Imatullayeva Muqaddam G‘ulomovna
Baxti bekam bo‘lsin ayolning
Imatullayeva Muqaddam G‘ulomovna, 1947 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, kimyo - texnologiya fanlari nomzodi.
Muqaddam 1970 yilda Toshkent politexnika institutining kimyo texnologiya fakultetini tugatib, injener texnolog kasbini egallagan paytida, o‘g‘li Habibullo bir yoshda , qizi Nargiza bir oylik chaqaloq edi. Ko‘pchilik bo‘ldi endi, diplomni sandiqqa choladi - yu, uyda qolib ketadi, deb o‘ylagan edi. Biroq bunday bo‘lmadi. Muqaddam o‘zbek ayoliga xos bolajon edi, biroq o‘zbek ayoliga xos “qirqta jon” ga ham ega edi. U ham ro‘zg‘or, ham bolalar tarbiyasidan ortib, ishini davom ettirdi. Chunki yonida hamnafas do‘sti, umr yo‘ldoshi, yosh olim Fatxulla akadek suyanch tog‘i bor edi. Agar ayolning uyda baxti bo‘lsa, uni tushinsa, u mutlaqo charchamaydi, gulday nozik gavdasi bilan tog‘ni talqon qilgudek qudrat sezadi o‘zida. Muqaddamxon ana shunday baxtli ayol edi. 1972 - 1977 yillarda ToshPIning kimyo - texnologiya fakultetida, 1991 yildan esa Toshkent kimyo - texnologiya institutida stajyor tadqiqotchi, polimerlar laboratoriyasida injener bo‘lib ishlaydi. Kenjatoyi Ziyodullani maktabga berishga, farzandlari bilan soatlab mashg‘ulotlar o‘tkazishga, ularning rang-barang savollariga batafsil javob berishga, dunyoqarashini, ma’naviyatini o‘stirishga ham vaqt topdi. Yuragida esa ilmiy ish qilish ishtiyoqi jo‘sh urardi. Shu havas, shu maqsadda u 1977 yil “Organik kimyo” kafedrasi aspiranti bo‘ldi. 1982 yilda “Atsetilen birikmalari va ammiak asosida sintez qilinadigan ba’zi bir piridin asoslarini katalitik sintezini va kimyoviy o‘zgarishlarini o‘rganish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Shu tariqa uning pedagogik faoliyati rivojlandi. U “Organik kimyo” kafedrasi assistenti, katta o‘qituvchi sifatida talabalar mehrini qozondi. To‘plagan tajribalari o‘quv - uslubiy, ilmiy tadqiqot ishlarini yanada takomillashtirish va rivojlantirishdagi faoliyatida qo‘l keldi. Endi uni nafaqat o‘zbekistonlik, balki sobiq ittifoqdagi boshqa ko‘plab respublika olimlari ham tanidi. Muqaddam G‘ulomovna Moskva, Leningrad, Riga, Novosibirsk, Boku, Yereven shaharlarida o‘tkazilgan ilmiy - amaliy konfrensiyalarda o‘zining mazmunli, jonli ma’ruzalari bilan hamkasblari e’tiborini qozondi.
1986 yili dotsent unvoniga sazovar bo‘ldi. Faol jamoatchi, iqtidorli olima fakultet qoshida tashkil etilgan ixtirochi va ratsionalizatorlar (VOIR) jamiyatiga rahbarlik qilgan salkam o‘n yillik fursatda ko‘plab ixtirochilar , iste’dodlar kashf qilinishiga munosib hissa qo‘shdi. 50 dan ortiq ilmiy maqolalar, 6 ta o‘quv - uslubiy qo‘llanma nashr ettirdi ilmiy maqolalar, 6ta o‘quv - uslubiy qo‘llanma nashr ettirdi, 6 ta avtorlik guvohnomasiga ega bo‘ldi.Vaqtni o‘tishini qarang, Muqaddamxon ilmiy izlanishlar, ijodiy ishlar, jamoat ishlari bilan shug‘ullanib yurib farzandlarining ulg‘ayib qolganini ham sezmay qolibdi. Bolalari ota - onalaridan ibrat olib, oliy ma’lumotli bo‘lishdi. Muqaddamxonning hovlisini to‘ldirib kelinlar keldi. Nargizaxon ham bir xonadonning suyukli kelini bo‘ldi. Hash - pash deguncha turmush o‘rtog‘i Texnika universiteti professori, akademik Fatxulla Raxmatovich buvajon, Muqaddam G‘ulomovna buvijon degan sharafli unvonga sazovar bo‘lishdi.
- Onasi, danagidan mag‘izi shirin, dedi Fatxulla aka, - nabiralarimizni ham o‘zimiz faxrlanadigan farzandlarimizdek qilib tarbiyalasangiz degandim. Shunday qilib, olima Muqaddamxon buvilik mashg‘ulotiga kirishdi, nafaqaga chiqdi. Biroq qalovini topsang, qor ham yonadi, deganlaridek serg‘ayrat buvijon yetti nabira tarbiyasiga qo‘shib, darsliklar yaratishni davom ettirdi. 26 bosma taboqdan iborat “Organik kimyo” darsligini yozdi. Bu kitob 2008 yilda yilning eng yaxshi darsliklari qatoridan joy oldi. 2010 yilda esa uchinchi kitob - “Organik kimyodan qisqa ma’lumotlar” ni tayyorladi. Muqaddam G‘ulomovna bugungi kunda ham qizg‘in izlanishda, u oliy o‘quv yurtlarida metallurgiya sohasida ta’lim olayotgan talabalar uchun “Organika kimyo” darsligini yozyapti. Biz yillar silsilasida bilimi ham, tajribasi ham toblangan, tinib - tinchimas olimamizga mana shu g‘ayrat sizni hech qachon tark etmasin, yurtimiz kimyo sanoatiga rivojiga, oliy ta’lim sohasiga qo‘shayotgan ulkan xizmatingiz rohatini ko‘ring, deymiz.