O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Iskandarova Mastura

Iskandarova MasturaIskandarova Mastura

    Iskandarova Mastura, 4 may 1948  yilda Chimkent viloyatining Sayram tumanida tug‘ilgan. Texnika fanlari doktori, Toshkent kimyo - texnologiya instituti professori.
    Mastura opaning mehnat faoliyati bilan tanishar ekanman, uni beixtiyor Uvaysiy, Nodirabegim, Qurbonjon  dodxoxlarning vorisi degim  keldi. Negaki  fan, madaniyat va adabiyotda, davlat  boshqaruvi, hatto harbiy salohiyatda  ham erkaklarni  lol qoldirgan - zukko  momolarimizning shijoati, bilim va mahorati mujassam edi opada.
    O‘zbek olimasining Rossiya tabiiy fanlar akademiyasining  muxtor a’zosi etib saylanishi ham ana shu  bilim va salohiyatning chinakam e’tirof   emasmi?!
    Har qanday  buyuklik ham oddiylikdan boshlanadi. Bugun olima, taniqli jamoat  arbobi, faol ilmiy rahbar sifatida hurmat qozongan. Mastura Iskandarova  ham bir paytlar sochlariga jamalak taqqan, burro, biyron,  javoblari bilan ustozlari mehrini qozongan  a’lochi o‘quvchi bo‘lgan. Masturaxon  maktabni tugatgach, 1965 yilda Toshkent politexnika  institutining  kimyo - texnologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. Muhandis - texnolog diplomini olgach, institut qoshidagi  aspiranturada  o‘qishni  davom ettirdi. O‘qish jarayonida  mustahkamligi o‘ta yuqori, tez qotadigan  sementlarning yangi  turlarini  yaratish ustida  ilmiy izlanishlar olib bordi. Izlanishlar o‘z  samarasini  berdi. U 1981 yilda shu mavzudagi  dissertatsiyasini  muvaffaqiyatli  yoqlab, texnika  fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. Masturaxon endi ilm kishisi sifatida astoydil  izlandi. O‘zini fanga  bag‘ishladi. Institutning  kimyo - texnologiya fakultetidagi “Noorganik moddalar texnologiyasi” kafedrasida kichik ilmiy  xodim  sifatida ish boshlagan Mastura ko‘p o‘tmay katta ilmiy xodim bo‘ldi, keyin doktaranturada  tahsil oldi. Ulkan qurilish  maydoniga  aylangan, kundan - kunga chiroy ochayotgan O‘zbekiston  qurilish sanoati rivojiga o‘z bilim va salohiyati  bilan  hissa qo‘shgan  uning ezgu  maqsadi. Ana shu ezgu niyat bilan ilmiy ishlarini davom ettirgan olima 1995 yilda  “Sulfat - sulfagenalyuminat mexanizmi  bo‘yicha  qotadigan  fosfogips va boshqa  texnogen mahsulotlar asosidagi maxsus sementlarning yangi turlari”  mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Texnika fanlari  doktori  bo‘ldi. O‘z bilim - tajribalarini talabalarga  o‘rgatishda  davom etgan olima Toshkent  kimyo - texnologiya  institutida  yetakchi ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, o‘quv - uslubiy  bo‘lim boshlig‘i  lavozimlarida  ham o‘zining  fidokorligini, jonkuyarligini namoyish qildi. Mehnat qilgan elda aziz, deydi xalqimiz. Masturadagi  shijoat, zakovatni sezgan rahbariyat uni  O‘zbekiston Respublikasi  “Fan va taraqqiyot”  ilmiy - texnologik kompleksida  hamkorlikda  ishlashga taklif qildi. Mana ikki yildirki, ushbu  tashkilotning “Kompazitsion bog‘lovchi  materiallar  texnologiyasi” ilmiy - tadqiqot  laboratoriyasi mudiri,  Mastura  Iskandarova shunday  ma’suliyatli lavozimni ham  sharaf bilan  uddalayapti. Inson qancha  ko‘p  o‘rgansa, qancha ko‘p  izlansa, o‘zidagi imkoniyat quvvatlari shunchalik yuzaga  chiqaverar ekan. Buni Masturaxon faoliyatida  ham ko‘rish  mumkin. U jonajon  institutning Davlat  ilmiy - texnik dasturi doirasida  bajarilgan  loyihaga  rahbarlik qilish  barobarida “Kompozitsion  bog‘lovchi materiallar  texnologiyasi”, so‘ngroq “Noorganik moddalar  texnologiyasi” kafedralariga ham mudirlik qildi. Shu yillar  davomida  u biror  marta  ishi ko‘pligidan  nolimadi.  Aksincha, sal bo‘sh qolsa, o‘zini bekorchiday, toliqqanday  sezardi. Shu bois  zimmasiga  qanday vazifa  yuklanmasin, uni qoyillatib  bajarishga, ustozlar rahbarlar ishonchini oqlashga harakat qildi. Mana u faoliyat ko‘rsatayotgan  lavozimlar  ro‘yxati: O‘zbekiston iqtisodiy vazirligi  tasarrufidagi “O‘zog‘irgazkimyoloyiha” Davlat  loyihalash  institutida xalq  xo‘jaligida qo‘llanishi  zarur  bo‘lgan  investitsiya loyihalarining iqtisodiy  texnik asoslarini  yaratishda yetakchi ekspert, umumiy va noorganik kimyo instituti qoshidagi “Stron” “ tekshirish va sinov markazida  yetakchi  ilmiy xodim , Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi “Fan va taraqqiyot “ davlat unitar korxonasi laboratoriya  mudiri, Arxitektura va qurilish  instituti  qoshidagi “Qurilish materiallarini  standartlashtirish va sertifikatlash  markazi, “Toshkent kimyoviy  texnologiyalar  ilmiy - tadqiqot  institutida  Davlat granti asosida  bajarilayotgan  ilmiy loyihalar maslahatchisi. Odatda bir ayolning  makri qirq tuyaga yuk bo‘ldi, deyishadi. Mastura  Ikandarovaga o‘xshash bilimdon, zukko ayolning bilimi, zakovati bilan amalga oshirilgan ishlarni qirqta emas, yuzta tuyaga yuklash mumkin. Tuyaning  ham  buncha  yukni  tortib ketishi qiyindirov, deb  o‘ylab  qoldim. Bu hali  hammasi emas. M. Iskandarova ilmiy faoliyati  mobaynida  o‘ndan  ortiq  nomzodlik va doktorlik  dissertatsiyalariga  ilmiy rahbar va ilmiy maslahatchilik qildi.
    Uning mahalliy xom ashyo va texnogen chiqindilar  asosida  sement  kompozitsiyalarining  kimyosi va  energiya  hamda  resurs  tejamkor  texnologiyalariga bag‘ishlangan monografiya va o‘quv qo‘llanmalari, uch yuzdan  ortiq  ilmiy maqola  va ma’ruza tezislari, o‘n ikkita  ixtiroga  mualliflik guvohnomasi va ikkita patenti  olimaning  respublikamizda bog‘lovchi kompozitsion materiallar  sohasida o‘ziga xos maktab  yaratganidan  dalolat  emasmi?!
    Masturaxonning  ilmiy pedagogik faoliyati jamoat arbobi sifatidagi ishlariga   sira xalaqit bermaydi, aksincha, biri  ikkinchisini  to‘ldiradi. Yunusobod tumanining “Ittifoq” mahalla ayollari uni o‘zlarining eng yaxshi maslahatchisi, sirdoshi deb biladi. 2009 yilda unga  professor va Rossiya  tabiiy   fanlar akademiyasining  muhbir azosi ilmiy unvonlari berildi, oliy ta’lim va ilm - fan rivojiga hamda ixtirochilikka qo‘shgan hissasi uchun A.Nobel medali va V.I.Vernadskiy  nomli kumush medal bilan taqdirlandi.
    Yuqorida uning ilmiy faoliyati haqida to‘xtaldik. Ammo Masturaxon  birinchi navbatda ayol, ona. U bu vazifani ham sharaf bilan uddaladi.Uning hamma havas qilsa arziydigan ziyoli oilasi bor. To‘rt farzandni  oq yuvib, oq tarab tarbiyaladi, o‘qitdi, yurtimiz istiqboliga hissa qo‘shuvchi  yigit - qizlar qilib voyaga yetkazdi, sakkizta nabiraning buvijonisi. Turmush o‘rtog‘i Toshkent axborot texnologiyalar institutida kafedra mudiri bo‘lib ishlagan, texnika  fanlari nomzodi, dotsent Baxtiyor Otaboyev 52 yoshida bevaqt olamdan o‘tgan. O‘g‘illari  Farrux hademay nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaydi.  Guruh texnika fanlari nomzodi, doktaranturada  tahsil olmoqda. Zuhraxon ham dissertatsiya yozyapti, Sevaraxon Moliya  institutini tamomlab, O‘zbekiston - Koreya bankida xizmat qilyapti. Men bularni osongina qog‘ozga tushirayapmanu, onalikning  bunday sharafli  cho‘qqisiga  Mastura tunlarni tongga  ulab, o‘z farog‘atidan kechib qilgan  mehnatlari tufayli  erishganini   yurak -yurakdan  his qilayapman. Ha, zakiy  momolarimizdan  bizga  nafaqat  mustahkam  iroda, yuksak iqtidor, balki  onalik baxti, onalik  mehri, onalik sharafi  hamda  onalik zaxmati  degan  burch va vazifalar  ham qolganini, uni  Mastura Iskandarovadek iste’dodli  olima, talabchan ustoz, g‘amxo‘r ona, mehribon buvilar sharaf bilan davom ettirayotgan ekan, xalqimiz, millatimiz dovrug‘i  dunyolarga  taralaveradi.



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar10



Ijtimoiy-gumanitar fanlar5



Tabiiy fanlar80



Filologiya5