Bu ko‘zlarda mehr porlaydi, ular go‘yo sizga : “Qani aytingchi , nima dardingiz bor ?” deyayotgandek tuyuladi. Baxtiyor dilingiz taskin topadi, o‘zingizni qiynayotgan xastalikka davo topishingiz, undan forig‘ bo‘lishingizga ishonib yengil tortasiz...
Aytmoqchi, bu ayolning chehrasi sizga oynai jahon orqali yaxshi tanish bo‘lsa ajabmas. U O‘zbekistan televideniesi “Salomat bo‘ling” ko‘rsatuvining boshlovchisi sifatida tansihatlik sirlaridan so‘z ochadi, har birimiz uchun aziz bo‘lgan sog‘ligimizni asrash, xastaliklarning oldini olish bo‘yicha qimmatli maslahatlar beradi.
Uning hayot yo‘li bir umrga tibbiyot bilan bog‘langan.
Dilbar Rasulova 1965 yili Toshkent shaxrida tavallud topdi. Otasi Kamoliddin aka o‘qimishli, ziyoli inson bo‘lib, besh farzandining barchasini ilmli qilib voyaga yetkazdi. Xonadon bekasi Muhayyo opa o‘zi tibbiyot xodimi, buning ustiga shifokorlar sulolasi vakili bo‘lganidanmi, qizlari ham bolalikdan bu kasbga mehr qo‘yishdi. Dilbar 1982 yili Toshkentdagi 9 - o‘rta maktabni tugallab, Toshkent davlat tibbiyot institutining (hozirgi Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi) davolash fakultetiga hujjatlarini topshirdi. 1988 yili institutni imtiyozli diplom bilan bitirib, birinchi klinik shifoxonaning asab kasalliklari bo‘limida nevrologiyadan internaturam kirdi. Poytaxtimizdagi bu nufuzli klinika uning uchun haqiqiy tajriba maktabini o‘tadi. Bu yerda u shifokor kasbi mas’uliyatidan saboq oldi, amaliy ish ko‘nikmalari shakllandi.
Mehnat faoliyatini esa Toshkent to‘qimachilik kombinatining tibbiyot sanitariya qismida nevropatolog sifatida boshladi. Bu yerdagi ikki yillik faoliyati davomida uning malakasi oshdi, toblandi va tajribali shifokor bo‘lib yetishdi. Amaliyot Dilbarxonga nazariy bilimlarini mustahkamlash, tibbiyot sohasida tadqiqotlar olib borish uchun zamin yaratdi. U yana qadrdon institutiga, asab kasalliklari kafedrasiga qaytdi va assistent bo‘lib ishlay boshladi, ayni paytda tibbiyot fanlari nomzodligi dissertatsiyasini yoqlash uchun tadqiqotlar olib borishga kirishdi. Tibbiyot shunday sohaki, uni amaliyotsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Amaliyotda orttirilgan har bir tajriba xalq salomatligini asrashga xizmat qiladi. Dilbarxon xam tadqiqotlarini amaliy ish jarayoni bilan birgalikda bog‘lab olib bordi. Toshkent davlat tibbiyot institutining 1 - klinikasi bolalar poliklinikasida nevropatolog lavozimida qanchadan - qancha bolalar dardiga darmon bo‘lmadi, deysiz. Ayniqsa, 1998 yili bu shifo maskani xududida bo¬lalar nevrologiyasi bo‘limi ochilgach, uning ishi yana ham ko‘paydi, mas’uliyati oshdi. Eng muhimi bu yerda shifokor sifatida olib borgan faoliyati uning nafaqat amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladi, balki tibbiyot sohasidagi tadqiqotlarini ham yanada mukammallashtirdi.
Umr - oqar suv, deganlari rost. Yillar qanday o‘tganini ham sezmay qoladi kishi. Faqat hayot yo‘llarida amalga oshirilgan samarali ishlar bu yillar salomatligidan darak beradi. Dilbar Rasulova bugungi kunda 24 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan oliy toifali shifokor. Necha xasta dillarni yorishtirib, dardlarga malham berib, el ichra hurmat - ehtiromga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimizdan biri. Aytmoqchi, 2007 yili ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlari o‘z samarasini berdi: U “Diagnostikaning klinik - neyrosonografik jihatlari, ishemik entsefalopatiyaning gipoksik prognozi va davolash” (“Kliniko neyrosonograficheskiy kriterii diagnostiki, techeniya i prognoza gipoksicheski ishemicheskoy entsefalopatii”) mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Shu o‘rinda uning 20 dan ortiq ilmiy ishlari chop etilganini ham qayd etish kerak. Respublikamiz va dunyoning turli mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan qator konferentsiyalar va ilmiy anjumanlarda ishtirok etib, yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’ruzalar qildi.
Albatta, inson baxtini, ayniqsa, ayolni uning oilasisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Dilbar Rasulova bir baxtli xonadon sohibasi, uch farzandning onasi. To‘ng‘ich o‘g‘li Mahmudjon va qizi Irodaxon onalari kasbini tanlashgan - hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasi talabalari. Ikkinchi o‘g‘il - Jamshidjon esa irrigator.
To‘ng‘ich o‘g‘li - Mahmudjon hayotda o‘z juftini topgan. Xonadonga kelin bo‘lib tushgan Kamolaxonni Dilbarxon o‘z qizidek ko‘radi, bir qizim ikkita bo‘ldi, deb suyunadi. Yaqinda uch yoshga to‘lgan nevara - Oqilxon esa buvijonisining joni dili.
Nasib etsa, bu yil Jamshidjonni ham uylantirish harakatidamiz, deydi Dilbarxon.