil etadi.
Ushbu ko‘rsatkichlarni o‘qiyotgan kitobxon Munojatxonning yelib-yugurishlarini bir ko‘z oldiga keltirsa, degandik. Oilaning ustuni bo‘lmoqliq, bolalarni oq yuvib-oq tarab, erining ko‘nglini olmoqlik osonmi. Hatto uyqu oldidan ertaning rejasini o‘ylab, kamu ko‘stini xayolda to‘ldirib, barida ming bitta orzu-umid undirib tong ottirishning o‘zi bo‘lmasov... Bundan tashqari yana shu ayol davlat ishida ishlasa, yana rahbar bo‘lsa, yana shashtining zo‘ridan jamiki ishlarini uddalasa. Katta yurak kerak buning uchun. Odamlarni sevguchi bir katta yurak!
Yuqoridagi xizmatlari uchun M.Mirzaabdullaeva O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rga ta’lim vazirligi, Respublika kasaba uyushmalari fsderatsiyasi, Namangan viloyati hokimligining bir necha faxriy yorliqlari bilan mukofotlangan.
M.Mirzaabdullaeva oilali, ikki farzandning onasi. Turmush o‘rtog‘i — pedagogika fanlari nomzodi, dotsent A.Ziyadullaev Namangan Davlat universitetida ishlaydi.