Raqamlar bilan ishlaydigan insonlar juda sinchukov bo‘lishadi. Ular uchun hayotda mayda narsaning o‘zi yo‘q. Gulsum Murodova oilada ham, ishda xam o‘ta e’tiborliligi bilan ko‘pchilikdan ajralib turadi.
Gulsum Murodova 1967 yil 14 yanvarda Samarqand viloyati Oqtosh shahri Zaleniya qo‘rg‘onchasida tug‘ilgan.
Dadalari Abdurahmon Nasriddinov 1926 yilda tug‘ilgan. Uzoq yillar savdo sohasida samarali faoliyat olib borgan.
Onalari Norbuvi Nasriddinova uy bekasi bo‘lgan.
Gulsum Murodova to‘rt nafar farzandli oilada voyaga yetdi. Bugun opa - ukalarining hammasi turli kasblarni egallab, hayotda o‘rinlarini topishgan.
Gulsum Abdurahmonovna 1974 yilda o‘zi tug‘ilgan Zaleniya qo‘rg‘onchasidagi 6 - o‘rta maktabning 1 - sinfiga o‘qishga boradi.
1984 yilda o‘rta maktabni “a’lo” baholarga tugatdi. 1985 yilda Samarqand shahridagi savdo texnikumining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirdi.
- Savdoda ham o‘ziga xos romantika bor. Bir kunda qancha odamlar bilan muomala - munosabat qilishga to‘g‘ri keladi. Har birining o‘ziga yarasha fe’l - atvori, qiziqishlari bor. Har bir odamni o‘rgana borib dunyoni, hayotni anglasa bo‘ladi, - deydi Gulsum Abdurahmonovna.
U mehnat faoliyatini talabalik davridayoq boshladi.
1984 yildan 1987 yilgacha Narpay tumanidagi mehnat staji ma’lumotlar markazi operatori vazifasida faoliyat olib bordi.
1987 yildan to 1997 yilgacha Narpay tuman non kombinatida hisobchilik qiladi.
Har qanday bosib o‘tilgan yo‘l inson hayotida iz qoldiradi. Gulsum Abdurahmonovna ham vaziyat taqozosi bilan Narpay tumanidagi Oqtosh savdo ishlab chiqarish korxonasida, Xatirchi neft bazasida, “Nurobod neftbaza” UK Zirabuloq filialida o‘z sohasi bo‘yicha faoliyat olib bordi. Halol, hisob - kitobi aniq hisobchi ishlagan joyda baraka bo‘ladi. Gulsum Abdurahmonovna ham g‘ayrat bilan ishlagan, yuragining bor quvvatini bergan 1997 - 2010 yil¬lar oralig‘ini mehr, qoniqish bilan eslaydi.
U hozirgi paytda “Navoiy neft bazasi” UK Xatirchi filiali hisobxona bo‘limida FYoTShlar hisobchisi vazifasida faoliyat olib boradi.
- Avval 2010 - 2013 yillar orasida ham shu korxonada 3 - toifali mutaxassis, 2 - toifali mutaxassis, bosh hisobchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat olib borganman.
Ish tarzi tanish. Shuning uchun qiynalmay ishlayapman. Ayol kishi - uy odami, degan fikrga u qadar ham ko‘shilavermayman. Ayol ishlashi kerak, jamiyat bilan bog‘lanib yashashi zarur. Shundagina farzandlarining ham dunyoqarashi keng bo‘ladi, - deydi Gulsum Abdurahmonovna. U oilada o‘zining fikrlariga amal qiladi.
Turmush o‘rtog‘i Maxmud Murodov bir necha yillar Narpay tumani mehnat bandlikni ta’minlash bo‘limida bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishlagan.
Sharofatxon, Ruxshona, Abror ismli farzandlari bor.
- O‘tgan yil to‘ng‘ichimizni uzatdik. To‘y ko‘rdik, quda - andali bo‘ldik. Nasib qilsa, bobo - buvilik baxtiga ham yetarmiz. Birovdan oldin, birovdan keyin, deganlariday halol mehnat bilan yashadik. Izimizga qayrilib qaraganda, umr bekatlarimiz ko‘nglimiz ravshanligidan yorishib turadi, - deydi Gulsum Abdurahmonovna halim ovozda.