1966 yil 7 noyabrda Quva tumani Akbarobod qishlog‘ida tug‘ilgan. 1973 - 1983 yillar davomida Quva tumanidagi 2 - o‘rta maktabda tahsil oldi. Mehnat faoliyatini o‘sha davrdagi “Uzsel’xoztexnika” Quva tumani birlashmasida chilangar vazifasida boshlagan. 1984 - 1986 yillarda harbiy hizmatda bo‘lgan. 1987 - 1992 yillarda Farg‘ona davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida o‘qidi. 1992 yildan boshlab tilshunoslik kafedrasi qoshidagi sirtqi aspiranturada tahsil olish bilan birga, shu kafedrada o‘qituvchi vazifasida ishlay boshladi. Shu yillardan boshlab, 1993 - 1998 yillari o‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘qituvchisi, 1998 - 2010 yillarda katta o‘qituvchi, 2011 yildan boshlab o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti lavozimida ishladi. 2012 - 2013 o‘quv yilida boshlang‘ich ta’lim uslubiyoti va tasviriy san’at kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatdi. 2013 yildan buyon tilshunoslik kafedrasi dotsenti lavozimida ishlab kelmoqda.
1993 yildan buyon o‘zbek tilshunosligi kafedrasida “Hozirgi o‘zbek adabiy tili”, “Turkiy filologiyaga kirish”, “Amaliy tilshunoslik”, “Matn tilshunosligi” kabi fanlardan talabalarga saboq berib kelmoqda.
M. Abdupattoyev 1998 yilda O‘zFA Til va adabiyot instituti qoshidagi birlashgan ixtisoslashgan Kengashda O‘zbek matnida supersintaktik butunliklar” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini professor A. Mamajonov rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qilgan. Hozirda “O‘zbek tilining poetik sintaksisi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
U professor A. Mamajonov bilan hamkorlikda 2002 yilda “Matn sintaksisi”, 2013 yilda “Matn birliklari” nomli o‘quv qo‘llanmalarini nashr ettirgan, 40 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi.