Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent
1933 yil 20 martda Andijon viloyati Andijon tumanida tavallud topgan. 1951 yilda Andijon tumanidagi 17 - o‘rta maktabni tamomladi. 1951 - 1955 yillarda Farg‘ona davlat pedagogika institutida tahsil olib, fizika - matematika fani o‘qituvchisi ixtisosligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomladi. Ish faoliyatini 1955 yilda o‘zi o‘qigan fakultetda o‘qituvchilikdan boshladi va 1960 yilda katta o‘qituvchi lavozimiga tayinlandi. 1963 yilda sirtqi aspiranturada ilmiy ish boshladi.
1962 - 1964 yillarda fizika fakulteti dekani, 1964 - 1968 yillarda fakultet dekani o‘rinbosari, 1979 - 1984 yillarda fizika o‘qitish metodikasi va mehnat talimi kafedrasi mudiri bo‘lib ishladi. Shu bilan birgalikda, Farg‘ona viloyati 82 - matematika maktab - interneti hamda Farg‘ona viloyat o‘qituvchilari malakasini oshirish instituti talim jarayonida o‘z maruzalari bilan faol qatnashdi.
1972 yilda professor D. I. Penner ilmiy rahbarligida “Metodika provedeniya laboratorniyx i prakticheskix zanyatiy po fizike pedagogicheskix institutax s primeneniem elementov programmirovannogo obucheniya” mavzusida ilmiy ishini himoya qildi va pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. 1978 yilda fizika metodikasi va mehnat ta’limi kafedrasi dotsenti ilmiy unvoni berildi.
M. Sobirov o‘z ish faoliyati davrida bir qancha ilmiy maqolalar, metodik tavsiyalar, o‘quv qo‘llanmalari chop ettirgan. O‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashgani, atrofidagi insonlarga sidqidildan munosabatda bo‘lgani hamda jamoat ishlarida faol ishtirok etgani uchun bir necha marta maqtov yorliqlari, tashakkurnomalar bilan taqdirlangan. 1996 yilda mehnat nafaqasiga chiqqan.
Ajoyib inson, mohir pedagog, tashkilotchi, mehribon ustoz M. Sobirov 1998 yili 65 yoshida vafot etgan.