AVLODLARGA MEROS QOLGAN ChO‘G‘...
Xuddi kechagidek xotiramga muhrlangan kunlar... Hech esdan chiqmaydi. Bolalik umrimizning eng quvnoq damlarida ko‘chalarni oyoqyalang changitib o‘ynardik. Ko‘kka bo‘y cho‘zgan daraxtlarga chiqolmasdan alam qilib, yog‘och otlarga minib chopardik. Dunyoda bizdan o‘zga baxtli yo‘q edi. Vaqti soati kelib ona tabiat o‘z ishini qilardi. Falak yuzini qop—qora bulutlar qoplab, momoqaldiroq gumburlab, yashin chaqnardi. Avvaliga biz bolalar qiyqirishib quvonardik. Qattiq shamol esib, keyin sharros yomg‘ir quygach, hadiksirab tezda uy-uyimizga shoshilardik... Saratonning jazirama kunlarida esa sarvqomat daraxtlar boshimizga soyabon bo‘lardi.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillar... Samarqand shahridan yuz chaqirim uzoqda joylashgan Qo‘shrabot tumani. Bir tasavvur qilib ko‘ringa: Oqtov bilan Qoratov oralig‘iga joylashgan cheksiz yaylovlar, qir-adirlar, daralar, cho‘llar ichkarisigacha kirib borgan qishloqlar, cho‘pon o‘tovlari... Na tuzukroq ulov bor, na tekisroq yo‘l. Yaxshi ulov - ot, tuya, eshak. Eng ravon yo‘l uzundan-uzoq so‘qmoqlar esa - yozda chang, qishda loy. Yaqinda bo‘lib o‘tgan urush jarohatlaridan xalq hali qutulib ulgurmagan. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha hamma mehnatga safarbar etilgan.
- Biz og‘ir sharoitda qishloq maktabida o‘qigan edik, - deb eslaydi Muso aka, - Darsliklar u yoqda tursin, hatto oddiy daftar ham yetishmas edi. Sovuq sinfxonalar, o‘quv qurollari tanqisligi... Bugun esa shahar tugul qishloq maktablariga ham havas qilsa arziydi. O‘qituvchilarning mukammal dars o‘tishi, izlanishi, mavzuni keng qamrovda o‘quvchiga yetkazib berishi uchun barcha sharoitlar yetarli. Bunday sharoitda ishlash insonga zavq bag‘ishlaydi.
Muso Turopovni yoshlikdan birga o‘sgan do‘sti O‘mirzoq Shamsiyev shunday eslaydi: “ Ikkinchi jahon urushidan keyingi og‘ir yillarda Muso katta g‘ayrat va shijoat bilan mehnat qilib, yosh bo‘lishiga qaramasdan, jamoatchilik orasida obro‘ - e’tibor topdi. O‘qish jarayonida harakatchan, ishda talabchan, ayni vaqtda kishilar qalbiga yo‘l topadigan mehribon, g‘amxo‘r inson sifatida hurmatga sazovor bo‘ldi”.
Men o‘zim Muso aka haqida o‘ylaganimda ko‘z o‘ngimda hammaga mehribon, to‘g‘ri so‘z, kamtarin inson, taniqli olim, pedagog, tashkilotchi, ajoyib murabbiy gavdalanadi. Biz Muso Turopov bilan bir joydan, ya’ni Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanining Davurqo‘rg‘on qishlog‘idanmiz. Toshkentda yashash davrida ham bir—birimizni, oilalarimizni juda yaxshi bilib, doimo bir-birimizga aka-ukaday, samimiy munosabatda bo‘lib, yaxshi-yomon kunlarimizda birga bo‘ldik.
Muso Turopov 1958 yili qishlog‘imizdagi o‘rta maktabni bitirib, harbiy xizmatga ketdi. Harbiy xizmatni tamomlaganidan keyin 1962 yilda Toshkent Davlat pedagogika institutining (TDPI) kutubxonachilik fakultetiga o‘qishga kirib, institutni 1966 yili imtiyozli diplom bilan bitirdi va shu dargohda ishda qoldi. Bir yildan so‘ng Leningrad Davlat madaniyat institutining aspiranturasini muvaffaqiyatli tamomlab, 1974 yilda pedagogika fanlari nomzodi dissertatsiyasini yoqlaydi. Shu yili Toshkent Davlat madaniyat instituti tashkil topdi va M.Turopov mazkur dargohda ishlay boshlaydi. Shu vaqtdan boshlab kutubxonachilik fakultetida dekan muovini lavozimida qariyb 15 yil ishladi. Bu davrda butun institutda va fakultetda o‘quv jarayonini tashkil etishda faol ishtirok etadi. Keyinchalik institut rahbariyati Muso Turopovni institut o‘quv bo‘limining boshlig‘i lavozimiga tayinlaydi. Bu lavozimda u 10 yildan ortiq samarali faoliyat yuritib, o‘quv jarayonini tashkil etishda o‘z mehnatini ayamadi. Keyin u mehnat faoliyatini kafedra mudiri lavozimida davom ettirdi.
Ustoz pedagog Muso Mamatovich Turopov ish faoliyati davomida o‘zining to‘g‘riso‘zligi, halolligi, vazifasini sidqidildan bajarishi bilan institut professor-o‘qituvchilari va talabalar orasida katta hurmat qozondi. U o‘z fanining bilimdoni, yaxshigina pedagog edi. Dars jarayonlarida talabalarga sidqidildan, xolisona bilim berardi. M.Turopovning shogirdlari ham juda ko‘p bo‘lib, ular ustozni benihoya e’zozlashardi. M.Turopovning xonadoniga qachon bormaylik, u kishini ko‘rgani kelgan ko‘plab shogirdlarini ko‘rar edik. Muso aka ular haqida bizga doimo faxrlanib gapirib berardi. Muso Turopov saboq bergan talabalar hozirda respublikamizning turli viloyatlari va tumanlarida turli lavozimlarda faoliyat olib borishmoqda. Ular domladan olgan bilimlari uchun undan hamisha minnatdorlar.
Muso Turopov o‘qitib, bilim bergan shogird va talabalar orasida hozirda Z.Berdiyeva O‘zbekiston Fanlar akademiyasi kutubxonasining direktori, U.Teshabayeva O‘zbekiston Milliy kutubxonasining direktori bo‘lib ishlamoqdalar. B.Mannonov ilgarigi Toshkent Davlat madaniyat institutining prorektori bo‘lib ishlagan. Muso aka o‘z shogirdlari bilan doim faxrlangan, ular bilan hech qachon aloqani uzmagan.
Taniqli olim Muso Turopov o‘z faoliyati davrida ko‘plab ilmiy ishlar, 1 ta monografiya, 4 ta o‘quv qo‘llanmasi, 60 dan ortiq ilmiy maqolalar yozgan. Bu o‘quv qo‘llanmalarida kutubxonashunoslik, O‘zbekiston bibliografiyasining tarixi, nazariyasi, uslubiyoti va uni tashkil etish haqida bayon etilgan. Bulardan hozirgi kunda ham mutaxassislar o‘z ish faoliyatlarida keng foydalanib kelishmoqda. Muso Turopovning ilmiy pedagogik faoliyati haqida ham respublikamizda nashr etiladigan gazetalarda, ilmiy jurnallar va to‘plamlarda 10 dan ortiq maqolalar chop etilgan.
Muso Turopov o‘z hayoti va mehnat faoliyati davomida hamisha odamlarga yaxshilik qilish ilinjida yashadi. U respublika miqyosida juda ko‘plab taniqli odamlarni yaqindan bilardi. Akademiklar, professorlar, san’atkorlar, yozuvchilar bilan samimiy muloqotda bo‘lar edi. Ammo, men yaxshi bilardimki, ularning birontasidan shaxsiy manfaatini ko‘zlab yordam so‘ramagan. U butun umri davomida poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi to‘rt qavatli uylardan birining 4-qavatidagi xonadonda hashamatli jihozlarsiz, oddiygina hayot kechirdi.
Muso aka do‘stlari, yurtdoshlarini jipslashtirishga ham mohir edi. U qatnashgan davralar hamisha shodon, choyxonalar so‘risi gavjum bo‘lar, oshlar damlanardi. To‘y-tomoshalarda bosh-qosh bo‘lar, doimo ishboshi edi.
Muso Turopov katta qalb egasi, mehr-oqibatli, saxiy, odamlarga yaxshilik ulashib yuruvchi fazilatli inson bo‘lib, judayam bolaparvar edi. Yosh bolalarni ko‘rganda o‘z-o‘zidan quvonib ketar, erkalashga tushar edi. Bolalarni yetaklab, istirohat bog‘lariga olib borardi. Samarqanddan qarindoshlari, yaqinlari kelib qolsa, uning uchun bayram edi.
Muso aka turmush o‘rtog‘i Apipa opaga hamma vaqt suyanchiq edi. U kishi borida Apipa opaning o‘ylovi kam edi.
- Benihoya minnatdorchilik bilan aytamanki, Muso aka meni bir umr yaqin do‘st sifatida ardoqlab keldi. Yarim asr birga yelkadosh bo‘lib yashagan bo‘lsak, biror marta meni ranjitganini eslay olmayman. Ba’zan o‘zaro baland-past gapirgan paytlarimizda ham u kishi bosiqlik qilardi. To‘ylarga, dam olishlarga, og‘a-ini, qarindoshlarnikiga birga borardik. Ba’zan o‘ksib-o‘ksib yig‘layman, - deb yodga oladi Apipa opa. - Baribir endi, u kishi yo‘q. Taqdir ekan, nima qilay, o‘rinlari har daqiqa bilinib turibdi, Muso aka bo‘lganlarida nevaralarimizni boqib o‘tirarmidik deyman.
Kurrai zaminda yashab o‘tgan yaxshi insonlar ko‘p. Hozirgi zamondoshlarimiz orasida ham ular ko‘pchilikni tashkil etadi. Mayli, ularning dovrug‘i olam kezmadi, ular qasr qurmadilar, lekin o‘zlari yashab o‘tgan go‘shada qilgan yaxshiliklari, fidoiyliklari hamda xalqchilliklari bois safdoshlari, shogirdlari, farzandlari xotirasida abadiy bir cho‘g‘ qoldirdilar. Bu cho‘g‘ avlodlardan - avlodlarga bebaho meros bo‘lib qoladi. Qasrlar nuraydi, yer yuzidan yo‘qoladi, lekin xotira cho‘g‘i hech qachon o‘chmaydi.
Ustoz pedagog Muso Mamatovich Turopov qoldirgan bebaho manbalar hamon kutubxonachilik rivojiga, xalqimiz ma’naviy dunyosining yuksalishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Muso Turopovning oramizdan erta ketganligi yuraklarni ezsa-da, lekin uning chirog‘ini umr yo‘ldoshi, farzandlari yoqib kelayotganligi dilimizga taskin beradi.
Berdiyeva Zuhra Shukurovna - shogirdi.