Umarova Ra’no Oqilovna 1953 yili Toshkent shahrida tug‘ildi. 1961 yili o‘rta maktabga o‘qishga borib, uni 1971 yili a’lo baholar bilan tugatdi. Shu yili Toshkent Davlat universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. 1976 yili uni imtiyozli tamomlab, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi, filolog mutaxassisligini egalladi. Shu yiliyoq A. Navoiy nomli Adabiyot muzeyida, so‘ng qo‘lyozmalar institutida katta laborant bo‘lib ishladi. 1978 yildan ToshDU tabiiy fakultetlar falsafasi kafedrasida stajyor - tadqiqotchi bo‘ldi. 1980 — 1984 yillar davomida Ra’no Oqilovna ushbu kafedrada kunduzgi aspiranturada o‘qidi. 1984 — 1986 yillarda mazkur kafedrada kabinet mudiri lavozimida ishladi. 1986— 1996 yillarda II Toshkent Tibbiyot institutining Falsafa kafedrasida avval o‘qituvchi, so‘ng katta o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritdi. 1994 yili Ijtimoiy falsafa ixtisosligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 1996 yildan beri Toshkent Moliya institutining avval falsafa, so‘ng O‘zbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti kafedralarida katta o‘qituvchi, dotsent vazifalarida ishlab kelmoqda.
R. Umarova hammualliflikda “Sotsiologiya” o‘quv qo‘llanmasi, “Falsafa asoslaridan tekstlar to‘plami”, “Politologiya fanidan o‘quv dasturi” kabi bir necha o‘quv - uslubiy qo‘llanmalar va “Demokratiya — siyosiy hayot shakli sifatida” mavzusini talabalar ongiga yetkazish”, “Milliy istiqlol g‘oyasini ijtimoiy fanlarni o‘qitinda talabalar ongiga singdirilishining usullari va yo‘llari” kabi ilmiy maqolalari va tezislarini nashr ettirdi.