
Siz so‘lim Baxmal qishlog‘i haqida eshitganmisiz?
Yuz yillik buloqlari, jo‘shqin soylari, bepoyon qir va adirlari haqida - chi?
Xuddi jannatga tushib qolgandek bo‘lasiz, o‘ziyam.
Agar hech bormagan bo‘lsangiz o‘sha maskan tabiati haqida Izzatoydan bir so‘rab ko‘ring - a!
Izzatoy Pardayeva biz ta’riflagan Baxmal qishlog‘ida tug‘ilib voyaga yetdi. Jizzax viloyatining Baxmal tumanida joylashgan bu qishloq juda go‘zal. Serviqor tog‘lar, atlasrang bog‘lar, yam - yashil qirlarning chiroyi uning qalbida nafosat chirog‘ini yoqdi, tabiatga oshna qilib qo‘ydi. Tabiatga oshiq bo‘lganlar esa xuddi Izzatoy kabi butun olamga ezgulik sog‘inib yashashadi.
1981 yil edi. Izzatoy onasi Oysafar ayadan, dadajonidan “oq fotiha” olib Sirdaryo pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirdi. Uning yagona orzusi dadasi xohlagandek oliy ma’lumotli muallima sifatida qishloqqa yorug‘ yuz bilan qaytish edi. 1984 yil orzusi ushalib, o‘zi tahsil olgan Sayxunobod tumanidagi 17 - o‘rta maktabga o‘qituvchi bo‘lib ishga joylashdi.
Izzatoy Pardayeva 1986 yilda Guliston davlat universitetida ish boshladi, o‘zbek tilshunosligi sirlariga shu joyda ishlayotganida yanada ko‘proq qiziqdi. Ayni o‘ttiz yoshi arafasida, ya’ni 1991 yilda O‘zFA Til va adabiyot institutining aspiranturasiga o‘qishga kirdi. Tirishqoq va nihoyatda mehnatkash, intiluvchan Izzatoy 1994 yili nomzodlik ilmiy ishini himoya qildi.
Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Izzatoy Pardayevani ko‘pchilik samimiy va mehribon ustoz sifatida hurmat qilishadi. U bir necha yillar universitetning “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasi mudiri bo‘lib ishladi. O‘zbek tilshunosligi masalalariga oid 50 dan oshiq maqola, 7 ta o‘quv uslubiy majmua chop ettirdi. Olima aslo horimaydi. “O‘zbek tili zargarlik terminologiyasi” mavzuidagi o‘quv qo‘llanmasi esa talabalar tomonidan sevib mutolaa qilinadi.
Izzatoy Xolbo‘ta qizi oilada fidoiy ona, 5 yil qizlariga “el koriga yaraydigan inson bo‘linglar” degan gapni ko‘p ta’kidlaydi.
- Umr ko‘z ochib yumgunchalik qisqa vaqt. Ulgurish va faqat intilish lozim, - deydi u. - Oila, farzand va jamoat ishlari bir - birini to‘ldiradi. Ayni paytda “Sirdaryo viloyati shevalari lingvistik tahlili” mavzusidagi ilmiy ishni davom ettirmoqdaman.
Izzatoy ochiq chehrali ayol. Hayotdagi shiori shunday: maqsad sari dadil borish! Shu jasurligi, intiluvchanligi uchun uni yon atrofidagilar yanada ko‘proq izzatlashadi.