Akademik, tarix fanlari doktori, professor A.R. Muhammadjonov 1931-yil 2-oktabrda Toshkentda tug‘ilgan. Millati o‘zbek. 1951-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) sharq fakultetining sharq mamlakatlari tarixi bo‘limini tamomlagan. Olim 1952–1955-yillarda O‘zFA Sharqshunoslik institutining aspiranturasida tahsil olgan. A. Muhammadjonov 1955-yilda Yahyo G‘ulomov rahbarligida “XIX asrning 20–50-yillarida Buxoroning Rossiya bilan olib borgan aloqalariga doir manbalar” mavzusidagi nomzodlik, 1973-yilda esa “Quyi Zarafshon vodiysining sug‘orilish tarixi (qadim zamonlardan to XX asr boshlarigacha)” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. Olim 1955–1956-yillar davomida O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyida kichik ilmiy xodim, 1956–1970-yillarida esa O‘zFA Tarix va arxeologiya institutida katta ilmiy xodim va sektor mudiri, 1970-yildan O‘zFA Arxeologiya institutida bosh ilmiy xodim, bo‘lim mudiri, so‘ng uning direktori lavozimida ishlagan. 1989-yilda professor va shu yilning o‘zida O‘zbekiston FAning fan va texnika ixtisosligi bo‘yicha muxbir a’zoligiga saylandi. 1996–2000-yilgacha FA Tarix instituti direktori vazifasida xizmat qilgan. A. Muhammadjonov ko‘p qirrali tarixchi, arxeolog olim bo‘lib, uning ilmiy faoliyati respublika, chet ellarda ham tarix, manbashunoslik, arxeologiya, toponimika bo‘yicha ilmiy va arxeologik tadqiqotlar olib borilgan.