Iqtisod fanlari nomzodi, dotsent
1975 yil 16 dekabrda Rishton tumani To‘da qishlog‘ida tavallud topgan. 1982 yilda tumandagi 7 - o‘rta maktabga qabul qilinib, 1992 yilda Farg‘ona shahridagi 82 - sonli iqtidorli bolalar fizika - matematika maktab - internatini oltin medal bilan tamomlagan. 1994 - 1999 yillar davomida Farg‘ona davlat universiteti iqtisodiyot fakultetida o‘qidi. 1999 yil iyul oyidan 2000 yil yanvar oyigacha “O‘zinvestloyiha” RIK Farg‘ona bo‘limida iqtisodchi - mutaxassis, 2000 yil yanvar oyidan avgust oyigacha TIF Milliy banki Farg‘ona viloyat bo‘limida yetakchi mutaxassis, 2000 yil avgustidan dekabr oyigacha Farg‘ona davlat universiteti bozor nazariyasi va agrobiznes kafedrasi o‘qituvchisi, 2001 - 2003 yillarda Farg‘ona davlat universiteti aspiranti, 2004 - 2007 yillarda Farg‘ona davlat universiteti iqtisodiyot nazariyasi kafedrasi o‘qituvchisi, 2007 - 2010 yillarda ijtimoiy - iqtisodiy fakultet dekani o‘rinbosari va 2010 - 2013 yillarda iqtisodiyot kafedrasi mudiri va 2013 - 2015 yillarda universitet moliyaviy - iqtisodiy ishlar bo‘yicha prorektori lavozimlarida ishladi.
A. O‘rinov 2005 yil 27 oktyabrda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori Sh. Sh. Shodmonov ilmiy rahbarligida 08.00.01 - Iqtisodiy nazariya mutaxassisligi bo‘yicha “Mutonosiblik – iqtisodiy o‘sishni taminlashning muhim omili” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.
U O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi “Iste’dod” jamg‘armasi g‘olibi sifatida 2011 yilda Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay universitetida axborot texnologiyalari bo‘yicha malaka oshirib qaytdi.
A. O‘rinov 2011 yilning yanvar oyidan I – 2011 – 13 - 4 raqamli “Tarbiyachilarni pedagogik faoliyatga tayyorlash” nomli 2011 - 2012 yillarga mo‘ljallangan innovatsion loyihada ishtirok etdi. Loyiha doirasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi.
A. O‘rinov universitetda moliyaviy - iqtisodiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlash davomida ham bir qator namunali ishlarni amalga oshirishga bosh - qosh bo‘ldi. U 2015 yil 21 sentyabrdan “Iqtisodiyot nazariyasi” kafedrasi mudiri sifatida faoliyat olib bormoqda. Uning rahbarligida kafedrada o‘quv - uslubiy, tashkiliy, ilmiy - tadqiqot, ma’naviy - ma’rifiy ishlar talab darajasida tashkil etildi.
U faoliyati davomida asosiy e’tiborni xorijiy grantlar bilan ishlashga qaratdi. Natijada uning boshchiligida Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi doirasidagi 2016 - 2018 yillarga mo‘ljallangan “MAGNYeT – Universitetlar O‘zbekistonda o‘rtayosh aholini o‘qitish va kasbiy tayyorlash markazlarining asosiy hamkori” nomli xalqaro loyiha yutib olindi va u mazkur loyihaning O‘zbekiston bo‘yicha koordinatori hisoblanadi. Xalqaro loyiha hisobidan Farg‘ona davlat universitetiga 25 ming yevroga yaqin qiymatga ega bo‘lgan zamonaviy jihozlar keltirildi. Shuningdek, ushbu loyiha doirasida 2017 yil 6 - 7 aprel kunlari FarDUda 1 - koordinatsion uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muvaffaqiyatli tashkil etilgan uchrashuvda Germaniya, Portugaliya, Latviya davlatlari, Qashqadaryo, Andijon viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan bir qator olim va mutaxassislar qatnashdi. Shuningdek, A. O‘rinov 2017 yil 25 - 26 yanvar kunlari Belgiyaning Bryussel shahrida mazkur loyiha koordinatorlari uchrashuvida qatnashdi, shu yil 9 - 14 oktyabr kunlari Latviyaning Riga shahrida, 2018 yil 23 - 28 may kunlari Nukus shahrida tashkil etilgan treninglarda faol ishtirok etdi.
A. O‘rinov hozirgi kunda ilmiy ishlarini ham davom ettirmoqda. U ilmiy maslahatchisi, TDIU professori, iqtisodiyot fanlari doktori Sh. Shodmonov bilan birgalikda “Iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida tarmoqlararo mutanosibliklarning nazariy asoslari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ustida ish olib bormoqda.
A. O‘rinov 2018 yil 3 avgustdan e’tiboran Farg‘ona davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimida faoliyat ko‘rsatmoqda.