O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Egamberdiyev No‘monjon Boboyevich

Egamberdiyev No‘monjonTexnika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston  Respublikasida xizmat ko‘rsatgan  ixtirochi va ratsionalizator

    No‘monjon Egamberdiyev 1939 yili Rishton qishlog‘ida tavallud topdi. 1946 - 1956 yillarda Rishtondagi 1 - o‘rta maktabda o‘qidi. 1956 - 1961 yillari Toshkent politexnika institutining kimyo - texnologiya fakultetida tahsil oldi.
  ToshPIning “Chanqovbosdi ichimliklar, achitqi mahsulotlari va sharob texnologiyasi” kafedrasini muvafaqiyatli  bitirgach, mehnat  faoliyatini  Qo‘qon  vino - aroq korxonasida muhandis - texnolog sifatida boshladi, 1961 - 1962 yillarda yo‘llanma bilan O‘zFA Botanika institutining “Texnikaviy mikrobiologiya” bo‘limida kichik ilmiy xodim lavozimida ishladi.
  1963 - 1964 yillarda sobiq Ittifoq Fanlar akademiyasining Mikrobiologiya instituti hamda Moskva davlat universitetida, 1964 - 1967 yillarda esa sobiq Ittifoq FA Mikrobiologiya instituti aspiranturasida ilmiy - tadqiqot ishlari bilan mashg‘ul bo‘ldi.
  1968 yilda mashhur akademik N. D. Ierusalimskiy rahbarligi ostida Moskva shahrida Mikrobiologiya institutining Ixtisoslashgan kengashida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Dissertatsiya achitqilarning uzluksiz o‘sishi va rivojlanishini boshqarishga bag‘ishlangan edi. Qo‘lga kiritilgan kashfiyot natijalari 1968 yili IV xalqaro mikrobiologlarning mikroorganizmlarni boshqarish sohasidagi Praga (Chexoslovakiya) simpoziumida ingliz tilidagi ilmiy ma’ruza bilan e’lon qilindi. Ilmiy rahbari akademik N. Ierusalimskiy bilan hamkorlikda “Parkent - 1”; “Parkent - 2” vino mahsuloti achitqi shtammalarini yaratib, ishlab chiqarishga tatbiq etganligi uchun sobiq Ittifoqning mualliflik guvohnomalariga ega bo‘ldi. Yaratilgan yangi vino achitqi shtammalari 1965 - 1969 yillarda O‘zbekistonning 17 ta birlamchi vino zavodlariga tatbiq etilgan va ijobiy dalolatnomalar bilan tasdiqlangan.
  N. Egamberdiyevning ilmiy ishlari metodologik nuqtai nazardan mikrob biotexnologiyasi asosida hujayra modda almashinuvini boshqarib, yangi turdagi va arzon oziq - ovqat mahsulotlari yaratishga bag‘ishlangan. 1969 yili tajribalar asosida mikroorganizmlarning murakkab tabiiy ozuqa muhitida (masalan: vino, pivo, xamirturush, sut achitqi mahsulotlari jarayonida) albatta aralash mikroorganizmlar ishtirok etishi va bu jarayonning oxiridagina toza shtamm ishlashini isbotladi, bu jarayonni RN stat uslubi bilan boshqarish mumkinligini ilmiy isbotladi. Bu usul mikrobiologlar tomonidan ma’qullandi va unga qator patentlar olindi.
  Texnika fanlari nomzodi N. Egamberdiyev usuli orqali qator yangi achitqi shtammalari respublikamizning non; sut mahsulotlari, chanqovbosdi ichimliklar, sharobsozlik va pivo ishlab chiqarish sohalariga tatbiq etildi. Uning qator ixtirolari import o‘rnini bosuvchi tabiiy xom ashyolardan tabiiy mazaga, hidga; organik kislotalarga va boshqa biologik faol moddalarga boy mahalliy chanqovbosdi ichimliklar, non va qandolat mahsulotlari (“ Lola”, “O‘zbekiston marmeladi”), yangi navli vino va aroqlar yaratishga bag‘ishlangan.
  Uning keyingi tadqiqotlari qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan: kungaboqar, paxta chanog‘i chiqindisi va boshqalardan ozuqaviy pektin olishning zamonaviy texnologiyasiga, ularni qandolat mahsulotlarida (marmelad, zefir), sharbat va chanqovbosdi ichimliklarida ishlatishga bag‘ishlangan. Ushbu ozuqaviy pektin ishtirokida Toshkent va Yangiyo‘l qandolat mahsulotlari fabrikasida, shuningdek, Rishton agrosanoat majmuasida marmelad ishlab chiqarish texnologiyasi tatbiq etildi.
  N. Egamberdiyev akademik O. S. Sodiqov rahbarligida O‘zFA Botanika va Bioorganika institutlari olimlari bilan hamkorlikda oziq - ovqat hamda farmatsevtika korxonalarida qo‘llanilayotgan sintetik bo‘lgan, chet eldan keltirilgan bo‘yoqlar o‘rniga gulxayri, shotut va qizil uzum chiqindilaridan tabiiy bo‘yoq olish texnologiyasini yaratdi; qandolat mahsulotlariga, chanqovbosdi ichimliklarga rang berish texnologiyasini ishlab chiqarishga joriy etdi.
  N. Egamberdiyev o‘zining chuqur va keng qamrovli, ilmiy asoslangan va keyinchalik keng ishlab chiqarishga joriy etilgan kashfiyotlari, amaliy ishlari asosida 1993 yilda Kiyev (Ukraina) oziq - ovqat texnologiyasi institutida “Mahalliy, noan’anaviy xom ashyolar asosida bijg‘ish mahsulotlari biotexnologiyasini yaratish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi va Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan unga professor unvoni berildi.
  Professor N. Egamberdiyev o‘z ilmiy faoliyati davomida 3 ta fan doktoriga va 10 dan ortiq fan nomzodiga ilmiy - amaliy yordam va maslahatlar berdi. No‘monjon Boboyevich 300 dan ortiq ilmiy ishlar, jumladan, 20 dan ortiq monografiya, o‘quv qo‘llanma va ilmiy risolalar, 50 dan ortiq mualliflik guvohnomasi, patent va me’yoriy texnik hujjatlar (TK, TSh, RS, TR] muallifidir. Ilmiy ishlarining 200 dan ortig‘i xorijiy hamda MDH davlatlarida chop etilgan. U ilmiy, pedagogik va ijtimoiy faoliyati davomida oziq-ovqat ekologiyasi, mikrobiologiyasi va shu sohalar uskunalari bo‘yicha qator xalqaro ilmiy kongresslarda, simpoziumlarda, konferentsiyalar va ilmiy ko‘rgazmalarda delegat sifatida qatnashdi.
  Taniqli olim N. Egamberdiyev ilk bor 1969 - 1971 yillarda O‘zFA Mikrobiologiya institutida “Mikropreparatlar biotexnologiyasi” bo‘limini ochishda qatnashib, uning birinchi rahbari, 1981 - 1987 yillarda Buxoro oziq - ovqat va yengil sanoat institutida ilk bor “Umumiy ovqatlanish texnologiyasi” kafedrasiga asos solib, birinchi kafedra mudiri lavozimlarida ishladi. 1987 - 1993 yillarda “Chanqovbosdi ichimliklar va pivo texnologiyasi” hamda “Maxsus texnologiya” laboratoriyalari asosida O‘rta Osiyo oziq - ovqat va loyiha konstruktorlik institutida “Bijg‘itish mahsulotlari biotexnologiyasi” laboratoriyasini tashkil qildi va unga ilk bor rahbarlik qildi. 1993 - 2000 yillar davomida esa Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston oziq - ovqat kontserni” tasarrufidagi “Shakar ishlab chiqarishni rivojlantirish” boshqarmasi hamda “Kichik korxonalar va tamaki fermentatsiyalash mahsulotlarini ishlab chiqarishini rivojlantirish” bo‘limlariga rahbarlik qildi.
  2000 - 2002 yillarda ToshDU (hozirgi O‘zMU) qoshidagi “Fan va taraqqiyot” DUKda rais o‘rinbosari va keyinchalik “Nozik kimyobiologik texnologiyalar” laboratoriyasi mudiri lavozimida samarali faoliyat ko‘rsatdi. Shuningdek; turli yillar (1969 - 2009) davomida Toshkent politexnika institutining “Umumiy kimyo” va “Bijg‘itish mahsulotlari” kafedralari hamda Toshkent davlat universitetining “Mikrobiologiya va tuban o‘simliklar” kafedralari dotsenti; Buxoro oziq - ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti professori va kafedra mudiri; ToshDU qoshidagi Oliy pedagogika institutining “Kimyo va biologiya” kafedrasi professori; Toshkent farmatsevtika institutining “Biotexnologiya” kafedrasi professori; Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining EkoGIS markazi professori lavozimlarida jo‘shqin faoliyat ko‘rsatdi.
  Xalqaro miqyosda nom qozongan taniqli olim No‘monjon Egamberdiyev 1992 yilda O‘zbekiston Tabiiy fanlar akademiyasining akademigi hamda Xalqaro injenerlar akademiyasining “Bioinjeneriya va biotexnologiya” sohasi bo‘yicha muxbir a’zoligiga saylangan, 1996 yilda esa unga Fargo (AQSh, Shimoliy Dakota) universitetining faxriy professori unvoni berilgan.
  Jahongashta olim 1993 yilda Xalqaro Tabiiy fanlar akademiyasi e’lon qilgan “Bioturli – tumanlik” sohasi bo‘yicha tanlov g‘olibi sifatida “Soros” (AQSh) mukofoti va diplomi bilan taqdirlangan. 1995 - 1996 yillar “O‘zyog‘moytamakisanoat” uyushmasi yo‘llanmasi bilan Malayziya davlatining Kuala - Lumpur shahridagi Palma yog‘i ilmiy tekshirish institutida bo‘lib, zamonaviy texnologiya, marketing va menejmenti bilan yaqindan tanishib, O‘zbekiston hamda Malayziya yog‘ - moy zavodlari orasida o‘zaro hamkorlikni o‘rnatishga muhim hissa qo‘shdi. 1995 yili AQSh Qishloq xo‘jalik vazirligi e’lon qilgan Koxran mukofotining laureati sifatida Fargo universitetidagi seminarda qatnashib, qishloq xo‘jaligi xom ashyolarini chiqindisiz biotexnologik qayta ishlash mavzusida ingliz tilida ma’ruza o‘qidi. U Vashington, Nyu - York, Chikago, Fargo, Minneapolis shaharlarida bo‘lib, hududlarning mikrobiotexnologiyasi va qishloqho‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalari bilan tanishib, O‘zbekiston qayta ishlash sanoati uchun qimmatli tavsiyalar yozdi.
  Shuningdek, u “Kompozitsion materiallar” ilmiy - texnik jurnalining tahririyat a’zosi, O‘zOAK tasdiqlagan ToshDTU qoshidagi “Fan va tarraqiyot” DUKning ixtisoslashgan Kengash seminari a’zosi, shu institutning hamda O‘zFA Polimerlar kimyosi va fizikasi institutlari ilmiy Kengashi a’zosi, O‘zR Vazirlar Mahkamasi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish” qo‘mitasidagi ilmiy grantlarni, ilmiy hisobotlarni baholash bo‘yicha ekspert a’zosi hamdir.
  Fan va ta’lim fidoyisi, professor No‘monjon Egamberdiyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999 yil 25 avgustdagi qaroriga asosan, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.  



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar10



Ijtimoiy-gumanitar fanlar5



Tabiiy fanlar80



Filologiya5