Bugungi kunda xotin qizlarning jamiyatdagi faolligi va nufuzi shu qadar oshdiki , ularning bundan yigirma - o‘ttiz yillar avval hayrat uyg‘otgan yutuqlari endilikda oddiy holatga aylandi. Shundandir, bir qarashda hozir “professor ayol” degan so‘zlar hech kimni ajablantirmaydigandek ko‘rinadi. Biroq bu so‘zlar ma’nosiga teranroq nazar tashlaydigan bo‘lsangiz, hayotini ilmga, oilasiga baxshida etgan ayol qudrati, salohiyati va oqilaligi bor bo‘y - basti bilan namoyon bo‘ladi - da, uning qoshida ta’zim etgingiz keladi.
Aslanova Saodat Nabiyevna 1947 yili qadim Buxoro shahrida xizmatchi oilasida tavallud topdi. Bolalikdan tibbiyotga havas qo‘ygan qiz 1965 yilda o‘rta maktabni tugatib, Toshkent davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirdi.1971 yili institutning davolash fakultetini imtiyozli diplom bilan bitirdi. Keyin esa internatura, klinik ordinatura.... Ayni shu yillarda yosh mutaxassis asab xastaliklarini davolash sohasiga o‘zida moyillik sezdi. Bu havas qanday qilib qat’iyatga aylangani va hayotining mazmuni bo‘lib qolganini o‘zi ham sezmay qoldi. Toshkentdagi Asab kasalliklari klinikasida ordinatorlikdan to bo‘lim mudirligigacha olib borgan faoliyati uni bu sohaning tajribali shifokori sifatida shakllantirdi va ilmiy tadqiqotlar olib borishga undadi. Talabalikdan o‘tkir zehni bilan ajralib turgan Saodatxon 1976 yili Toshkent davlat tibbiyot institutining asab kasalliklari kafedrasiga assistent bo‘lib ishga kirdi.
Ilmiy faoliyatni igna bilan quduq kovlashga qiyos etadilar. To‘g‘ri gap. 1991 yilda asab kasalliklari mutaxassisligi bo‘yicha “Revmaticheskiye tserebralnne leptomeningit (araxnoiditiy) i xorioetendimatm (klinika, diagnostika i terapiya)” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan Saodat Nabiyevna olib borgan izlanishlarning quvonch - tashvishlarini, mashaqqatlarini bu jarayonni boshdan kechirgan ilm kishilari yaxshi tushunadilar. Ilm yo‘li naqadar mashaqqatli bo‘lmasin, bu yo‘lga kirgan fidoyi insonlarni to‘xtatish qiyin. Saodat Nabiyevna ham ilmiy ishining muvaffaqiyatidan ruhlanib, yangi ilmiy tadqiqotlar ustida ish olib borishga kirishdi.
- Ilmiy izlanishlar, albatta, har bir soha tadqiqotchisidan katta mehnat va mas’uliyat talab etadi. Tibbiyotdagi ilmiy tadqiqotlar esa o‘ta mas’uliyatlidir. Negaki, bu tadqiqotlar bevosita inson salomatligi, uning hayotiga xavf soluvchi xastaliklarning oldini olishga qaratiladi. Ularning muvaffaqiyati xalqimiz salomatligi bilan belgilanadi, - deydi Saodat opa.
Oradan bir yil o‘tgach, ushbu kafedrada dotsent sifatida faoliyat boshladi. Ayni paytda davom ettirilayotgan ilmiy tadqiqotlar 1999 yilda o‘z samarasini berdi. Shu yili u “Porajeniye nervnoy sistemiy pri nekotoriyx revmaticheskix zabolevaniyax (klinika, immunologiya, neyrofiziologiya i terapiya)” mavzuida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Yillar bir - birini quvalashib o‘tib bormoqda. Saodat Nabiyevnaning tibbiyot sohasiga qadam qo‘yganiga ham qirq yilga yaqinlashib qolibdi. O‘tgan vaqt mobaynida uning qo‘lida dardiga darmon topgan bemorlarning soni juda ko‘p. Hozirgi paytda yuqori malakali bu nevrolog asab kasalliklari klinikasining 2 - bo‘limi rahbari, O‘zbekiston Nevrologlar assotsiatsiyasi a’zosi.
2000 yildan boshlab u Ikkinchi Toshkent davlat tibbiyot institutining asab kasalliklari kafedrasida professor lavozimida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi uchun mutaxassislar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Saodat opa ustoz sifatida ham hurmat - e’tibor topgan shifokor - murabbiy. Doimo talabalar qurshovida. Tibbiyot akademiyasining 5 - 6 bosqich talabalariga nevrologiyadan saboq beradi. U har o‘quv yilida o‘z fani bo‘yicha namunaviy va ishchi dasturlarini, ma’ruzalar matnlarini, ularning elektron, multimediya versiyalarini tayyorlash ishlarini boshqaradi. Uning rahbarligida 5 - boskich talabalari uchun “Asab tizimini qadam - baqadam tekshirish” mavzuida videofilm suratga olingan.
Saodat Nabiyevna mahoratli ma’ruzachi sifatida auditoriyani tez o‘ziga jalb qila olgani uchun darslari juda qiziqarli o‘tadi. Ayniqsa, talabalarga nevrologiyaning murakkab muammolarini sodda, jonli tilda tushuntirib, ularni bilish umumiy amaliyot shifokori uchun naqadar ahamiyatli ekanini yosh mutaxassislar ongiga singdira olishi alohida e’tirofga loyiqdir.
Olima o‘z faoliyati mobaynida 148 ta ilmiy asar yaratgan. 2 ta darslik, 13 ta o‘quv - uslubiy qo‘llanma muallifi. Mamlakatimiz va xorijiy davlatlardagi 72 ta jurnalda nevrologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan maqolalari chop etilgan.
Uning rahbarligida ikki nafar shogirdi tibbiyot fanlari nomzodi dissertatsiyasini himoya qilgan. O‘nlab magistrlarning ilmiy ishlari muvaffaqiyatida uning ustozlik mehnati, mehri bor.
- Men bosib o‘tgan umr yo‘llarimdan, erishgan yutuqlarimdan xursandman. Hayotimni boshqacha tasavvur ham qila olmayman, - deydi professor Saodat Aslanova. - Bu o‘rinda vujudimga quvvat, yuragimga yorug‘lik baxsh etib turuvchi asosiy omilni tilga olmasligim ham mumkin emas. Bu omil - mening oilam, baxtim. Men ayol uchun eng oliy baxt - onalik baxtiga erishganim, hayotdagi suyanchim - umr yo‘ldoshim Qo‘rqmas aka bilan ikki qizni voyaga yetkazganimiz, qator nevaralarning buvisi bo‘lganim uchun yaratganga shukrona aytaman. Bu omil mening jamiyatda, ilm - fanda o‘z o‘rnimni egallashimda, mashaqqatlarni yengib o‘tishimda katta ahamiyat kasb etdi.
Chindan ham bu oilaga barcha havas qiladi. Xonadon sohibi Qo‘rqmas aka Majidov otasi Mannon Uyg‘ur kabi teatr san’atiga hayotini baxshida etgan inson. U dramaturgiya, rejissyorlik va tarjima sohasiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizdan biri. Bu oila gulshanida o‘sgan Go‘zal Majidova ona izidan borib Toshkent tibbiyot akademiyasining davolash fakultetida tahsil oldi. Hozirda “O‘smirlar markazi”ning tajribali jarrohlaridan biriga aylandi. Kichik qiz Dilbar esa Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutini tanladi va texnolog sifatida faoliyat olib bormoqda.
Ismda gap ko‘p, deyishadi ba’zan. Saodat opaning hayot yo‘liga nazar tashlaganda bunga yana bir bor ishonch hosil qilamiz. Chindan ham ismi jismiga monand - saodatli ayol!