Ismoilova Zuhra Qoraboyevna, 20 aprel 1961 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan.
Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti kasb - hunar kolleji prorektori, pedagogika fanlari doktori.
Zuhra qishlog‘ining eng sho‘x shaddod qizlaridan edi. Bu sho‘xlik g‘ayratining tanaga sig‘mayotgan iqtidorning bolalik ko‘rinishi ekanligini birov sezib havas qilgan bo‘lsa, ehtimol yana birov “qiz bola ham shunaqa to‘palonchi bo‘ladimi?”, deb ensasini qotirgandir. Ammo yillar o‘tib Zuhraxon ana shunday xayolga borgan hamqishloqlarini xijolat qilgani aniq. Shunga aytishsa kerak vaqt oliy hakam deb.
Sirdaryo tumanidagi 18 - maktabning a’lochi o‘quvchisi Zuhra har tomonlama faol, chaqqon - ya’ni oyog‘idan o‘t chaqnaydigan qiz edi. U voleybolda ham, basketbolda ham, shaxmatda ham birinchi edi. Birinchi marta shaxmat musobaqasida shahar g‘olibi bo‘lgan. Dadasi ham uning ko‘ngliga qarardi. Shu bois, maktabda ochilgan traktorchilar kursiga qatnashaman, deganda qarshilik qilmadi. Bir kun qarasa, katta ko‘chalaridan bir qiz traktorni varillatib xaydab ketyapti. Obbo, bu kim bo‘ldi, mashinaga ham yo‘l beray demaydi - ya, dedi jahl bilan Qoraboy aka, keyin to‘xta, degandek qattiq signal berdi - da o‘zi ham yo‘l chetiga o‘tib to‘xtadi. Bir payt ne ko‘z bilan ko‘rsinki, traktor haydovchisi “qonunbuzar” o‘z qizi Zuhra ekan.
- Qoidani men emas, siz buzdingiz ,- dedi Zuhra dadasining so‘zini bo‘lib . Men hozir imtihon topshirib kelyapman. Mana hujjatim, u kombinzoni cho‘ntagidan “traktorchi - mexanizator” sertifikatini oldi.
- Obbo sen - ey, o‘qituvching qanaqa o‘zi. Nega bir o‘zinga shunday katta traktorni ishonib topshirib qo‘ydi.
- 3- brigadaga olib boraman. U yerda ustoz bilan bolalar kutib turibdi, dedi Zuhra traktorga qaytib minar ekan. Qo‘rqmang dada ... . 70 soatlik tajribam bor.
- Ha, omon bo‘lgur, yuragimni yording. Seni tezroq o‘qishga jo‘natvormasammi. Traktorchimish ... . kuldi ich - ichidan g‘ururlanib ota.
Maktab yoshlar brigadasiga boshliq qilib qo‘yaman, dedi rais buva unga yetuklik shaxodatnomasini tutqazarkan.
- Nega kirolmas ekanman, albatta kiraman, dedi Zuhra qat’iyat bilan . Lekin ta’tilda kelib turaman. Bo‘lmasa traktorimni sog‘inib qolaman.
Shu ahd bilan hujjatlarini Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injinerlari institutiga topshirgan Zuhra Ismoilova 1984 yilda uni injener - pedagog mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomladi. Ustozlari taklifi bilan institutda ishda qoldi. “Pedagogika va o‘qitish uslubiyati” kafedrasida laborant bo‘ldi. 1990 - 1994 yillarda shu kafedra asistenti bo‘lgan Zuhra “Talabalarning kasbiy pedagogik malakalarini shakllantirish” mavzuida ilmiy ish olib bordi.
1998 - yilda “Ustoz” jamg‘armasi granti bilan yangi tipdagi o‘quv muassalari (akademik litsey va kasb - hunar kollejlari) faoliyatini o‘rganish maqsadida AQShning Nyu - York shtatida “Nyu - Palts” universitetida, 2000 yil ta’sis loyihasi tamonidan “Zamonaviy ta’lim texnologiyalari” kurslarida malaka oshirib, dissertatsiya ishlari uchun ham materiallar to‘pladi. 2003 yildan dotsent, “Pedogogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi” kafedrasi mudiri lavozimida ishlab - uslubiy ishlarni chop ettirgan olima 2006 yilda pedagogika fanlari doktori unvoniga sazovor bo‘ldi.
2005 yildan Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining kasb - hunar kollejlari bo‘yicha prorektori va kafedra mudiri. Olima texnika oliy o‘quv yurtlarida bo‘lajak maxsus fan o‘qituvchilari uchun “Pedagogika” fanidan darslik yozdi.
Zuhraxon hamon izlanishdan to‘xtagani yo‘q. Yuzdan ortiq ilmiy malaka va darsliklari, beshta o‘quv qo‘llanmasi, yigirmadan ortiq uslubiy qo‘llanmalar yaratdi. Uning Gruziya respublikasi, Tblisi universiteti olimlari bilan hamkorlikda yaratgan o‘quv qo‘llanmasi 2005 yilda e’lon qilingan va nihoyatda yaxshi baholangan.
Ha, darvoqe, Zuhraxon rais buvaga bergan so‘zini ustidan chiqdi. Olima bo‘ldi. Lekin hozirgacha hamqishlog‘i bilan, qishloqdoshlari bilan aloqasini uzgani yo‘q. Hamqishloqlari faxriga, g‘ururiga aylangan olimaning qishloqda o‘nlab shogirdlari bor.