
Hamma ham bolalarni suyadi, ularni erkalaydi, kulgusidan bahra oladi. Aqida Valiyevnaga qarab esa, hech kim bolalarni ularchalik sevmasa kerak, deb yuborging keladi. Chunki u bemor go‘dakni ko‘rsa, u bilan birga dard chekayotgandek bo‘ladi. Uning joniga oro kirgisi, dardidan forig‘ qilgisi keladi. Go‘dakning, umuman bolalarning ochiq chehrasini ko‘rish Aqida Murodxo‘jayeva uchun katta baxt sanaladi.
Aqida Valiyevna 1954 yilda tug‘ilgan. U hayotda tabobat ilmini tanlagan. Tabobat yo‘li bolalar olamaning mas’ul soqchisidek tuyulgan unga. Shu sababli bo‘lsa kerak, maktabni bitiriboq Toshkent Davlat Meditsina institutini tanlagan. Ehtiyoj va ixlos uni necha - necha dovonlarni bosib o‘tishga chorlagan.
Aqida Valiyevna mehnat faoliyatini Toshkent Pediatriya Tibbiyot institutida boshladi. 1978 - 1987 yillarda gospital pediatriya kafedrasida klinik ordinator va assistentlik lavozimida ishladi. 1987 - 1992 yillar davomida 2 - bolalar kasalliklari kafedrasi assistsnti, 1992 yildan boshlab fakultetning pediatriya kafedrasi mudiri vazifasida hizmat qilib kelmoqda.
A.V.Murodho‘jayeva 1988 yilda katta bir ilmiy ishiga yakun yasadi. “Maktabgacha yoshdagi sog‘lom bolalarning oshqozon osti bezining tashqi sekretor faoliyati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Bir yerda to‘xtab qolish Aqida Valiyevnaga xos xususiyat emas. U yana yangi mavzu tanladi va ilmiy ishini davom ettirdi. Bu ish ham bolalar taqdiri bilan bog‘liq edi. Shunday qilib u 1999 yilga “Bolalarda surunkali novirusli gepatit” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
A.V.Murodxo‘jayeva sog‘liqni saqlash tiziminnng turli muammolari, bolalar kasalliklarining turli bo‘limlariga bag‘ishlangan 40 dan ortiq ilmiy maqolalar, 20 dan ortik o‘kuv - uslubiy ko‘rsatmalar, 10 dan ortiq tezislar muallifidir. Olima “Bolalarda oshqozon osti bezi kasalliklari” mavzusida monografiya tayyorlab, chop ettirgan. Uning ilmiy ijodiyoti hozirda institutning klinik kafedralari va talabalar tomonidan keng foydalanilmoqda. Aqida Valiyevna nashrga tayyorlagan “Pediatriya darsligi” yirik ko‘llanma xisoblanadi.
Xozirgi kunda u kafedra mudiri lavozimidan tashqari, maxsus ilmiy kengash a’zosi, “Pediatriya” ilmiy - amaliy jurnalining mas’ul kotibi lavozimlarida ham faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. A.V.Murodxo‘jayeva ilmiy - pedagogik faoliyat bilan bir qatorda “Oshqozon - ichak surunkali kasalliklari” yo‘nalishi bo‘yicha xam ilmiy izlanishlar olib bormoqda, fan nomzodlari tayyorlamoqda.