Beruniy nomidagi Davlat mukofati laureati, filologiya fanlari doktori, professor
Sodirxon Erkinov 1930 yil 30 yanvarda Rishton qishlog‘ida xizmatchi oilasida dunyoga keldi. Otasi Abduhakim aka xushchaqchaq , sanatkor inson edi. “ Erkin” taxallusi bilan sherlar yozib, qo‘shiqlari bilan davralarga fayz kiritardi...
Sodirxon akaning bolaligi urush yillariga to‘g‘ri keldi. U ikkinchi Jahon urushi nafasini yelkasiga osib olgan charm sumkasidagi xabar va maktublardan yanada yaqinroqhis qilardi - o‘sha yillari pochtachilik uning zimmasida edi. Frontdan kelgan xatlarni o‘qib berib, kimnidir quvontirsa, ba’zan “qora xatlar” ni ham egalariga yetkazishga majbur edi. Urush tugab, hayot o‘z iziga tushgach, Sodirxon pochtachilikni tashlab, Rishtondagi 1 - o‘rta maktabning 10 - sinfini tugatdi.
She’r yozish, shoir bo‘lish ishqida Farg‘ona davlat pedagogika institutining til va adabiyot fakultetiga o‘qishga kirdi. Talabalik yillarida (1948 - 1952) Farg‘onaga kelgan G‘afur G‘ulom, Shuhrat, Hamid G‘ulom singari yozuvchi - shoirlar, olimlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar uning she’r yozishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada kuchaytiradi. Dastlabki she’rlari viloyat gazetalarida tez - tez chop etiladi.
“Men ustoz Bokiydan, To‘xtasin Zohidovdan she’riyat va ilm sirlarini o‘rgana boshladim. Institutda o‘qib yurgan kezlarim keksa dotsent Akram Ibrohimov menga o‘ta mehribon edi. Qo‘qon pedagogika institutiga kelganim va Muqimiy uy - muzeyiga rahbar bo‘lgan kezlarimda Inom Rasulov hamda shoir Charxiy menga ilm va adabiyot sirlarini o‘rgatdilar. Shu muzey xodimi shoir Charxiy bilan hamkorlikda she’rlar yozishimiz esimda”, deb yozgandi o‘z xotiralarida Sodirxon aka. 1952 yili Farg‘ona davlat pedagogika institutini tugatgach, unga Qo‘qon pedinstitutida ishlash uchun yo‘llanma beradilar.
Sodirxon Erkinov 1953 - 1956 yillarda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining aspiranturasini o‘tadi. 1958 yili Toshkent davlat Sharqshunoslik institutida O‘zFAning ijtimoiy fanlar bo‘yicha tashkil topgan ilmiy Kengashida “Lutfiy va uning “Gul va Navro‘z” dostoni” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlaydi.
Himoyadan so‘ng yosh olim Qo‘qonda ilmiy - pedagogik faoliyatini davom ettiradi. Taniqli adabiyotshunos olim Aziz Qayumovning sa’y - harakatlari bilan shu shaharda “Adabiyot muzeyi” tashkil topadi, unga Sodirxon aka mu - dirlikka tayinlanadi. Farg‘ona vodiysi ijodkorlari, ilm va ma’rifat ahlining sevimli maskaniga aylangan mazkur markazda turli adabiy uchrashuvlar, ahamiyatli tadbirlarni amalga oshirishda bosh - qosh bo‘ladi.
1962 yilda yosh olim ilmiy faoliyatini davom ettirish uchun oilasi bilan Qo‘qondan Toshkentga ko‘chib keladi. Ustozi Izzat Sulton unga doktorlik dissertatsiyasi yozishni maslahat beradi. S.Erkinov shu 1962 yildan boshlab O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti o‘zbek adabiyoti bo‘limida katta ilmiy xodim, 1976 - 1986 yillarda institut huzuridagi matnshunoslik bo‘limi mudiri bo‘lib ishladi. U 1986 - 1995 yillarda esa o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘limining yetakchi ilmiy xodimi sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
S.Erkinovning ilmiy faoliyati o‘tgan asrning 50 – yil - laridan boshlanib, bu davrda o‘zbek va tojik adabiyoti bo‘yicha qator maqolalarini e’lon qildi. Olim 1959, 1960, 1965, 1988 yillarda o‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi Mavlono Lutfiy asarlarini o‘zbek va rus tillarida nashrga tayyorlab, keng kitobxonlarga yetkazdi. Ushbu nashrlar uchun yozilgan so‘zboshilarda va ilmiy to‘plam, jurnallarda bosilib chiqqan maqolalarida olim Lutfiy tarjimai holini ma’lumotlar bilan boyitdi, asarlari mazmunini yanada chuqur badiiy tahlillar vositasida ochib, shoirning ijodiy kontseptsiyasi shakllanishi, kamol topish bosqichlarini belgilab berdi. Bu ishlarning natijasi o‘laroq, 1965 yilda uning “Lutfiy” monografiyasi bosilib chiqdi.
Sodirxon Erkinov Til va adabiyot instituti nashr ettirgan besh tomlik “O‘zbek adabiyoti tarixi”ning mualliflaridan biridir. Rus tilidagi ikki tomlik “O‘zbek adabiyoti tarixi” tadqiqoti uchun mualliflar jamoasi bilan birgalikda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Olim ko‘p yillar davomida Sharqda “Farhod va Shirin” qissasining shakllanishi, uning o‘zbek, tojik, ozarbayjon, hind, turk va boshqa xalqlar adabiyotidagi o‘rni masalasi ustida jiddiy ilmiy ish olib bordi. 1971 yili “Fan” nashriyotida uning “Navoiy “Farhod va Shirin”i va uning qiyosiy tahlili” nomli katta tadqiqoti chop etildi. Kitob nashrdan chiqqandan keyin o‘zbek va Sharq adabiyoti mutaxassislari bildirgan xolis fikr, tavsiyalar asosida o‘z tadqiqotini to‘ldirib, 1974 yilda “Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni va uni qiyosiy o‘rganishning ba’zi masalalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Olimning bu mavzudagi ilmiy ishini V.Zohidov, I.Sultonov, A.Qayumov, A.Hayitmetov kabi yirik mutaxassislar, shuningdek, ozarbayjonlik mashhur olim professor H.Arasli yuqori baholadilar.
S.Erkinovning ilmiy faoliyatida o‘zbek adabiyotining Sharq xalqlari adabiyotlari bilan aloqalarini tadqiq etish muhim yo‘nalishni tashkil qiladi. Olim Sharqda mashhur xamsachilik an’anasining Navoiygacha bo‘lgan tarixi, Navoiy “Xamsa”si an’analarining keyingi Sharq adabiyotida davom ettirilishi masalalari bo‘yicha tizimli ravishda shug‘ullanib keldi.
Tadqiqotchining 1977 yilda bosmadan chiqqan “Asrlar osha mushoira”, 1985 yilda nashr etilgan “Sharq ada - biyotida Farhod qissasi” kitoblari ham masalalarning qo‘yilishi va ularni hal etishdagi ilmiy tahlilning o‘ziga xosligi, asoslanganligi bilan ajralib turadi.
Ilmda doim izlanishda bo‘lgan kamtarin olim S.Erkinov 1976 - 1986 yillarda Til va adabiyot instituti matnshunoslik bo‘limini boshqardi. Shu davrda u Hamza Hakimzoda Niyoziyning to‘rt tomlik, Hamid Olimjonning o‘n tomlik “Mukammal asarlar to‘plami” akademik nashrlarida ham noshir, ham muharrir, ham tahrir a’zosi sifatida faol qatnashdi.
Sodirxon Erkinovning nafaqat ilmiy - tashkiliy, balki jamoatchilik faoliyati ham diqqatga sazovor. U uzoq yillar mobaynida, ya’ni 1960 yildan to 2007 yilgacha O‘zRFA Til va adabiyot instituti huzuridagi doktorlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘yicha Ixtisoslashgan ilmiy Kengash a’zosi edi. U Til va adabiyot instituti ilmiy, ijtimoiy jarayonlarida faol qatnashib, bir necha aspirantga ilmiy rahbar, doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarida rasmiy opponentlik qildi. Olim o‘zining kamtarligi, ilmdagi izlanishda charchamasligi, yosh olimlarga samimiy xayrixohligi va tashkilotchiligi bilan hurmatga sazovor bo‘ldi.
Sodirxon aka turmush o‘rtog‘i Latofatxon aya Abdulhay qizi bilan to‘rt farzandni voyaga yetkazdilar (Navruzjon, Abduhakim, Aftondil va qizlari No‘shobaxon}. Farzandlaridan Aftondil ota yo‘lini tanlab, ilmiy - tadqiqot ishlarini olib bordi. 1998 yili Aftondil Erkinov “Alisher Navoiy “Xamsa”si talqinining XV - XX asr manbalari” mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. U bugun ham tinimsiz izlanishda.
Professor S.Erkinov o‘zi ko‘p yillar davomida ishlab kelgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutida dissertatsiyalar himoyasi bo‘yicha ilmiy Kengash a’zosi sifatida faoliyat yuritib, o‘nlab fan nomzodlari va qator fan doktorlarining ilmiy tadqiqot ishlariga rahbarlik qilgan.
Butun umrini ilmu ijodga bag‘ishlagan tinib - tinchimas olim, talabchan va mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson, Rishton tumanidan yetishib chiqqan birinchi fan nomzodi, birinchi fan doktori, professor Sodir Erkinovning yorqin xotirasi do‘stlari, hamkasblari va shogirdlari qalbida umrbod saqlanib qoladi.