Xojimuhamedova Shoxida Ibragimovna 18 iyun 1959 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Iqtisod fanlari nomzodi, Toshkent irrigatsiya va meloratsiya instituti “buxgalteriya hisobi va audit” kafedrasi dotsenti.
Xalqimizda daraxt bir joyda ko‘karadi, degan naql bor. Bu maqol olima Shoxidaxon Hojimuxammedova faoliyatida o‘z tasdig‘ini topgan desak, xato qilmagan bo‘lamiz.
Professor Qumri Abdullayeva maktabida tahsil olgan, atoqli olima nazariga tushgan a’lochi qiz Shohidaxon maktabni tugatgach, hujjatlarini hech ikkilanmasdan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalash institutiga topshirdi.
- Qizim, shaharning qoq markazida tug‘ilgan bo‘lsang, nega endi qishloq xo‘jalik sohasini tanlading? - hayron bo‘ldi ayasi Dilorom opa. - Yana Gidrotexnika inshootlari fakultetining “Suv xo‘jaligini boshqarish va uning iqtisodiyoti” yo‘nalishiga - ya?!
- Oyi, balki butun O‘zbekistonga suvni shu qizingiz taqsimlab berar, Amudaryo, Sirdaryo suvlarini Toshkentga burib yuborar, - hazillashdi opasi Shoiraxon.
- Nega endi Toshkentga, bu daryo suvlarini ortiqcha isrof qilmasdan Orolga yetishini ta’minlashga hissa qo‘shaman. Ana shunda nafaqat O‘zbekiston, balki butun O‘rta Osiyo yerlari gullab yashnaydi, chunki suv, ayniqsa ichimlik suvi bugungi kunda butun dunyoda tanqis bo‘lib boryapti. Bunga esa oqar suvlardan ko‘r - ko‘rona, palpartish foydalanish sabab bo‘lmoqda, - huddi imtihonda javob berayotgandek burro - burro gapirdi Shohidaxon. - Hatto non uvoli, suv uvolini yaxshi biladiganlar, ko‘ni - qo‘shnilarimiz ham vodoprovod suvlarini gulzorlariga, bog‘lariga oqizib qo‘yishgan. Men ana shularni nazoratga olishim kerak, deb hisoblayman.
- Ha, sen buni eplaysan, omadingni bersin. Alloh niya- tingga yetqazsin, ona qizim. Suvdek aziz bo‘lgin, - suhbatga qo‘shilgan Ibrohim aka qizini duo qildi.
Dildagi ezgu niyat, ota duosi ijobat bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay Shohidaxon institutning faol talabasiga aylandi. 1981 yilda esa institutni imtiyozli diplom bilan tamomladi. Ustozlar bilimdon shogirdlarini yonlarida qolib, birga ishlashga taklif qilishdi. U “Suv xo‘jaligini boshqarish va iqtisodiyoti” kafedrasida assistent bo‘lib ish boshladi. Shohida talabalarga dars berar ekan, ilmiy izlanishni davom ettirishga qaror qildi. Aspiranturada o‘qidi. Katta o‘qituvchi bo‘ldi. Bu orada ko‘ngliga ma’qul yigitga turmushga chiqdi. Qaynonasi Bunisa opaning suyukli, chaqqon keliniga aylandi. Kelinimda o‘n yigitning g‘ayrati bor. U katta ro‘zg‘orni ham eplaydi, qaynota - qaynonasini ham ko‘nglini oladi. Shunday kelinimga nega endi yordam bermasligim kerak ekan”, - u eri va o‘g‘liga Shohidaxon ishini davom ettirishi kerakligini tushuntirdi. Biri - biridan do‘mboq Otabek va Oybek nabiralari tarbiyasini o‘z zimmasiga oldi. Kelini ba’zan ishdan, majlisdan kechikib kelib, xijolat bo‘lganda, - men uncha-muncha emas, olima kelinning qaynonasiman. Siz xijolat bo‘lmang, - deb dalda berdi. O‘zi tayyorlagan tansiq taomlarni ham, keliningiz pishirdi, qo‘li shirinda, deb eriga maqtadi.
Bu mehrdan, bu ishonchdan esa Shohidaxonning ko‘ngli o‘sdi, g‘ayrati jo‘shdi. Tunlarni tongga ulab ilm o‘rgandi, izlandi, 2005 yilda “O‘zbekiston Respublikasi fermer xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirishning tashkiliy iqtisodiyot asoslari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab qaytgan kuni o‘g‘illarini olib to‘g‘ri qaynonasi qabriga bordi. “Bu sizning ko‘magingiz, bu sizning orzularingiz ijobati oyijon”, - deb bir quchoq gulni qabr boshiga qo‘ydi. Minnatdorlik so‘zlarini duosiga qo‘shib o‘qidi.
Ota - onalari, ustozlari duosini olgan Shohida Ibragi - movna mehnatidan baxt topdi. Qadrdon institutida unib o‘sdi, obro‘- e’tibor qozondi.
Dotsent Sh.Xojimuhamedova 70 dan ortiq ilmiy - uslubiy ishlarni amalga oshirdi. Mehribon, ammo talabchan ustozning “Soliqlar va soliqqa tortish”, “Pul, kredit, banklar” kabi o‘ta dolzarb va qiziqarli fanlarini bakalavrlar, “Banklarda buxgalteriya hisobi” fanini magistrlar bajonidil o‘rganishmoqda. Ustozlariga munosib bo‘lishga intilayotgan shogirdlari Respublika miqyosida o‘tkazilgan fan olimpiadasi g‘oliblari bo‘lishdi. Institut va fakultet ravnaqiga bor ilm va mahorati bilan hissa qo‘shayotgan Shohidaxon institut xotin - qizlar qo‘mitasi raisi muovini sifatida iste’dodli talaba va aspirantlarni qo‘llab - quvvatlasa, fakultet murabbiylari kengashi raisi sifatida hamkasblariga qo‘lidan kelgan yordam va maslahatlarini ayamaydi.
Mana 35 yildirki, Shohida har tong uni barkamol inson, yetuk olima, mehribon ustoz sifatida elga tanitgan, yoshlikdagi orzularini ro‘yobi uchun pillapoya bo‘lgan qadrdon go‘shasini sog‘inib, ko‘z ochadi, uni intiq kutayotgan hamkasblari, qadrdonlari huzuriga yangi kuch - g‘ayrat va rejalar bilan yo‘l oladi.