O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Lutfullayeva Zuxraxon

Lutfullayeva Zuxraxon    Zuxraxon Lutfullayeva 1922 - yili Samarqandning Nurota tumanida oddiy dehqon oilasida dunyoga kelagan. Otasi Niftillo aka o‘z hovlisida tegirmon yasab butun qishloq ahlining bug‘doyu sholisini tortib berar va odamlarning duosini olardi. Onasi Sh.Xoliqova 19 nafar ( 5 marta egizak tuqqan) farzandining kelajagini o‘ylab joni halak edi. Afsuski, 11 nafari 2 - jahon urushida bedarak yo‘qolib onaizorning yurak-bag‘ri kemtilganicha qolgandi...
    Zamon notinch, tirikchilik qiyin kechayotgan bir davrda o‘qituvchilar yetishmas, shu bois qizgina 7-8 sinfda  o‘qisa-da, maktabda ilmiy masalalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ham ishlardi. U maktabni tugatgan yili mamlakatda ommaviy qatag‘on (repressiya) boshlandi. Nurotaliklarning ko‘pchiligi “xalq dushmani” deb qatl qilindi. Z. Lutfullayeva  oilasi bilan  ularning yetim qolgan bolalarini yig‘ib otib o‘ldirilgan bir boyning otxonasida yashab, ularga g‘amxo‘rlik  qilishdi, o‘z qarindosh  va tanishlaridan ovqat, kiyim to‘plab bolalarni asrab qolishdi. Keyinroq shu makonni kengaytirib bolalar uchun Z. Lutfullayeva  bolalar uyi tashkil qildi. 1938-1949 yillarda u shu majmuaning direktori bo‘ldi. Maskanga nafaqat Nurotadan, balki boshqa viloyatlardan ham  bolalar olib kelina boshlandi. Mehribonlik uyi bolalari ko‘ngillilarning xayriyasi hisobiga kun kechirdi. Z. Lutfullayeva, ayni damda, G‘ozg‘on posyolkasi yoshlarining ham yetakchisi bo‘lib ishlardi. Keyinchalik shu yerda Zuxraxon opa maktab tashkil qilib uni boshqardi. Urush yillari ota-onasiz qolib Rossiyadan Karmanaga keltirilgan yetimlarni ham  Zuxraxon opa o‘z panohiga oldi. Jami 280 nafar odamni turarjoy, ust-bosh, oziq-ovqat bilan ta'minladi. Ulardan qarindoshlari qatag‘onga uchragan ikki o‘qituvchi ayolni oilasi bilan o‘z uyiga olib keldi  va ular 8 yil opa bilan qarindoshday yashadilar. Bolalarning ko‘pchiligi o‘z ismini ham bilmasdi. 40 nafardan ziyod bolaning familyasini Lutfullayev va Xo‘jayeva deb yozdirdi.  Urush tugagach, bolalarni yoshiga qarab davlat yetimxonalarga ola boshladilar. Zuxraxon opa aka-uka va opa singillarni bir-biridan ajratmaslik uchun o‘zini xavfga  qo‘yib 180 bolani qarindoshlarinikiga yashirdi. 6-7 oydan so‘ng viloyatdan kelgan saralovchilar ketgach, ular yana bolalar uyiga qaytdilar va 1950 yilgacha xotirjam yashadilar. 1941-1945 yillarda Z. Lutfullayeva 30 nafar dugona va tengdoshlarini yig‘ib xotin-qizlar brigadasi  tashkil qildi. Ular ishdan bo‘sh paytlari omochlarni o‘z yelkalariga ortib  dalaga  paxta, bug‘doy, arpa va sabzavot ekar, hosilni “Don tayyorlash” punktiga topshirishar, undan keladigan daromadga yetimlarni boqishar va janggohdagilar ehtiyoji uchun jo‘natishardi. Buning ustiga, chorva boqib, ularning junidan askarlarga kiyim-kechak tikishni ham yo‘lga qo‘yishdi.
    Z. Lutfullayeva  1949 yili Sam DU  ning tarix-huquqshunoslik fakultetiga kirib, 1955 yili uni imtiyozli diplom bilan tugatagn. So‘ng Pastdarg‘om tumanidagi kechki maktabda direktor bo‘lib ishlagan. Keyin qizlar maktab-internatida direktor, tuman kasaba qo‘mitasi va xotin qizlar  kengashi raisi lavozimlarida xizmat  qildi. 1966 yili esa Z. Lutfullayeva ToshDU aspiranturasiga qabul qilindi, bir vaqtning o‘zida “Aspirantlar uyi” direktori vazifasini ham bajardi. 1967 yili 4 nafar farzandi bilan Toshkentga ko‘chib keldi. 1971-1999 yillarda (28 yil) Tosh DU da katta o‘qituvchi, Qadimgi dunyo tarixi kafedrasi dotsenti, tarix fakulteti dekani o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Zukko olima, jonkuyar murabbiy  Zuxraxon Lutfullayeva fidokorona mehnatlari uchun davlatimizning qator orden va medallari bilan taqdirlandi. Bugun uning yaxshiligini ko‘rgan qadrdonlari, shogirdlari, do‘stlari va jigargo‘shalari opaning yorqin xotirasi oldida ta'zimda. Uning farzandlari Zeboxon va Ra'noxon opa olima, Olimjon aka yuridik fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Alisher aka tadbirkor, 11 nabira va 10 chevarasi esa dunyoni tanimoqda. Demak, opaning ezgu amallari davom etyapti...
 



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar5



Ijtimoiy-gumanitar fanlar70



Tabiiy fanlar5



Filologiya20