1960 yil 10 noyabrda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanining vulon qishlog‘ida dunyoga keldi. 1978 yili 15 - umumiy o‘rta ta’lim maktabini muvaffaqqiyatli tamomlab, 1979 yili Farg‘ona davlat pedagogika institutining chet tillar fakultetiga o‘qishga qabul qilindi. 1984 yili mazkur oliygoxni imtiyozli diplom bilan tamomlab, nemis va ingliz tillari mutaxassisligi bo‘yicha o‘qituvchi bo‘ldi.
O‘z faoliyatini Farg‘ona shahridagi 27 - umumiy o‘rta ta’lim maktabida ingliz tili o‘qituvchisi sifatida boshladi. Farg‘ona davlat universitetida 1993 yildan buyon faoliyat olib bormoqda. U tabiiy yo‘nalishlar kafedrasi o‘qituvchisi, tabiiy yo‘nalishlar kafedrasi mudiri , chet tillar kafedrasi katta o‘qituvchisi , 2007 yildan buyon nemis va frantsuz tillari kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda..
1996 yili Germaniya davlatining Lena va Anderasburg shaharlarida “Garb va Sharqni o‘rganib” mavzusida, 2001 yili Germaniya davlatining Myunxen shahridagi markaziy Gyote institutida “Chet tili darelarida loyiha ishlaridan foydalanish” mavzusida, 2004 yili Germaniya davlatining Donaueshingen shahrida “Maktab - bizning kelajagimiz” mavzularidagi trening - seminarlarda o‘z malakasini oshirib qaytdi. 2008 yili esa G yermaniyaning Magdeburg shahridagi kasb - hunar maktabida xorijiy til va boshqa fanlar o‘qituvchilarining darslarini kuzatib, o‘zaro tajriba almashishga muyassar bo‘ldi. 2003 yili Avstriya poytaxti Vena shahrida boshlang‘ich maktab, gimnaziya, asosiy maktab va kasb - hunar maktablarida bo‘lib, ularda o‘qitiladigan fanlar, ilg‘or o‘qituvchilarning faoliyatlari va ularda qo‘llanilayotgan zamonaviy pedagogik texnologiyalar bilan tanishib, o‘zining pedagogik mahoratini yanada boyitib keldi.
Mavluda Qahhorova umumiy o‘rta ta’lim maktablarining II, III va IX sinf nemis tili darsliklariga ham mualliflik qildi. Bundan tashqari, “Olmoniya” elektron darsligi, “O‘zbek etnografizmlarining sistemaviy tadqiqi”, “Nemis tilidagi faol so‘zlar lug‘ati”, “Chet tili o‘qitish metodikasi”, “Grammatikani o‘rganish va o‘rgatish”, “Nemis va o‘zbek xalq ertaklari”, “Rasmli lugat” kabi darslik, monografiya va o‘quv - uslubiy qo‘llanmalarga ham mualliflik qildi. Xalqaro, respublika va viloyat miqyosidagi ilmiy - amaliy anjumanlarda 30 dan ziyod tezislari bilan ishtirok etdi hamda respublika ilmiy jurnallarida 10 dan ziyod ilmiy maqolalar chop ettirdi.
O‘z faoliyati davomida iqtidorli talabalar bilan ishlashga alohida ahamiyat qaratdi. Uning rahbarligida ilmiy - tadqiqot olib borayotgan bakalavr yo‘nalishi talabalaridan biri 2011 va bir nafar magistrant 2014 yilda Prezident stipendiyasi g‘olibi bo‘ldilar.
M.Qahhorovaning ilmiy - tadqiqotlari xorijiy tillar o‘qitishning dolzarb muammolariga qaratilgan. 2014 o‘quv yilida Respublika innovatsion loyihalar yarmarkasida “Chet tili o‘qitish metodikasi” o‘quv qo‘llanmasi bilan va 2015 yilda beshta tilda chop etilgan “Rasmli lugat” bilan ishtirok etdi.
U muntazam ravishda Germaniya elchixonasi, Germaniyaning Toshkentdagi Gyote instituti, SFA va DAAD tomonidan o‘tkazilgan “Nemis tili darslarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish” mavzusida o‘tkazilgan seminar - treninglarda qatnashib kelmoqda.