Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining professori, iqtisod fanlari doktori Bahriddinova Xosiyat Orifxo‘jaevna Toshkent xalq xo‘jaligi instituti (Hozirgi TDIU)ni 1960 yil tugatib, shu yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat rejalashtirish qo‘mitasiga ishga kiradi. U yerda 1976 yilga qadar ishlaydi va shu yili nomzodlik ishini muvaffaqiyatli himoya qiladi. 1978 yilda O‘zFAning iqtisodiyot institutiga ishga o‘tadi. Bu yerda ilmiy izlanishlar uchun keng sharoit yaratib berilgan edi. Uzoq yillik izlanishlari, mutolaalari o‘z mevasini berdi. Xosiyat Bahriddinova 1987 yil doktorlik ishini ham muvaffaqiyatli himoya qildi va Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni boshqarish kafedrasiga ishga keladi. Professor Xosiyag Orifxo‘jaevna ushbu dargohda 1987 yildan 1992 yilgacha mudiralik qilgan.
Xosiyat Bahriddinova “Menejment va marketing” fakulteti talabalariga “Strategik menejment”, “Innovatsiya menejmenti”, “Menejment asoslari” fanlaridan, magistrlarga “Strategik menejment”, “Suv xo‘jaligi menejmenti” fanlaridan ma’ruzalar olib bormoqda. “Ta’lim to‘g‘risida va kadrlar tayyorlash” milliy dasturining g‘alablaridan kelib chiqqan holda kadrlarni tayyorlashga katta mas’uliyat bilan yondashib, talabalarni o‘quv ko‘llanmalar bilan ta’minlash maqsadida “Strategik menejment”, “Innovatsiya menejmenti”, “Menejment asoslari”, “Suv xo‘jaligi menejmenti” fanlaridan ma’ruza matnlari va uslubiy qo‘llanmalar chop etgan. Professor Bahriddinova Xosiyat Orifxo‘jaevna nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini muhokama qilish seminar kengashining a’zosi, bir qancha monografiya, 12 o‘quv qo‘llanma, 60 ta metodik qo‘llanma, 160 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi. Bir qancha ilmiy maqolalari xorijiy jurnallarda chop etilib, ko‘pchilik soha mutaxassislarida O‘zbekiston va uning iqtisodiyotiga qiziqish uyg‘otgan. Shuningdek, sohaga doir o‘tkazilgan ilmiy - amaliy anjumanlar, konferentsiyalar bo‘yicha maqolalar to‘plami, jumladan “Ilm-fan taraqqiyotida olima ayollarning o‘rni”, “Suv va qishloq xo‘jaligining zamonaviy muammolari”, “Qishloq va suv xo‘jaligi ishlab chiqarishi uchun yuqori tajribali kadrlar tayyorlash muammolari”, “Ratsionalnoe ispolzovanie v vodnix resursov v orashaemom zemledeli” ilmiy materiallari chop etilgan. Professor Xosiyat Bahriddinovaning ilmiy ishlari, chop ettirgan o‘quv qo‘llanma, ilmiy maqolalar to‘plamining son - sanog‘i yo‘q, ularni sanab o‘tish qiyin. Biroq olima o‘z umrini, ilmiy faoliyatini o‘z tanlagan sohasi, ilm - fan taraqqiyotiga bag‘ishlagani haqiqat...
Xosiyat Bahriddinova kafedra salohiyatini ko‘tarish, ilmiy darajali o‘qituvchilarning sonini oshirishda ham faol ishtirok etib kelmoqda.
Oqila ayol, donishmand er bosh bo‘lgan xonadon hamisha gullab-yashnaydi, deydilar. Xosiyat opa Bahriddinova turmush o‘rtog‘i, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi - Said Karim aka bilan birgalikda uch farzandni voyaga yetkazdilar. Farzandlar ilmni qadrlaydigan, halol, insofli, komil inson bo‘lib voyaga yetdilar. Oila davomchilari bo‘lgan nabira-evaralar ham bu an’anaga sodiq holda olima, oqila buvijonlari izini, yo‘lini davom ettirmoqdalar.