Fizika fanlari nomzodi, dotsent
Farg‘ona davlat universiteti tarixida o‘ziga xos sahifa ochgan jonkuyar tashkilotchi , mohr pedagog, metin irodali, fidoyi ustoz sifatida tanilgan insonlardan biri fizika - matematika fanlari nomzodi, dotsent T. So‘fiyev edi. Uning suhbatidan yoki matematika dars mashg‘ulotlaridan bahramand bo‘lgan har bir talaba notiqlik madaniyati, ilmga muhabbat va pedagoglik mag‘orati bo‘yicha bir umrga o‘chmas saboq olardi. O‘zining fanga va kasbga fidoyiligi, bir so‘zliligi va qatiyatliligi , halolligi va rostgo‘yligi, mehnatsevarligi va har bir ishga o‘ta masuliyatliligi bilan hamkasblari va talabalar nigohida sir - sinoatga to‘la yuqori salohiyatli olim - ustoz darajasiga ko‘tarilgan inson edi.
T. So‘fiyev 1925 yilning 25 sentyabrida Farg‘ona tumanidagi Avval qishloq kengashiga qarashli O‘rikzor qishlog‘ida tavallud topgan. Qishlog‘idagi maktabni tamomlab, Farg‘ona davlat pedagogika instituti qoshidagi tayyorlov kursida tahsil oldi. Uni 1941 yili muvaffaqiyatli bitirib, Farg‘ona tumani xalq ta’limi boshqarmasiga qarashli boshlang‘ich maktabda ishladi. 1942 yilda olti oylik o‘qituvchilar tayyorlash kursida o‘qidi. 1942 - 1949 yillarda Avval qishloq kengashiga qarashli to‘liqsiz o‘rta maktabda o‘qituvchi, ilmiy bo‘lim mudiri vazifalarida ishladi. 1949 yili Farg‘ona pedagogika institutining fizika - matematika fakultetiga o‘qishga kirdi. Institutni tugatgandan so‘ng u matematik analiz kafedrasida o‘qituvchi lavozimiga ishga qoldirildi.
T.So‘fiyev o‘qituvchi, katta o‘qituvchi, 1958 - 1959 yillarda fizika - matematika fakulteta dekani lavozimida faol mehnat qildi. U differentsial tenglamalarning dolzarb muammolari bo‘yicha professor I. S. Arjaniyx ilmiy rahbarligida 1963 yili “Ko‘p o‘lchovli Lyame tenglamalari sistemalari uchun Koshi masalasini yechish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, fizika - matematika fanlari nomzodi ilmiy darajasiga, 1964 yili dotsent ilmiy unvoniga ega bo‘ldi. 1964 - 1971 yillarda matematik analiz kafedrasi dotsenti, 1971 - 1974 yillarda sirtqi bo‘lim prorektori, 1974 - 1975 yillarda institut siyosiy tashkiloti kotibi lavozimlarida ishladi. 1982 yildan boshlab institut o‘quv metodik kengashi raisi vazifasida faoliyat ko‘rsatdi. 1976 yildan umrining oxirigacha industrial - pedagogika fakulteti qoshidagi oliy matematika va chizmachilik kafedrasi mudiri sifatida mehnat qildi.
Undan saboq olgan qator shogirdlari ustoz izidan borib, ilm sohasida o‘zlarining munosib o‘rinlarini topdilar. Farg‘ona politexnika instituti fizika kafedrasi mudiri, fizika - matematika fanlari doktori, professor Nosirjon Yuldashev, FarDU fizika kafedrasi mudiri, fizika - matematika fanlari doktori, professor Rustamjon Rasulov, Fargona viloyat pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti “Ijtimoiy fanlar va ma’naviyat asoslari” kafedrasi mudiri, O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent (“Antique World” xalqaro ilmiy akademiyasining doktori) Tursunali Qurbonov, Andijon davlat universiteti dotsenti Ahmadjon Axdimirzayev, Farg‘ona davlat universiteti katta o‘qituvchilari Shoiraxon Mamasodiqova, Zumradxon Mamajonova, Vahobjon Xomidov, Shukrullo Jo‘raevlar shular jumlasidandir.
T. So‘fiyev o‘nlab ilmiy maqolalar, 2 ta o‘quv qo‘llanma (“Sonlar ketma - ketligi va uning limita”, Toshkent, “O‘qituvchi”, 1979.; “Maktabda matematik analiz elementlari”, Toshkent, “O‘qituvchi”, 1983) va bir nechta uslubiy ko‘rsatmalar muallifidir.