Farg‘ona davlat universitetining pedagogika kafedrasi mudiri Nilufarxon O‘rinova Farg‘ona tumanining Vodil qishlog‘ida muhandis –ijodkorlar-memlr Muhammadjon aka, taniqli shoiri Enaxon Siddiqovalar oilasida tavallud topdi.
Oilaning eng boy xazinasi kitoblar olamida, tafakkuru hayratga asir bo‘lib ulg‘aygan Nilufarxon bolaligidanoq «Katta bo‘lsam albatta, men ham kitob yozaman», degan orzular qanotida parvoz qilardi. Ota-onasidan qon-qoniga singigan ijod ishqi bois qo‘liga qalam tutib, she’r, hikoyalar yozib yurdi, lekin keyinchalik taqdir uni ilm gulshanining sehrli olamiga yetakladi.
Tumandagi 4-o‘rta maktabni «oltin medal» bilan tamomlagach, farg‘ona davlat universitetining kimyo fakultetiga o‘qishga kirdi. Oliygohda o‘qish jarayonida pedagogika fanlari nomzodi, mohir suxandon Bashorat Fozilova izidan borishga azmu qaror qildi. Universitetni tugatgach, opaga shogird tushdi, ilm dargohiga tadqiqotchi vazifasiga ishga qabul qilindi. Orzu-maqsadlari ijobat bo‘lib, ziyoli, ma’rifatli oilaga kelin bo‘lib tushdi. Qaynotasi, matematika fanlari doktori, professor Ahmadjon aka O‘rinov uning ilmiy izlanishlari, tadqiqot ishlari uchun moddiy-ma’naviy sharoitni yaratib berdi. Qaynonasi Ra’noxon opa mehridaryolik bilan birin-ketin tug‘ilgan farzandlarini bir oylik chaqaloqligidayoq bag‘riga olib, uni ishga, aspiranturaga kuzatdi, kelinlik, mahbubalik vazifasini, ilmiy ishini birday olib borishiga ruhiy suyanch bo‘ldi.
2005 yili Nilufar Muhammadovna ko‘p yillik izlanishlari samarasi o‘laroq nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqladi, ustozlari e’tiboriga tushdi.
Bugun u olima sifatida maqolalar, ishlanmalarning muallifi. Pedagogika kafedrasi mudiri sifatida o‘zining butun salohiyati, tashkilotchilik sa’y-harakatini mazkur sohaga innovatsion texnologiyalar, fanning ilg‘or yangiliklarini olib kirish, pedagogik o‘qitishning sifat va samaradorligini yaxshilashning ta’sirchan, zamonaviy uslublarini amaliyotga joriy qilish, bu masalaga kafedra olimlarini kamarbasta etishga sarflamoqda.
U har tong uch farzandning birini maktabga, ikkisini bog‘chaga kuzatib, turmush o‘rtog‘i, iqtisod fanlari nomzodi, iqtisod kafedrasi mudiri Akmaljon bilan qadrdon dargohi tomon oshiqar ekan, shu yurtning dilbandlari sifatida kaftida tutib, cheksiz imkoniyatlar yaratayotgan buyuk Vatanda, dorilomon zamonda yashayotganiga shukronalar aytadi.