O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Basharova Feruza Qutlug‘ovna

    O‘zbekiston  Badiiy akademiyasi azosi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining kumush medali va diplomi  sohibasi, “Jahon xalqlari san’ati” xalqaro assotsiatsiyasining xizmat ko‘rsatgan rassomi, “Sharq ayoli” Xalqaro ayollar jamiyati fondining hamda “Qo‘li guldir o‘zbek ayolin” Respublika ko‘rgazmasining “Eng yaxshi grafik rasso¬mi” diplomini qo‘lga kiritgan Feruza – “Uzbekistan xalk rassomi”, akademik, XX asr o‘zbek kitob grafikasi san’atining shakllanishiga ulkan hissa qo‘shgan mashxur rassom Qutlug‘ Basharov sulolasining vakili. Basharova Feruza Qutlug‘ovna 22 iyul 1961 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat teatr va rassomchilik institutini bitirgan. Mana endi Feruza ham sulola an’anasini munosib davom ettirmoqda. Feruzaning bolaligi uylariga mexmon bo‘lgan atoqli rassomlar davrasida, san’at borasidagi qizg‘in suhbatlar ichida o‘tgan. Otasi Qutlug‘ aka Feruzaning birinchi ustozi bo‘ldi. Ana shu ijodiy muhitda ulg‘aygan Feruza rassomlik kasbiga mehr qo‘ydi va 1980 yilda P. Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtini, 1986 yilda A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat teatr va rassomlik institutining (hozirgi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn in¬stituti) “Kitob grafikasi” bo‘limini imtiyozli tamomladi. Uning aynan “Kitob grafikasi” fakultetini tanlashining ham o‘z sabablari bor. Feruza bolaligidanoq ertaklar, matallar, dostonlar, topishmoqlarni juda sevar, ulardagi har bir qahramon timsolini xayolida tasavvur qilar edi. Ertaklar mavzusi, umuman, bolalarga atalgan asarlar Feruza Basharova ijodida alohida o‘rin egallaydi. U ko‘p yillar davomida “Cho‘lpon”, “G‘afur G‘ulom”, “Sharq” va boshqa nufuzli nashriyotlar bilan hamkorlikda jahon xalqlari ertaklari Sharq va Yevropa xalqlari, afg‘on, o‘zbek xalq ertaklariga ko‘plab illyustratsiyalar yaratdi. Bundan tashqari, Frantsiya elchixonasining buyurtmasi bo‘yicha Sh.Perroning “Ona g‘oz ertaklari” kitobini iqtidorli musavvirlar - ukasi Jonpo‘lat va singlisi Laylo Basharovalar bilan birga bezadi. Aynan ushbu kitob bilan O‘zbekiston birinchi marta Slovakiyaning Bratislava shahrida bo‘lib o‘tgan Biennaleda qatnashdi. Frantsiyaning O‘zbekistondagi mutasaddi vakillari ham bu kitobning badiiy bezalishiga yuksak baho berishgan. Feruzaning ertaklarga ishlagan bezaklarini tomosha qilar ekansiz, ular juda yorqin va toza ranglarda, o‘quvchi - kitobxonlarga tushunarli, murakkablashtirilmagan shaklda, bolalarni zeriktirmaydigan qilib tasvirlangani uchun beixtiyor o‘zingizni ertaklar olamiga tushib qolganday his qilasiz. Illyustratsiyalardagi qahramonlar obrazlarining bari haqqoniy, o‘ziga xos badiiy uslubda yaratilib, ular bolalarni yaxshilikka, mehr - oqibatli bo‘lishga undaydi. F. Basharovaning fikricha, bolalar kitobiga illyustratsiyalar yaratish juda mushkul ish hisoblanib, ularga kezi kelganda kattalar adabiyotidan xam jiddiyrok yondashish kerak. Chunki bolalar suratdagi yuzakilikni, soxtalikni juda tez ilg‘ab oladilar. Feruzaning ko‘plab kitoblarga ishlagan asarlari kitobxon va soha mutaxassislari olqishiga sazovor bo‘lgan. Ayni paytda “Sharq” nashriyot - matbaa aktsiyadorlik kompaniyasining Bosh taxririyatida Bosh rassom lavozimida faoliyat yuritayotgan Feruza o‘zining bilim va tajribasi bilan noshirlik soxasiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan o‘z sohasining fidoyi insonlaridan biridir. Musavvir doi¬mo izlanishdagi serg‘ayrat ijodkor, desak yanglishmaymiz. Darxaqiqat, o‘z ijodi davomida 100 dan ortiq kitoblarga illyustratsiyalar ishlagan bu rassom ijod bilan birga doi¬mo Respublika va xalqaro ko‘rgazmalar hamda tanlovlarda faol qatnashib keladi. Mustaqillik, Navro‘z bayramlariga bag‘ishlangan ko‘rgazmalari, Moskvada o‘tkazilgan grafik - rassomlar ko‘rgazmasi, Slovakiyada o‘tkazilgan bolalar kitobi Biennalesi, Seulda o‘tkazilgan o‘zbek rassomlari ko‘rgazmasi, O‘zbekiston musavvir ayollari ko‘rgazmasi, Kitob grafikasi ko‘rgazmalarida muntazam qatnashgan va munosib o‘rinlar olgan. Shuning bilan birga Basharovlar sulolasi ko‘rgazmasi va bir nechta shaxsiy ko‘rgazmalar tashkil qilgan. 2011 yil 1 iyunda Xalkaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda “Ertaklar karvoni” deb nomlangan shaxsiy ko‘rgazma tashkil qildi va ko‘rgazmadagi asarlarini Mexribonlik uylariga taqdim etdi. Feruza Basharova dastgoh grafikasi sohasida xam faol ijod qiladi. Uning litografiya uslubidagi “Baxtli onalik”, “Oy borib, omon keling”, “Vaqt - olg‘a”, Alisher Navoiyning “Xamsa” asariga ishlagan “Sab’ai sayyor”, “Hayratul abror”, “Farxod va Shirin”, “Layli va Majnun” hamda “Saddi Iskandariy”, “Sharq taronalari” turkumi kabi asarlari yosh avlodni ma’naviy kamolotga yetishishiga, milliy qadriyatlarni ulug‘lashga xizmat qiladi. Feruzaning ijodiy ishlari Rossiya, AQSh, Bolgariya, BAA, Koreya, Malayziya kabi davlatlarning ko‘rgazma zallaridan va shaxsiy galereyalardan o‘rin olgan.
  Bu sulolaning kechagi kuni, buguni va ertasi bir insonsiz kemtik bo‘lib qolgan bo‘lardi. Bu inson - Farog‘at opa! U Qutlug‘ akani ezgu ishlarga ilhomlantirdi. Oilaning davomchilari bo‘lgan farzandlarni ota izidan borishga ruhlantirdi, yutuqlaridan quvondi, sog‘lig‘i, kelajagi haqida qayg‘urdi. Farog‘at opa Basharovlar oilasining ba-land qo‘rg‘oniga aylandi, sulola shuxratini olamga taratishda opaning xizmatlari beqiyosdir. Bugun sulola yetakchisi ham, otadan keyin ota o‘rnini bosuvchi iqtidorli musavvir Jonpo‘lat ham yo‘q. Ammo ona musavvir Feruza va Laylo hamda san’atshunos Ziyoda qizlari uchun bir tayanch. Bunday insonga cheksiz ehtiromlar arziydi. Feruza mehribon va kamtarin ona, turmush o‘rtog‘i bilan o‘g‘li Umidjonni katta orzular bilan voyaga yetkazishdi. Hozir u O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida faoliyat yuritayapti. Ijodiy ko‘lami yanada kengayib borayotgan, sulolasiga munosib iqtidorli rassomga ijodiy yutuqlar, yangi asarlar hamda barcha rejalashtirib qo‘ygan ishlarining amalga oshishini tilab qolamiz.



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar5



Ijtimoiy-gumanitar fanlar10



Tabiiy fanlar80



Filologiya5