O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Ergasheva Shahlo Turgunovna

Ergasheva Shahlo Turgunovna    Ergasheva Shahlo Turgunovna, 1968 yil 18 avgustda go‘zal Toshkent  shahrining  Samarqand  darvoza  mahallasida tavallud topdi. Toshkent  irrigatsiya va meloratsiya  instituti “Buxgalteriya  hisobi va audit” kafedrasi  mudiri, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent.
    U oilaning to‘ng‘ichi, ochig‘i uzoq kutilgan birinchi farzand edi. Onasi uni «yuzimni yorug‘ qilgan erkatoyim» deb, otasi «ona qizim» deb erkalashardi. Allohning marhamati ila uning ketidan yana oila kengayib, singillari Shaxzoda, Shaxrizoda, ukalari Alijon, Otajon, Bobojonlar dunyoga kelishdi. Uzoq vaqt farzand ko‘rmagan bu oila keksalar tili bilan aytganda tezda serfarzand, serdavlat oilaga aylandi. «Otamizni ishdan qaytishlari katta bayramga aylanar, onam mehr bilan tayyorlagan kechki ovqat katta dasturxon atrofida tanovul qilinardi. So‘ngra hammamiz kunlik muammolarimiz, yutuqlarimiz haqida hisob berardik. Rahmatli ota - onam erinmasdan bizni eshitishar va muammolarimizni hal qilish choralarini o‘rgatishardi», - sog‘inib eslaydi Shahlo opa.
    O‘rta maktabni a’lo baholarga tugatib, 1985 yilda Toshkent Xalq xo‘jaligi institutiga o‘qishga qabul qilindim. Otam Toshkent viloyatiga ishga o‘tganliklari uchun oilamiz Toshkent viloyati, Parkent shahriga ko‘chib ketdi. Men esa katta oyimlar bilan shahar hovlida qoldim. Endi uyda gavjumlik yo‘q, birdaniga bo‘shab qolgan katta hovli yutib yuborgudek edi. Shu sababli, u institutdagi o‘qishini 1 kursdan so‘ng, kechki bo‘limga o‘tkazib, Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutining «Oliy matematika» kafedrasiga laborant lavozimiga ishga kirdi. Kafedra bu mening birinchi hayot maktabim, - deydi Shahlo ona. Birinchi ustozlarim ham shu «Oliy matematika» kafedrasi professor o‘qituvchilari professor E.F. Fayziboyev, dotsentlar X.R. Rahmatova, S.S. Mosolova, Z. Sulaymonov, B.I. Kramarovskiy, katta o‘qituvchilar V.A. Toporova, S. Alimova, D. Yusupova, K. Nishonboyev, Z.U. Yuldashevlar bo‘lishgan.
    Bu orada turmushga chiqdi. Turmush o‘rtog‘i Abror aka uni ham o‘qib, ham ishlashiga qarshilik qilmadi. Qaynotasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘afforxo‘ja aka Mannopov va qaynonasi Mahfuza ayalar uni har ishda qo‘llashardi. Endi u erka kelin, sevimli yor, shirin farzandlarining onasi edi. Institutni muvaffaqiyatli tugatib, kafedra laboratoriya mudiri lavozimida ishlay boshladi, shu bilan birga o‘rindoshlik asosida mazkur institutning «Buxgalteriya hisobi va moliya» kafedrasida stajyor o‘qituvchi, assistent lavozimlarida ishladi. 2002 yilda «Buxgalteriya hisobi va moliya» kafedrasida to‘liq assistent lavozimiga ishga o‘tdi. 2004 yilda ilmiy rahbari iqtisod fanlari doktori, professor B.B. Berkinov rahbarligida «Qishloq xo‘jalik yerlaridan samarali foydalanish jarayonlarini modellashtirish» mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 2005 yildan Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining «Buxgalteriya hisobi va audit» kafedrasida dotsent vazifasini bajaruvchi, dotsent, kafedra mudiri lavozimlarida ishlab kelmoqda.
    Sh. Ergasheva mehnatsevarligi, ishga mas’uliyat bilan yondashishi, o‘z ustida muntazam ishlashi, yangiliklarga intiluvchanligi bilan kafedra va institut xodimlari orasida obro‘ - e’tibor qozondi. Kafedrada «Statistika», «Moliyaviy va boshqaruv hisobi», «Investitsiyalarni tashkil etish va moliyalashtirish», «Audit» fanlaridan o‘zbek va rus tillarida talabalarga o‘z bilimini o‘rgatib kelmoqda. Sh.T. Ergasheva 3 ta o‘quv qo‘llanma, 100 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etdi. Shu bilan bir qatorda u zamon talablari asosida o‘z malakasini muntazam ravishda oshirib kelmoqda. Jumladan, Uzbek Amerika akademiyasi (Yeyope!) da «Prodvinutaya makroekonomika», «Ekonometrika» kurslari, O‘zbekiston buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasida «Moliyaviy hisob», «Audit», Misr Arab Respublikasining Qohira universitetida «Technologies of  cotton and Wheat Production» dasturi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Iste’dod» jamg‘armasi intellektual salohiyat markazida «O‘zbekiston Respublikasining 15 yil mustaqillik davrida ijtimoiy - iqtisodiy rivojlanishi: islohotlarning zamonaviy holati va strategiyasi» dasturlari bo‘yicha malaka oshirdi.
    Bundan tashqari, kafedrada «Suv xo‘jaligida boshqaruv hisobini tashkil etish va takomillashtirish» mavzusida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
    - Qiynalgan, tushkunlikka tushgan kezlarimda rahmatlik onam Nurixon aya, ortga qaytma, azoblaring bir kun rohat bo‘ladi, deb ruhlantirar edi. Men onam ko‘rsatgan yo‘ldan ketyapman, uning to‘g‘riligiga har gal amin bo‘lganimda, faqat ularga to‘lib - toshib bolalik kezlaridek gapirib, yana nimalar qilishim mumkinligi xususida maslahat ololmayman. Bu birdan - bir armonim bo‘lsa kerak. Ukalarim, singillarim bugun yonimda. Garchi ota - onamiz hayotdan juda erta ketishgan bo‘lsada, ular bergan tarbiya tufayli oilamiz el nazariga tushdi. Farzandlarim Ra’noxon, Barnoxon, Alisherlarni ham turmush o‘rtog‘im Abror aka bilan ana shunday ahil bo‘lib tarbiyalashga harakat qilaman, chunki hayotda mukammal inson bo‘lish oiladan boshlanadi, - to‘lqinlanib so‘zlaydi olima.
    Shahlo Turgunovna boshqarayotgan «Buxgalteriya hisobi va audit» kafedrasi Respublikamiz iqtisodiyotiga malakali buxgalter va auditorlarni tayyorlashdek ulkan bir vazifani bajaradi. Bu o‘rinda Shaxlo opaning mehnatlari ham beqiyosdir. Kafedra ham bir oilam, bu dargohda ustozlarim iqtisod fanlari nomzodlari, dotsentlar A.P. Po‘latov, S.R. Ochilov, Sh.I. Xodjimuhamedovlar va katta o‘qituvchilar D.N. Tolipova, I.Z. Yuldasheva, A.Z. Tabayev, A.G. Ibragimov, Z. Madaminovalar bilan ishlayotganimdan baxtiyorman. Men ozod va obod yurtning olima ayoli ekanligim bilan faxrlanaman, - deydilar Shahlo opa.



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar60



Ijtimoiy-gumanitar fanlar15



Tabiiy fanlar5



Filologiya20