Umr yo‘l deyishadi. Uning gox notekis , goxida ravon ko‘chalaridan yurib o‘taveramiz. Yo‘l - yo‘lakay tuz - nasibamizni terib ketaveramiz. Qadam - baqadam turfa xil odamlarga duch kelamiz. Ba’zilarini ko‘rib o‘y - fikrga botamiz, ba’zilarini ko‘rib shukrona qilamiz, yana ba’zilarini uchratganda taqdirdan minnatdor bo‘lamiz. Negaki ul insonni yaratayotganda Olloh har tomonlama marhamatini darig‘ tutmaganining guvohi bo‘lamiz. Suyukli shoiramiz Saida Zunnunova, tibbiyot olami malikalaridan bo‘lgan Muqaddam Ashrapova, Nozima Dexqonxo‘jayeva, urush qatnashchisi Aziza Qalandarova, faylasuf Xatima Shayxova, arxitektor To‘lqinoy Qodirova, Xosiyat Yoqubjonova, Saltanat Siddiqova kabilar bilan ilk uchrashganimda shunday bo‘lgan edi. Yaqinda ko‘nglim mulki bo‘lmish ushbu daftarda yana bir sahifa ochildi.
O‘sha kuni sumalakka to‘nlangan edik. Birov qozon tepasida niyat qilyapti, birov doira chalyapti, birov raqsga tushyapti. Eshikdan kirgan kelishimli ayol hammani o‘ziga qaratdi. Nafaqat undagi zebolik va nazokat, balki donolik va zukkolik nigohlariga yashiringan edi. Chindanda Olloh uni yaratayotganda har tomonlama yarlaqagani ayon edi. Turdixon Abdullayeva bilan yaqindan tanishgach, bu qadar mukammal, komil inson bo‘lishlik tibbiyot tili bilan aytanda genlar orqali o‘tganini angladim.
Uning bobosi Abdullabek Otabekov o‘z davrining mashhur ulamolaridan, Samarqand universitetini tugatib, yozuvchilar uyushmasida rais bo‘lgan. Abdulla Qodiriy, Habibiy, Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom, Oybek kabi adiblar bilan ishlagan. Uning ukasi Yusufbek esa 32 yoshida sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lib ishlagan. Keyin uzoq yillar Andijon tibbiyot oliygohini boshqargan. Aslida Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asaridagi beklar avlodi shular bo‘lsa ne ajab.
Ushbu avlodning vorisi Turdixon 1954 yili Termiz shahrida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatgach Andijon tibbiyot institutining davolash fakultetiga kirgan. 1979 yili oliygohni tugatib, respublika sog‘liqni saqlash birinchi klinik shifoxonasida internaturani terapevt vazifasida o‘taydi. O‘qishda ham, ishda ham u o‘zidagi g‘ayratu shijoatni, donolik, zukkolik va intiluvchanlik, izlanuvchanlikni namoyon etadi. Otasi Ikrom Abdullayevdagi qat’iyatlilik, onasi Tuyg‘unoy Otabekovnadagi kasbga hurmat va bemorlarni birinchi galda shirinso‘z bilan davolash xislatlari uning jismi - joniga singib ketdi, desak yanglish bo‘lmas.
Turdixon ilm olishdan, o‘z ustida ishlashdan charchamadi. 1982 — 1984 yillar Kardiologiya ilmiy - tekshirish institutida o‘qidi. Shu yili Moskvada Shifokorlar malaka oshirish markaziy institutining aspiranturasiga qabul qilindi.
1987 yili “Yurak ishemik xastaligida uchraydigan arit - miyalarni kun mobaynida monitoring baholash va bartaraf qilish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, Chazov kabi taniqli rus olimlari tiliga tushdi. O‘ziga nisbatan ularda qiziqish uyg‘otdi. 1987 - 1998 yillarda Respublika kardiologiya ilmiy - tekshirish institutida ilmiy xodim lavozimida mehnat qildi. Keyin esa reabilitatsiya markazida bo‘lim rahbari bo‘ldi.
2004 yili “Yurak - ishemik kasali bilan og‘rigan bemor, nogironlarning kompleks tibbiy - ruhiy reabilitatsiyasi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. 2005 yili tibbiyot fanlari doktori unvoniga sazovor bo‘ldi.
Turdixon Abdullayevaning qalamiga mansub monografiya, o‘nta uslubiy qo‘llanma, uchta tibbiy ixtiro va boshqalar bugungi kunda o‘nlab shifokorlar faoliyatida asqotyapti. Turmush o‘rtog‘i Furqat Shamsiyev bolalar shifokori. U Turdixonga xar ishda xammaslak. Shu bilan birga tibbiyot fanlari doktori sifatida Respublikada pediatriya soxasini rivojlantirishga barakali hissa ko‘shmoqda. Ular oilasida uch farzand munosib tarbiya topishyapti. Go‘zalxon xuquqshunos, Oybek va Shaxlo hali o‘quvchi.