Xalq ichida “Erkak ilmli bo‘lsa farzandlar ilmli bo‘ladi, ayol ilmli bo‘lsa millat ilmli bo‘ladi” degan ibora bor. Chindan ham ziyoli ayollar nafaqat oilasining, balki millat taqdirini ham o‘ylab ilgariga odimlashadi, shu yo‘lda tinim bilmay izlanishadi. Aslida yurtimizda ilmu fan fidoyilari anchagina. Lekin butun hayotini ilmiy izlanishlarga baxshida etgan ayollar sanoqli. Siyosiy fanlar doktori E’tibor Sultanova ana shunday ayollardan biri. U bugungi kunda Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan Jahon iktisodiyoti va diplomatiya universitetining “Ijtimoiy gumanitar fanlar” kafedrasi professoridir. Ochig‘ini aytganda, bu ayolga havas qiladiganlar juda ko‘p...
E’tibor Sultanova 1951 yilda Toshkent shahrining Oqmachit mahallasida tavallud topgan. Oiladagi muhit uning ilmni sevishida katta rol o‘ynadi. Otasi Siddiqxo‘ja aka va onasi Karimaxon oyilar qizlariga “hamisha rostgo‘y bo‘l, atrofdagilarga sidqidildan yaxshilik qilgin, xayotingning har bir qadamida o‘z usting da ishla” deb uqtirishardi. Ularning o‘gitlari E’tiborxonning xotirasida muhrlanib qoldi. Shundan so‘ng o‘qish va izlanish yagona maqsadiga aylandi. O‘rta maktabni muvaffaqiyatli tamomladi. Shundan so‘ng Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) da tahsil oldi.
Dorilfununni imtiyozli tugatgach o‘zi bolalikdan orzu qilganidek o‘rta maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlay boshladi. Mehnat faoliyatining boshlang‘ich yillaridayoq jamoa hurmatini qozondi, ko‘pchilik ishonchiga sazovor bo‘ldi. O‘sha yillarda E’tiborxon Sultanova o‘z ustida tinmay ishlardi, izlanishlardan hech charchamasdi. Bu esa uni saodatli manzillar tomon yetakladi...
1979 yildan boshlab E’tiborxon Toshkent Temir yo‘l muhandislar institutida assistent sifatida faoliyat olib bordi. 1982 yilda nomzodlik ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qilgach falsafa fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi. 1986 - 1993 yillarda shu institutda mehnat faoliyatini davom ettirdi. O‘sha kezlarda mustaqillikning ilk yangiligi sifatida Jahon iqtisodiyoti va dimlomatiya universiteti tashkil qilinib, bu maskanga yetuk malakali mutaxassislar taklif etilayotgandi. Ular orasida E’tiborxon Sultanova ham bor edi. Ushbu nufuzli ta’lim muassasasida u dastlab boshqaruv institutining “Marketing” bo‘limi boshlig‘i, so‘ngra “Siyosatshunoslik” kafedrasi dotsenti, 1999 - 2005 yillarda esa “Siyosiy marketing, tashqi siyosat va diplomatiya” kafedrasi mudiri lavozimida xizmat qildi. E’tibor Sultanova 2006 yilda doktorlik ilmiy ishini muvaffaqiyatli himoya qilgach, “Ijtimoiy - gumanitar fanlar” kafedrasiga professor etib tayinlandi.
Yurtimizda o‘z kasbini jonu dildan sevadigan ajoyib ayollar borki, ularning fidoyiligi jamiyat rivojiga katta hissa bo‘lib qo‘shilmoqda. E’tibor Sultanova o‘z ilmiy ishlarining mazmun - mohiyatini ana shunday ayollar faoliyatiga qaratdi. Masalan u nomzodlik ilmiy ishini xotin - qizlar jamoat tashkilotlarining siyosiy tizimdagi o‘rniga bag‘ishladi. Doktorlik ilmiy ishida esa mustaqillik davrida ayollarning davlat strategiyasidagi o‘rniga alohida to‘xtaldi. E’tiborxon tanlagan bu mavzu qeyinchalik respublika miqyosida keng o‘rganilib, hatto shu borada amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Bir necha yildirki bunday tavsiyalar yurtimizdagi ilm maskanlarida tadbiq etib kelinmoqda.
Xalqimizda azal - azaldan “Ustoz – shogird” an’anasi davom etib kelyapti. Shu an’anaga ko‘ra E’tibor Sultanova ham universitetda ko‘plab yoshlarga ustozlik qiladi. U ko‘plab bakalavr, magistrant, aspirant va doktorantlarning ilmiy rahbaridir. Yoshlarning deyarli hammasi bu ustozlarining ma’ruza va amaliy saboqlarini juda qiziqib o‘zlashtirishadi. Ularga yuqori darajada siyosiy va falsafiy bilimlarni berishda E’tibor Sultanova doimo kuyinchaklik qiladi.
E’tibor Sultanova yon - atrofidagilarga do‘st, g‘amxo‘r va mehribon. Universitetdagi har bir ezgu ishda bu ziyoli ayolning nigohi, tashabbusi va xizmatlari sezilib turadi. Endilikda E’tibor Sultanova Respublika Olima ayollar uyushmasining rayosat a’zosi, Toshkent shahar “Olima ayollar” uyushmasi raisining muovini, “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti komissiyasining shahar bosqichidagi hay’at a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi respublika xotin - qizlar qo‘mitalari ishini muvofiqlashtiruvchi komissiya a’zosi, shuningdek Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xotin - qizlar qo‘mitasi raisidir. Bunday mas’uliyatli yumushlarda bosh - qosh bo‘larkan E’tibor Sultanova hamisha o‘z faolligi va iqtidorini namoyon etadi. Dolzarb masalalarda ko‘plab tadbirlarda qatnashadi. Ko‘zda tutilgan maqsad esa yanada jiddiy, ya’ni barcha xotin - qizlarni ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy jihatdan davlat siyosatida belgilangan maqsadlar sari tarbiyalash, ularni fuqarolik institutlarida, jumladan mahallalarda, nodavlat - notijorat tashkilotlarda, siyosiy partiyalarda faol bo‘lishga yo‘naltirish, shuningdek har bir jamiyatda dolzarb hisoblangan muammolar (masalan OITS, onalar va bolalar traffigi, terrorizm, diniy aqidaparastlik, yuqumli kasalliklar va ona - bola kamqonligining oldini olish, soglom nasl qoldirish singarilar)ga da’vat etishdan iborat.
- Bir vaqtlar ota - onam biz farzandlarga “kuchli va fidoyi bo‘linglar” deb nasihat qilardilar. Hammamizning oliy ma’lumotli bo‘lib, ilmiy unvonlar olishimizda ularning shu o‘gitlari qo‘l keldi. Chunki ota - ona ezgu - niyat yo‘lida talabchan bo‘lgan hollarda xonadondagi farzandlar albatta ilm fidoyisiga aylanadilar. Ayniqsa, men hayotda erishgan har bir muvaffaqiyatim uchun ilk ustozlarim hisoblangan ota - onamdan bir umr minnatdorman, - deydi olima.
Bir so‘z bilan aytganda E’tibor Sultanova el e’zozidagi olimadir. U ota - onasi, ustozlari o‘gitiga amal qilib yashadi. Umr yo‘ldoshining maslahatlari esa uning xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilishida qo‘l keldi, E’tibor Sultanova doimo qo‘llab - quvvatlagani, turmushda va ilm bilan shug‘ullanishida katta imkoniyatlar yaratib bergani uchun bu insondan doimo minnatdor bo‘ladi.
Ularning oilasida ikki farzand o‘sib ulg‘aydi, endilikda to‘rt nafar nabira kamol topmoqda. E’tiborxon Sultanova farzandu nabiralariga hamisha vaqt ajratadi. Bu xonadondagi totuvlik, barchaning havasini keltiradigan mehr - oqibat va ahillikda olimaning hissasi alohida.
E’tibor Sultanova qiz - juvonlarning tashvishu quvonchlari bilan yashaydi, ularning barcha sohada yetakchi bo‘lishlarini istaydi. Shu maqsadda har biriga jonu dildan ko‘maklashadi, amaliy yordamini ulardan ayamaydi. O‘zi ham ko‘p yillik xizmatlari evaziga yuqori tashkilotlarning Faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. Bundan ham muhimrog‘i, yurtimizdagi fidoyi olimalar safidan joy olib, el - yurtning ardog‘ida bo‘lib kelmoqtsa. E’tibor Sultanova haqida so‘z yuritar ekanmiz, ko‘nglimizdan shunday o‘y - fikrlar o‘tadi:
“Agar ayol barcha jabhalarda o‘z talanti va iqtidorini namoyon etsa, sevimli rafiqa, kamtarin inson, mehribon va bag‘rikeng ona hamda kuchli mutaxassis bo‘lsa - u jamiyatda ham tanilib, haqiqiy inson nomini oladi!”