Inson intilgani, harakat qilgani sayin uning yo‘llari ochilib boradi, deyishadi. Haqiqatan ham u qancha orzu - havas qilmasin, bu yo‘lda izlanmasa, ilm olmasa, mehnat qilmasa bu orzular xayolligicha qolib, sarobga yuz tutishi aniq. Yosh Irodaxon bolalikdan Toshkenti azimga kelib, katta ilm dargohlarida o‘qishni, xorijiy tillarni o‘rganishni, olima bo‘lishni niyat qilardi... Biroq uning ortidagi mashaqqatlarni, ilmning zahmatlarini, uning yo‘lida o‘z halovatidan kechish barobarida bedor tunlarni ham boshdan kechirdi. Mehnatlari zoya ketmadi - bugun u filologiya fanlari nomzodi, dotsent, o‘zi o‘qib, tahsil olgan dargoh - UzMUda Xorijiy tillar fakulteti dekani, chet tillar bo‘yicha qator ilmiy ishlar muallifi, mohir pedagog.
Jo‘rayeva Irodaxon Ahmedovna 1995 yildan o‘z faoliyatini Xorijiy filologiya fakultetining Ingliz filologiyasi kafedrasida ingliz tili o‘qituvchisi lavozimidan boshlagan. Dastlab kafedrada o‘qituvchi, keyinchalik katta o‘qituvchi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2001 - 2004 yillarda esa ingliz filologiyasi kafedrasi mudiri lavozimlarida ishlagan.
2012 yilda “Antroponimlarning nominativ funktsiyalari (ingliz, o‘zbek va rus tillari materiallari asosida)” mavzusi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan va unga Qiyosiy - tarixiy, tipologik va chog‘ishtirma tilshunoslik, lingvistik tarjimashunoslik ixtisosligi bo‘yicha filologiya fanlari nozodi ilmiy darajasi berilgan.
Bugungi kunda filologiya fanlari nomzodi Irodaxon Jo‘rayeva 40 dan ortiq ilmiy maqolalar va 8 ta o‘quv - uslubiy qo‘llanmalar muallifi. Uning ilmiy maqolalari respublikamizning nufuzli ilmiy jurnallarida, chet ellarda, xususan, Rossiya, AQSh va boshqa davlatlarda nashr etilgan. U muntazam o‘z yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro ilmiy konferentsiyalarda ishtirok etib keladi.
D o t s e n t J o‘ r a y e v a Irodaxon Ahmedovnaning shogirdlari mamlakatimizning nufuzli oliy o‘quv yurtlari va tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Olima ingliz, frantsuz, rus va turk tillarini yaxshi o‘zlashtirgan. Shuning uchun ham bugungi kunda o‘zbek adiblarining hikoya va she’rlarini ingliz tiliga tarjima qilib kelmoqda. Bundan tashqari bir muncha o‘zbek hikoyalarini ingliz tiliga o‘girdi. Masalan, fakultetdagi iqtidorli talabalar uchun tashkil etilgan “Yosh tarjimon” maktabining faol ish yuritishida bosh qosh bo‘lib kelmoqda. 2015 yilda ushbu maktab talabalari Muhammad Yusufning she’rlarini o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjima qildi va mazkur mehnat mahsuli “Poems by Muhammad Yusuf “nomi bilan nashrdan chiqarildi.
Dotsent Irodaxon Jo‘rayeva o‘z ustida doimo tinmay izlanib keladi. U dunyoning nufuzli universitetlarida o‘z kasbiy tajribasini oshirgan. 2006 yil Buyuk Britaniyada, 2007 yil Hindistonda, 2013 yil Buyuk Britaniyaning Norvix til o‘qitish institutida, 2014 yil AQShning Kaliforniya universitetida o‘z tajribasini oshirdi. U sira tinim bilmaydi, o‘qib - o‘rganishdan, bilganlarini o‘rgatishdan, yozishdan, izlanishdan charchamaydi. Chunki u ilmning chek - chegarasi yo‘qligini, o‘qiganing sari ilmning yangi qirralari ochilishini, bir cho‘qqini egallaganing sayin yana yangilari paydo bo‘lishini yaxshi tushunadi. Balki shundandir, ilmning yangi pog‘onalari tomon ko‘tarilishda unga sabr - toqat, zukkolik, keng yurak va yangi orzular hamisha madadkordir.