Nadejda O'zerova
O'zerova Nadejda Gennadevna 1970 yilning 3 avgustida Toshkent shaxrida tug‘ilgan. Maktabni 1987 yilda muvaffaqiyatli tamomlab, Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Milliy universitet)ning tarix fakultetiga o‘qishga kirdi. 1993 yilda Nadejda dorilfununni imtiyozli diplom bilan tamomladi. Tirishqoq talabani shu o‘quv dargohida aspiranturaga olib qolishdi. O‘qib-izlanishlari natijasi o‘laroq, 1997 yilda kursdoshlari ichida birinchilardan bo‘lib nomzodlik dissertatsiyasini ximoya qildi.
Aspiranturadagi o‘qish tugaganidan so‘ng uni Toshkent Axborot texnologiyalari universitetiga, «O‘zbekiston tarixi» kafedrasiga ishga taklif qilishadi. Shu dargoxda xizmat qilgan besh yil davomida u katta o‘qituvchi lavozimidan kafedra mudirigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Shuning bilan birga O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi qoshidagi Tarix institutida doktoranturada o‘qidi. Keyinchalik Nadejda O'zerova Tarix institutida katta ilmiy xodimlik vazifasini Toshkent Moliya instituti «O‘zbekiston tarixi» kafedrasidagi faoliyati bilan qo‘shib olib bordi. U bugunga kelib ilmiy izlanishlar bilan bir qatorda talabalarga xam ustozlik qilmoqda.
N. O'zerova xorij va respublika matbuotida qator ilmiy maqolalari bilan ishtirok etgan. So‘nggi uch yil ichida esa AQSh, Gollandiya, Indoneziya, Xindiston, Rossiya, Belorussiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan turli anjumanlarda ishtirok etdi. Uning qator metodik tavsiyanomalari chop etilgan. Shuningdek metodik tavsiyanomalarni o‘zbek tilidan rus tiliga tarjima qilish bilan ham shug‘ullanmoqda.
Xa, Nadejdaning ota-onasi qiziga bilib ism qo‘yishgan ekan. Ularning umidlari oqlandi, qizlari ota va onaning suyangan tog‘iga aylandi. Bugunga kelib N.O'zerova doktorlik ilmiy ishini nixoyasiga yetkazish arafasida.