Professor Aziz Oppoqovich To‘rayev har qancha ulug‘lasa, e’zozlasa arziydigan insonlardan sanaladi. U inson 1936 yil 18 iyunda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida tug‘ilgan.
Yaxshi insonlar haqida so‘z aytish, fikr bildirish maroqli, kishiga g‘urur va faxr bag‘ishlaydi.
Yaxshi insonning qadamida gullar ochiladi, bosgan izlari, aytgan so‘zlari, muomalasi ibratlardan iborat. U kishiga yaqin bo‘lganing uchun, birga mehnat qilganing uchun, hatto rahbarligida biror bir ishni qoyil qilganing uchun xursand bo‘lasan, faxrlanasan, o‘zingni yana ham kerakli his qilasan va hammadan ko‘ra baxtliman, deb o‘ylaysan. Ayniqsa, unday kishining nazariga tushsang, bu olam-olam shavq, quvonch bag‘ishlaydi.
Ana shunday insonlardan biri - Aziz Oppoqovich To‘rayevdir. Aziz Oppoqovichning baxti va omadi shundaki - Usmon Yusupovday, Sharof Rashidovday buyuklarning nazariga tushgan, mehrini va ishonchini qozongan, yelkama-yelka turib mehnat qilgan va rohatini ko‘rgan. Zero, buyuklarning nazariga tushish hammaga ham nasib qilavermaydi.
Yana qanchadan qancha aziz insonlarning oqibatli do‘sti, suyangan qadrdoni, ishongan kishisi. Qanchadan qancha shogirdlarning mehribon, samimiy ustozi.
Aziz Oppoqovich yaratgan madaniyat, ma’naviyat, ma’rifat maktabidan ibrat olganlar qancha?! Shu maktabda ta’lim olib elining, yurtining xizmatiga yaraganlar va yarayotganlar qancha!? Shu maktabdan yetishib chiqib katta - katta lavozimlarda faoliyat yuritganlar va yuritayotganlar qancha!? Havas qilgudek ibrat maktabi! Shuning uchun ham domla juda katta e’tirof va e’zozlarga loyiqdir.
To‘plamni tayyorlash jarayonida ustoz haqida ko‘p ma’lumotlarni bilib oldim. Domlaning har bir qadamida insonlarga barcha muammolarni, masalalarni hal etishda yaqin maslahatchi, har bir jihatdan doimo tayyor bo‘lganliklarini, yaxshi kunida ham, azobli kunlarida ham hamdard bo‘lgani haqida o‘qib, “faqat men emas ekanman domladan yaxshilik ko‘rgan” deb xursand bo‘ldim.
Aziz Oppoqovich haqida qancha yozsang ham oz, qancha yaxshi gaplarni aytsang ham kamday. Ammo, qo‘limizdagi to‘plam domla haqida bir shingil, boshlanishi faqat. Domla haqida yozadiganlar ko‘p, mehrini, hurmatini izhor qilishni istaganlar ko‘p, lekin birgina to‘plamda ularning hammasini qamrab olish imkoni juda kam. Hali bunday to‘plamlarni tayyorlashni va chop etishni davom ettiramiz, albatta.
Umrni oqar daryo, hayotni qaytar dunyo deydilar. Domla ustozlaridan olgan mehrlarini, o‘gitlarini shogirdlariga – bizga uzatdilar, biz ham ular kabi o‘zlariday buyuk kishilar nazariga tushdik, mehrlaridan bahramand bo‘ldik va ularning ishonchini oqlashga, bizga ko‘rsatgan mehr–oqibatlaridan unumli foydalanishga, undan o‘z shogirdlarimizga ham uzatishga harakat qilamiz.
Biz – Aziz Oppoqovichning yaqinlari, do‘stlari, hamkasblari, shogirdlari nomidan ularga mustahkam sog‘lik – salomatlik, uzoq umr, bizning, farzandlarining, nabiralarining, aka - ukalarining, opa-singillarining, elu–yurtning baxtiga omon bo‘lishlarini tilaymiz! Bizni esa yana ko‘p yillar ustozimizning yaxshiliklaridan, nasihatlaridan, maslahatlaridan bahramand bo‘lib yurish baxti tark etmasin!
Qo‘lingizdagi to‘plam shogirdlarning, hamkasblarning, qadrdonlarning ustozga hurmat va mehr nishonasi, xolos.
Izoh: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Fundamental kutubxonasi 1967 yildan buyon “O‘zbekiston olimlarining bibliografiyasiga materiallar” turkumida olimlarning yubileylari munosabati bilan ilmiy muassasalar hamkorligida biobibliografik ko‘rsatkichlar tayyorlab, nashr etib keladi. Maqsadimiz olimlarimizni keng jamoatchilikka tanishtirish, ularning ijodini, ilmiy faoliyatini, ixtirolari, kashfiyotlarini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish, yoshlarda ilmga, aynan olganda olimning ilmiy yo‘nalishiga qiziqtirish, ularni ham ilmiy mehnatga jalb etish. Shu kunga qadar bunday nashrlarimizda asosan olimning bibliografiyasi berilgan edi. Bu to‘plam esa shu ruknda nashr etilayotgan bo‘lsa-da, ammo avvalgilardan farqli ravishda to‘plamda olim haqidagi ilmiy maqolalar ham berildi. Bu dastlabki o‘zgarish. Agar bu shakl boshqalarga ham ma’qul bo‘lsa, shu tarzda davom ettirish mumkin bo‘lar.