Tarix fanlari doktori, dotsent N.R. Mahkamova 1967-yil 14-martda Toshkent shahrida, ziyoli oilada tavallud topgan. Millati o‘zbek. 1989-yili ToshDUning tarix fakultetini tamomlagan.
Olima 1995-yilda “Fayzulla Xo‘jayevning davlat faoliyatiga oid materiallar tarixiy manba sifatida (1925–1937-yy.)” mavzusida nomzodlik, 2009-yilda esa “Sotsialnaya struktura obshchestva na territorii Uzbekistana: traditsii i transformatsii (konets XIX — 30-ye godi XX v.)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
1996-yilda N.R. Mahkamova O‘zR FA Tarix institutining «Tarixshunoslik va manbashunoslik» bo‘limiga ilmiy xodim lavozimiga ishga qabul qilinib, 1999-yildan 2002-yilgacha shu institutda doktorant bo‘lib faoliyat олиб (olib) bordi.
Doktoranturani tugatgach, N.R. Mahkamova O‘zR FA Tarix institutining «Tarixshunoslik va manbashunoslik» bo‘limiga katta ilmiy xodim lavozimiga o‘tkazilgan, 2006-yilning apreliga qadar shu bo‘limning “Ocherki istoriografii Uzbekistana XX veka” loyihasiga rahbarlik qilgan. Olimaning asosiy ilmiy yo‘nalishi — XIX asr oxiri — XX asr boshlarida Turkistondagi ijtimoiy tuzum masalalari hisoblanadi.
N.R. Mahkamova o‘zining ma’ruzalari bilan ko‘plab respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy anjumanlarda, seminarlarda muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. Shularning qatorida Aligarh (Hindiston, 2003-yil), Olmaota (Qozog‘iston, 2004-yil), Sietl (AQSH, 2005, 2007-yillar), Boku (Ozarbayjon, 2009) shaharlarida bo‘lib o‘tgan ilmiy seminar va konferensiyalarda qatnashgan.
2006-yili o‘z ilmiy faoliyatini oliy ta’lim tizimida davom ettirish maqsadida N.R. Mahkamova Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “O‘zbekiston tarixi” kafedrasi mudiri lavozimiga ishga o‘tdi.
Olima 70 ga yaqin ilmiy ishlar chop ettirgan.