Dolimova Lola Subutoyevna, 17 fevral 1941 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Lola opa o‘sha o‘zbek adabiyoti va fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan mashhur Dolimovlar sulolasidan.
Mohir pedagog, taniqli olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi - Subutoy Dolimov tarbiyalab, voyaga yetkazgan 8 farzandning biri.
Olmaning tagiga olma tushadi, - deydi xalqimiz.
Adabiyot til haqidagi qizg‘in baxslarni tinglab voyaga yetgan Lolaxon yetuklik attestatni qo‘liga olgach, hech ikkilanmasdan hujjatlarini Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetiga topshirdi va 1964 yilda muvaffaqiyatli bitirdi.
- Ona qizim, endi bir muddat dorilfununda olgan bilimlaringizni maktabda ishlab , sinovdan o‘tkazing. O‘quvchilar bilan ishlash jarayonida bilimlaringiz mustahkamlanadi. O‘zingiz uchun kasbingizning yangi qirralarini kashf qilasiz, - dedi Subutoy aka qizini qutlarkan, keyin qo‘shib qo‘ydi, - ilmiy ish qilishingizda ham muallimlik tajribangiz qo‘l keladi.
Otasi haq ekan. Lola opa ish jarayonida ona tilini juda murakkab va serqirra ilm ekanligini anglab yetdi. 1967 yilda Qori Niyoziy nomli Toshkent pedagogika fanlari ilmiy tekshirish institutining o‘zbek adabiyoti metodikasi sektori aspiranti bo‘ldi.
1972 yili “Sakkiz yillik o‘zbek maktablarida sinfdan tashqari o‘qishning mazmuni va farmonlarini tashkil qilish” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
Bolajon muallima Lola Subutoyevna bir zum ham o‘quvchilarsiz yashashni tasavvur qilolmas edi. Shundanmi asosiy ish joyi ilmiy tekshirish instituti hisoblansada, o‘rta maktabdagi ishini ham tashlamadi. Har bir saboqni butun vujudi bilan Lolaxon darslikda aytilmagan ma’lumotlar, ijodkorlar hayotidagi ajoyib voqealarni hikoya qilib, yosh dillarni adabiyot atalmish sehrli olamga bo‘lgan mehrlarini oshirardi. Keyinchalik ko‘plab o‘quvchilarining adabiyot muallimi, filolog olim bo‘lib yetishishlarining asosiy sababi ham ana shu fusunkor saboqda bo‘lgan esa ne ajab!
Lolaxonim Toshkent davlat madaniyat instituti tashkil etilgach, pedagogika va psixologiya kafedrasida o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Astoydil izlangan, tinmay o‘qigani, o‘rganishdan erinmagani bois hamkasblari orasida ham, talabalar orasida ham katta hurmatga sazovar bo‘ldi. 1989 yilda unga Pedagogika fanlari dotsenti ilmiy unvoni berildi. Lola opa o‘nlab o‘quv qo‘llanmalar, ilmiy maqolalar yozdi. 1978 yilda yaratgan “Kichkintoylar uchun xrestomatiya” kitobi 1988 yilda qayta ishlanib, “O‘qituvchi” nashriyotida chop etildi. 1993 - 1996 yillarda esa S. G‘oziyeva bilan hamkorlikda yozilgan “Badiiy terma kitob” i ham ikki marta nashr qilindi.
Lola Subutoyevna qator yillar Toshkent shahar hamda Respublika o‘qituvchilar malakasini oshirish institutlarida pedagogika fanidan ma’ruzalar o‘qidi. O‘qituvchilarga amaliy yordam va ko‘rsatmalar berdi.
Serg‘ayrat olima opamiz nafaqaga chiqqach ham faoliyatini to‘xtatmadi. Ikki kelinga mehribon qaynona, nevaralarning ardoqli buvisidan tajriba o‘rganishni, uning mazmunli suhbatidan bahramand bo‘lishni ko‘pchilik ayollar orzu qilishadi. Bu ham amalga oshdi. Yunusobod tumanidagi o‘zi istiqomat qiladigan “Shivli” mahalla oqsoqolining “Diniy ma’rifiy va ma’naviy - axloqiy tarbiya masalalari” bo‘yicha maslahatchisi Lolaxon opa diniy munosabatlar uning mazmun - mohiyati, har xil zararli oqimlar haqida mahalla yoshlari bilan ham tez - tez suhbatlar uyushtiradi. U yoshlarning ham maslahatchisi , sirdoshigaa aylana oldi.
Mehnat qilgan elda aziz. Sulolasiga munosib umr yo‘lini bosib o‘tib, o‘zbek adabiyoti, pedagogikasi rivojiga munosib hissa qo‘sha olgan zaxmatkash olimamiz bugun xalqi, mahalladoshlari ardog‘ida.