O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

G‘oziyeva Muhabbatxon Masud Nazariy qizi

G‘oziyeva Muhabbatxon Masud Nazariy qizi    G‘oziyeva Muhabbatxon Masud Nazariy qizi, 9 mart  1944 yilda Andijon  viloyatining Shahrixon  shahrida tug‘ilgan. Tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.
    Muhabbatxon hali maktabga bormasidanoq katta bo‘lsam dotsent bo‘laman derdi. To‘g‘ri u balki bu yoshda «dotsent» nima ekanligini yaxshi anglab yetmagan ham bo‘lishi mumkin. Biroq Muhabbatning dadasi viloyat xalq maorifi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgani uchun uylariga tez - tez mehmonlar kelar, ularning aksariyat qismi ziyolilar - olimlar edi. Qarindoshlari ham 40 - yillarning eng ilg‘or ziyolilari bo‘lib, ko‘pchiligi fan nomzodi, dotsentlar edi. Otasi ular haqida farzandlariga falonchi amaking dotsent, pistonchi tog‘ang dotsent deb faxr va havas bilan gapirar edi. Shundanmi Muhabbat dotsentlikni hurmatga sazovor bir kasb deb, hisoblab olti yoshidayoq «dotsent» bo‘lishga qaror qilgan edi. Muhabbat oiladagi 9 nafar farzandning oltinchisi. Aka opalari rus maktabida a’lo baholarga o‘qishardi. Muhabbat esa sal erkaroq edi. Bir kuni dadasi uni huzuriga chaqirib shunday dedi:
    - Qizim, o‘qishni a’lo bahoga tugatsang, arab tilini, rus tilini yaxshi o‘rgansang, shifokorlikka o‘qitaman, aks holda erga berib yuboraman.
    Muhabbat shundan so‘ng o‘qishga astoydil kirishdi va maktabni medal bilan tugatdi. 1962 yilda Toshkent meditsina institutining pediatriya fakultetiga o‘qishga kirdi. Otasining orzusi ushaldi va o‘sha maktabdagi g‘ayratini bu yerda ham bo‘shashtirmadi. Tez orada ustozlari va kursdoshlari nazariga tushdi. 1 - kursdayoq akademik sektor devoriy gazetasining faol muxbiriga aylandi.
    4 - kursda o‘qib yurganida onasi bilan qarindoshlari tilshunos olim Husan G‘oziyevlarnikiga mehmonga bordi. Uy bekasiga mehmon kutishga qarashib yubordi. Uy bekasi matematik olim Toshmuhammad Sarimsoqovning opasiga bu chaqqongina, ochiqqina, shirin so‘z qiz yoqib qoldi. Ularning Usmonjon ismli shu yili universitetni tugatgan o‘g‘illari bilan taqdirlari bog‘landi . . . Muhabbatxon institutni tugatguncha biri - biridan asal Diloromxon va Saidaxon ismli qizaloqlarga ona bo‘ldi. Lekin o‘qishni qoldirmadi. Qaynonasi uni qo‘llab - quvvatladi, bolalarga o‘zi qaradi. Diplomni olgach, uni institutda qolib ishlashga taklif qilishdi. Biroq Muhabbat davolovchi vrach bo‘lishni xohladi. U 1970 - 1972 yillarda oliygohning yuqumli kasalliklar kafedrasida klinik ordinaturani o‘tadi. So‘ng ilmiy rahbari Vali Majidov bilan birgalikda yangi tashkil etilgan O‘rta Osiyo pediatriya institutiga ishga o‘tdi. 1975 yildan shu institut yuqumli kasalliklar kafedrasida assistent lavozimida ishladi. Endi Muhabbatxon yana bir yangi orzu - ilmiy ish qilish haqida o‘ylardi. «Ikkita farzand bilan ilmiy ish qilish oson emas. Farzandlarga kim qaraydi», - deyishdi ustozlar. «Onam bor, qaynonam qarashadilar», - ahdida qat’iy turgan Muhabbatni turmush o‘rtog‘i ham qo‘llab - quvvatladi. U Sankt - Peterburg 1 - meditsina institutida akademik Yevgeniya Petrovna Shuvalova etagidan mahkam tutdi. Uch yil Toshkent - Leningrad orasida qatnadi. Kutubxona mudirlari «bo‘ldi zalni qulflaymiz» deguncha o‘tirib kitob o‘qidi, izlandi. Charchamadi, qiyinchilikdan shikoyat qilmadi. «Men shuncha yillik ustozlik faoliyatimda bunchalik mehnatkash, yaxshi ma’nodagi qaysar, maqsad yo‘lida o‘zini ham ayamaydigan fidoyi, tirishqoq shogirdni ko‘rmagandim, - dedi ustozi, M. G‘oziyevaning «Yuqumli sariq kasalligini oldini olish» mavzusidagi dissertatsiyasi himoyasi chog‘ida. Men Muhabbatni fanimizning chinakam fidoyisi deb tan oldim. Uning kelajagi porloq». Muhabbat nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va to‘g‘ri qadrdon institutiga yo‘l oldi. Uni institut darvozasida oliygoh rektori, ustozi Vali Majidov guldasta bilan qarshi oldi. «Sizga qoyilman, hammasini uddaladingiz» deb qo‘lini mahkam siqib qo‘ydi. Muhabbat esa bu yutuqlarning barchasi qaynonasi va turmush o‘rtog‘ining ulkan yordami tufayli ekanligini yurakdan his qilardi. Hammasi uchun rahmat, endi xursand bo‘lish sizlarning navbatingiz, - dedi u ichida va bu gal ham so‘zida turdi. Ko‘p o‘tmay u uchinchi farzand - o‘g‘illik bo‘ldi. Qaynonasini ham, Usmon akasini ham xursand qildi. Yosh olima endi talabalarga dars o‘tar ekan «Insonlarni chin ko‘ngildan yaxshi ko‘rgan talabagina chinakam shifokor bo‘ladi», - deb uqtirardi.
    1978 yilda ilk bor vrachlar uchun «Yuqumli virusli gepatitni oldini olish» metodik qo‘llanmasini yozdi. Keyinchalik talaba va vrachlar uchun «Qoqshol» va «Ich- burug‘» kasalliklarini davolash va ularni oldini olish kabi 40 ta yaqin ilmiy maqola va metodik qo‘llanmalar yaratdi. «Yuqumli ichki kasalliklaridan kelib chiqadigan asorat - disbakteriozni davolash» mavzusidagi ilmiy maqolasi ikkinchi regional Markaziy Osiyo pediatrlarining xalqaro kongressi kitobida chop etildi.
    To‘rt farzand tarbiyasidan ortib, «Sanaviatsiya» guruhida butun O‘zbekistonni kezdi. Mahalliy shifokorlarga nafaqat maslahat va yo‘l - yo‘riqlar berdi. Kezi kelganda shifokorlik qilib, yuzlab bemorlarning shifo topishiga yordam berdi. Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida ich terlash bilan qattiq og‘rigan, hatto shifokorlar ham uni tuzalishidan umid uzib qo‘ygan 21 yoshli kelinchakka qayta hayot baxsh etdi. Mana 30 yildirki o‘sha ayol xaloskoriga minnatdorlik xatlari bitadi. Muhabbat bu maktublarni talabalariga o‘qib berar ekan, ular ko‘zida tanlagan kasblaridan faxr hissini tuyadi, shirin entikadi.
    Muhabbat opa kasbini qancha chuqur bilsa yana bilgisi keladi. Izlanadi, izlanaveradi. Undagi bu fazilatni o‘z vaqtida payqagan ustozi Yevgeniya Petrovna shogirdiga bajonidil ko‘maklashdi. U qachon o‘rgangani borsa, quchoq ochib kutib oldi. Tibbiyotning eng so‘nggi yutuqlari bilan tanishtirishdan erinmadi. «Ko‘p bolali onasanu, lekin buni sezdirmaysan, oilangdagi muammo, tashvishlarni, kasbiy vazifangga aralashtirmaysan. Bilasanmi, bu nimadan - kasbingni chin dildan sevishingdan, barakallo qizim», - derdi u bolalari haqida sog‘inch bilan gapirayotgan shogirdini quchib. Muhabbat malaka oshirib qaytgach, uch - to‘rt kun uyda bo‘ladi - yu, yana ishga otlanadi. Yana yarim tungacha ma’ruzaga  tayyorlanishlar boshlanadi. Juda tinchimagan ayolsizda, - deydi turmush o‘rtog‘i, fizik olim - fizika fanlari nomzodi Usmon Husanovich. Biroq rafiqasiga bajonidil yordamlashadi. Muhabbat opa oshqozon ichak kasalliklari, o‘t qopidagi toshlarni tushiruvchi lazer apparatdan foydalanish uchun malaka oshirdi. Turmush o‘rtog‘i o‘sha qimmatbaho apparat va yana bir qancha zarur asbob - anjomlar bilan ish kabinetini jihozlab berdi. Keyin nina bilan davolashni ham o‘rgandi. Keyinchalik shahar fizterapiya sanatoriyasida gastroentolog bo‘lib ishladi. Yuzlab bemorlarning shifo topishiga hissa qo‘shdi. Yillar esa yugurikdek o‘tib ketdi.
    Qizlari ona izidan borib, shifokor bo‘lishdi. Kelini ham nevropotolog 9 ta nevara, bir evaraning buvisi. Otasining topshirig‘i - arab tilini ham o‘rgandi, haj ziyoratiga borish nasib qildi. Dunyo ko‘rdi, dunyolar yaratdi.
    Yurtimizning eng ilg‘or ziyoli oilalaridan birida tug‘ildim, shunday oilaga kelin bo‘ldim. Taqdirimdan ming bora roziman, - deydi Muhabbat opa. Bir shifokor olima sifatida xalqimga xizmat qilib obro‘ - e’tibor topdim. Dadasi bilan qo‘sha qarib, farzandlar ardog‘idamiz. Agar odam orzu sari intilsa, qiyinchiliklardan qo‘rqmasa, eng muhimi uni yonida uni tushungan, uni qo‘llab - quvvatlovchisi bo‘lsa, albatta maqsadga yetadi. Hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi.



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar20



Ijtimoiy-gumanitar fanlar5



Tabiiy fanlar70



Filologiya5