Lola Saidkarimovna Ziyodullayeva sharqshunos olima, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent.
1949 yil 4 fevralda Toshkentda ziyoli oilasida tug‘ilgan. 1966—1971 yillar Toshkent Davlat universiteti sharq fakultetining tarix - iqtisod bo‘limida ta’lim oldi. Universitetni tugatganidan so‘ng 1971 — 1984 yillar mobaynida O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida ishladi. 1978 yilda Moskvada, Ittifoq Fanlar Aqademiyasi Afriqa instituti ilmiy kengashida Lola Saidkarimovna “Misr Arab respublikasi iqtisodiyotining milliy demokratik o‘zgarishlar davridagi rivoji” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Himoyadan so‘ng yana o‘z joyida O‘zbekiston FA Sharqshunoslik institutida ilmiy ishini davom ettirdi. So‘ngra Siyosatshunoslik va boshqaruv institutining siyosiy iqtisod kafedrasida katta o‘qituvchi, dotsent lavozimlarida xizmat qildi.
L.Ziyodullaeva 1990 yildan beri Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti xorijiy Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti kafedrasida dotsent, 1994 — 1999 yillarda kafedra mudiri, 1999 yildan esa “Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlari iqtisodi” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Lola Saidkarimovna 1980 yilda Moskvada, 1994 yilda Dehli va 1995 yilda Vena shaxarlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro simpozium va konferentsiyalarda xorijiy Sharq mamlakatlari iqtisodiyoti muammolariga oid ma’ruzalar bilan qatnashgan.
Hozirgi kunda Lola Saidkarimovna rivojlanayotgan Shark mamlakatlarining iqtisodiy taraqqiyoti muammolari soxasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. 2002 yilda olima pedagogning “Rivojlanayotgan davlatlarning (Yakin Sharq) iqtisodiy siyosatida ishlab chiqarish va ko‘p - ukladli iqtisodning rivojlanishi” nomli monografiyasi chop etildi.
Lola Saidkarimovna Ziyodullayeva 42 ta ilmiy asar muallifi. Jumladan, uning 2 monografiyasi, 3 risola, 2 o‘quv - ko‘llanma va bir nechta maqolalari nashr etilgan.
Mamlakatimizning o‘zga yurtlar bilan do‘st va totuv bo‘lishiga qaratilgan izlanishlari yanada davom etishini istab qolamiz.