Mohiraxon Abdullayeva nozikta’b, beg‘ubor qalbli, kamtargina, Mingbuloqning birinchi tadbirkor ayoli. Namangan viloyatida birinchi bo‘lib, tadbirkorlikka qo‘l urgan ayol. Mingbuloqliklar hamisha Mohiraxon onaning ismi yoniga «Toshkentliq opa» degan so‘zni hurmat bilan qo‘shib aytishadi.
Mohiraxon asli Toshkentdan Mingbuloqning Gigant qishlog‘iga kelin bo‘lib tushgan. Samimiy sodda, oyoq - qo‘li chaqqon kelinchakni tezda mahalladoshlar yoqtirib qolishdi. ToshDUni filologiya fakultetini a’lo baholarga tugatgan Mohiraxon mehnat faoliyatini tumandagi «Yosh texniklar» markazida uslubchi vazifasida boshladi. Chevarchilik opaning joni dili edi. Shu bois ishdan bo‘sh vaqtlarida chevarchilik bilan shug‘ullandi. Turmush o‘rtog‘i Hamidjon bilan talabalik yillari tanishib, turmush qurishgan. Hamidjon Mohiraxon uchun barcha shart - sharoitlarni yaratib berdi. Ular sevib turmush qurishgani bois ham bir - birlarini tez tushinishar, qadrlashardi. Mohiraxon turmush o‘rtog‘ini deb poytaxtdan kelganiga hayoti davomida biror bora ham afsuslanmadi. Qaytanga hammaning cheksiz muhabbati opaga mehnatda zavqu shavq bag‘ishladi. Hozir ularning Nilufar, Dilafro‘z, Umida, Iroda, Gulnoza ismli besh nafar oqila va dono qizlari bor. Mohiraxon opani hayot ko‘p sinadi. Betob bo‘lib to‘shakka mixlanib qolgan kunlarida ham hayotidan umid uzmadi. Hamidjon aka, qizlari qo‘ni - qo‘shni, qarindoshlar opani bir zum yolg‘izlatib qo‘yishmadi.
Ko‘pchilikning duosi, Allohning mehri opani yana ikki yildan so‘ng hayotga qaytardi. Mustaqillikning ilk kunlarida opa «Shaxboz» ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish va savdo xususiy firmasini tashkil etdi.
Mohiraxon opa san’atni sevadi. Kuy, qo‘shiq jonu dili. Rubob chalganida hammani sehrlab ko‘yadi. Bu fazilat bolalariga ham o‘tgan. «Munojot», «Tanovor»ni chalganida sel bo‘lib oqib ketasiz. Bu baxtli xonadonga hamma havas qiladi.
Opaning yana bir sevgan mashg‘uloti kitob ham mutolaa qilish. Kitob oftob, kitob hayot deydi ular. Zardo‘zlik san’atini ham opa mukammal egalladi. Muhimi ularning har bir kuni insonlarga yaxshilik ulashish bilan o‘tmoqda. Hayotining zarhal varaqlarida faqat yaxshilik bor. Hamma qizlari oilali. Baxtli xonadonning bekalari.
Ularning Shaxboziddin, Hasanbek, Husanbek, Islomjon, Komiljon, Xumoyunmirzo, Kumushbibi ismli nabiralari bor. Tinib - tinchimas qahramonimiz ayni kunlarda besh gektar yer olib, bog‘ - rog‘ qilgan. Parrandachilik qilish niyatida ham yelib - yugurib charchamayapti. Xullas, elim deb, yurtim deb o‘zining faqat savobli va ibratli ishlari bilan ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotgan farishta ayolga har qancha tahsinlar aytsak kamlik qiladi. Tilagimiz farzandlari rohati, kamolini ko‘rsin.