Iminovna Lola Ahrorovna Jizzax davlat pedagogika oliygohi qoshidagi “Sayiljoy” akademik litseyida ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritadi.
Lolaxon yoshligidanoq hayotga tiniq nigoh, ziyrak ko‘z bilan qaragani tufayli faol shaxs sifatida namoyon bo‘lgan.
U 1978 yilda Jizzax shaxridagi 8 - maktabni tugatganidan so‘ng to 1984 yilgacha savdo sohasida mehnat qildi. Jamoat ishlarida faol va serg‘ayratligi tufayli viloyat ip - yigiruv fabrikasida, 10 - umumta’lim maktabida, Jizzax tibbiyot kolleji (sobiq tibbiyot bilim yurti)da yoshlar tashkilotlariga rahbarlik qildi.
1984 yilda Jizzax davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakulteti kechki bo‘limiga o‘qishga kirdi va 1989 yili uni imtiyozli tamomladi.
1992 yildan esa ko‘pdan buyon o‘zi orzu qilgan Jizzax davlat pedagogika institutiga ishga o‘tdi. Bu yerda yoshlarning g‘amxo‘r, bilimdon murabbiysiga aylangan Ahrorova Lola o‘quv - tarbiya jarayonlarini samarali olib bordi.
Kelajagimiz vorislari - yosh avlodga bilim berish ishtiyoqi Lolaxonni Jizzax viloyat “Umid” iqtidorli bolalar litsey - internatiga yetakladi. 1998 - 2000 yillarda u ana shu o‘quv dargohida o‘qituvchilik vazifasida ishladi.
2001 yildan Lola Iminovna “Sayiljoy” akademik litseyi ma’naviyat va ma’rifat ishlari yetakchisi sifatida muntazam ravishda ma’naviy - ma’rifiy tadbirlarni, turli mavzulardagi davra suhbatlarini o‘tkazib, barchaga namuna bo‘ldi.
Mehnat insonni yuksaltiradi, obro‘ga erishtiradi. O‘z ustida tinmay izlangan L.Ahrorova O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga qarashli Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida adabiyot nazariyasi mutaxassisligi bo‘yicha filologiya fanlari doktori B.I.Sarimsoqov rahbarligida “O‘zbek she’riy romanlarining spetsifikasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Uning “She’riy roman va mahorat” nomli suhbati “Ziyonet “ jamoat ta’lim axborot tarmog‘iga kiritilgan.
Ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanishi natijasi o‘laroq L.Ahrorovaning 15 ga yaqin maqolalari “Gundel sanat” xalqaro ilmiy jurnalida, “O‘zbek tili va adabiyoti”, “Boshlang‘ich ta’lim”, “Yoshlik”, “Til va adabiyot ta’limi”, “Guliston” kabi markaziy jurnallarda chop etilgan. Shuningdek, ijtimoiy gumanitar fanlari o‘qituvchilari uchun litsey o‘quvchilari bilan birgalikda “Alisher Navoiy aforizmlari”, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi”, “Amerika Qo‘shma Shtatlari” va “Yangi pedagogik texnologiyalar” mavzularida elektron darsliklari ta’lim - tarbiya jarayonlarida keng foydalanilmoqda.
Iminovna Lola Ahrorova yoshlar tashkilotlarining xorijiy davlatlaridagi faoliyati bilan tanishish maqsadida Germaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari mamlakatlarida bo‘lib, 2005 yilda Xalqaro ilmiy tadqiqotlar va olimlarni ayirboshlash Kengashi tomonidan AQSh davlat departamentining madaniy va o‘quv dasturlari bo‘limi (YeSA) homiyligida jamoa aloqalari bituruvchilari o‘rtasida tashkil etilgan kichik grant tanlovi g‘olibi bo‘ldi.
L.Ahrorova Jizzax viloyat Xotin - qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi viloyat kengashi ijroiya qo‘mitasi hamkorligida viloyat miqyosida o‘tkazilgan “Donolik va tashabbuskorlik - siyosiy yetakchilik mezoni” mavzusidagi ko‘rik - tanlovi “Eng yaxshi ma’naviyatchi” yo‘nalishining mutlaq g‘olibidir.
Lola Ahrorova 2011 “O‘zbekiston Respublikasi o‘rta maxsus, kasb - hunar ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
O‘z kasbining mahorat sohibiga aylangan Lolaxon turmushda ham ibratli uy bekasi , vafodor yor va mehrli ona.
Ismat Murodov Jizzax viloyat Afg‘on urushi nogironlarining xayriya jamg‘armasi raisi, farzandlari Boburjon vebdizayner, qizi Kamolaxon Jizzax davlat pedagogika oliygohi talabasidir.