“Mening qizim katta bo‘lsa albatta , doktor bo‘ladi”. Madaniyat xodimi bo‘lgan rahmatli Yelenes aka o‘rtancha farzandi Hamidani boshqacha ko‘rar, uning o‘tkir zehni, bilimga chanqoqligini rag‘batlantirib borar, uning boshini silab xuddi shu so‘zlarni aytar edi.
Uning uchun eng kadrli inson bo‘lgan otasining orzularini ro‘yobga chiqarish Hamida uchun sharaf edi. Bugun hamma havas qilarli kasbiy yutuqlarni qo‘lga kiritgan qahramonimizni nafaqat el, balki ota duosi ham ko‘llab turibdi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Hamida Rustamova 1961 yilda Qozog‘istonning Chimkent viloyatida tug‘ildi. 1986 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini tugalladi. Shu yili u institutning ijtimoiy gigiena va sog‘liqni saklashni tashkil etish kafedrasida stajer - tadqiqotchi sifatida faoliyat boshladi. So‘ng aspiranturada o‘qidi. 1991 - 1994 yillarda 1 - Toshkent davlat tibbiyot institutida kafedra mudiri, 1994 - 2005 yillarda kafedra dotsenti bo‘lib ishladi. 2005 - 2007 yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasi jamoat salomatligi, sog‘liqni saqlashni tashkil etish va boshqarish kafedrasi dotsenti, 2007 - 2009 yillarda mazkur kafedra professori bo‘ldi. 2011 - 2015 yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasi oliy ma’lumotli hamshira fakulteti dekani sifatida xizmat kilgan bo‘lsa, hozirda mazkur akademiyaning “Jamoat salomatligi, sog‘likni saqlashni tashkil etish va boshqarish” kafedrasi mudiri.
Hamida Rustamova namunali faoliyat yuritish barobarida ilmiy izlanishlar ham olib bordi. “O‘zbekiston Respublikasida sil kasalligi epidemiologiyasi va uning oldini olish choralarini takomillashtirish” mavzusidagi doktorlik ilmiy ishini muvaffakiyatli yoqlab, professor darajasini egalladi. Shu kungacha O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmasi federatsiyasi va Sog‘likni saqlash vazirligi kasaba uyushmasining “Faxriy yorlig‘I” bilan taqdirlandi. “Sog‘likni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi.
- Sohada neki muvaffakiyatga erishgan bo‘lsam, bunda turmush o‘rtog‘imning hissasi bor, - deydi Hamidaxon. - Ikki farzandim doktorlik ishimni amalga oshirayotgan paytlarda dunyoga kelgan. Abdumannob akam yelkadosh bo‘lmaganida, menga yordam bermaganida, bugungi yutuqlarga erisha olmasdim. Ularning boriga shukur.
Ha, ayol hamisha yaxshilik ilinjida bo‘ladi. Uzi ham o‘zgalarga ezgulik ulashadi. Ikki qizni kamolga yetkazayotgan Hamida Rustamovaga faqat havas qilish mumkin. Maftuna Toshkent tibbiyot akademiyasi talabasi, Nafisa Jahon tillari universiteti qoshidagi 2 - akademik litsey o‘quvchisi.
Hamidaxon onalik kalbi ila talabalarga dars beradi. Har bir talabani farzandidek ardoklaydi. Ustozlik yarashgan, onalikdan baxt topgan kahramonimizning jamoadagi o‘rni katta. Ustozlari professor Bashir Mag‘zumov, akademiklar Abdujabbor Bobojonov, Abdulla Ubaydullaev, Turg‘unpo‘lat Daminov, Shavkat Karimovlardan olgan bilimlarini, o‘gitlarini amalga tatbik etib, obro‘ topyapti. Ayni paytda shogirdlari Qayum Suvonov, Dilfuza Komilova, Shahnoza Usmonovalar uning izidan borishyapti. Demak, Hamida Rustamova kabi jonkuyar tibbiyot xodimlarining safi yanada kengayadi, ular ko‘zlagan nurli manzillar ishonch bilan zabt etilaveradi.
Igna bilan quduq qazimoq ishin,
Kim ham hech qo‘rqmasdan yelkaga olar. Mashaqqatni yengmoq jasorat biling, Olimlar xizmati manguga qolar.
Ilm - ummon, undan qancha olgan bilan hech kamaymaydi. Olim esa ana shu ummondan ilm javohirlarini teradi. Ilmini insoniyat salomatligi uchun tuhfa etadi. Mehnati ortidan qadri oshadi, el - yurtga taniladi. Qahramonimiz Hamida Rustamova shunday ulug‘ ish uchun yaratilgan ajoyib ayol.