O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Niyazmetova Tuyg‘unoy

Niyazmetova Tuyg‘unoy    Tuyg‘unoy Niyazmetova, 1937 yil  Navoiy viloyatining Karmana tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat  pedagogika universiteti “O‘zbek tili va adabiyot o‘qitish metodikasi” kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi.
  Tuyg‘unoy Rasulovnani hech ikkilanmasdan respublikadagi barcha ona tili va adabiyoti o‘qituvchilarining ustozi desak xato qilmagan bo‘lamiz. Chunki opa (1965 - 1997 yy.) 32 yil mobaynida Avloniy nomli Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash Markaziy institutida faoliyat ko‘rsatdi. Ona tili va adabiyot o‘qituvchilarining yaqin ko‘makchisi, maslahatchisi va murabbiyiga aylandi. Albatta, bu maqomga u tinimsiz mehnat, izlanish tufayli erishdi. Milliy universitetning filologiya fakultetini tugatgach, hozirgi Yunusobod tumanidagi 51 - maktabda rus sinflariga o‘zbek tilidan dars berar ekan, Tuyg‘unoy qalbida o‘z ona tiliga nisbatan cheksiz hurmat uyg‘ondi. Rus bolalarining o‘zbek tilida biyron - biyron gapirishi, she’r, maqollarni sevib yodlashi, uni yana ham ko‘proq mehnat qilishga, tilning jozibasini o‘quvchilarga to‘laroq namoyish etishga undardi.
  - Tuyg‘unoy Rasulovna, menga o‘zbek tili judayam yoqib qoldi. Uni yaxshi o‘zlashtirish uchun nima qilishim kerak? - 7 sinf o‘quvchisi Sasha Lebedyevning bu e’tirofidan dili yayrab, kasbiga nisbatan mehri yanada jo‘shdi.
  - Ko‘proq o‘zbek o‘rtoqlaring bilan suhbat qur, tushunmagan so‘z, iboralar mazmunini yon daftaringga yozib qo‘y. O‘zbekcha maqolning ruscha variantini qidir, yodlab ol. Kichik - kichik o‘zbek xalq ertaklarini keltirib beraman. Yaxshilab o‘qib, ruschaga tarjima qil, - Tuyg‘unoy moviy ko‘zlarida havas va ishtiyoq chaqnab turgan shogirdining boshini silab qo‘ydi. Xayoli esa sal olisga o‘quvchilik davriga uchdi. Ushanda u ham muallimaga shunday savol bergandi.
  - Barakalla o‘g‘lim, o‘zligini, millatini qadrlagan har bir inson o‘z ona tilini yaxshi bilishi kerak. Chunki til - millat timsoli. Agar sen o‘z ona tilingni boy imkoniyatlaridan foydalana olsang, suhbatdoshingni o‘z tiling jozibasiga ishontira bilasan. Navoiy hazratlari o‘z ona tiliga bo‘lgan cheksiz muhabbati bois buyuk “Xamsa”sini yaratdi. Bir sodiq farzand sifatida ona tiliga haykal qurdi.
  Til bu cheksiz inju, u bir dur shodasi kabi xalq orasiga sochilib ketgan. Uni topib, terib olsang - ya’ni kattalar og‘zidan eshitgan har bir ibora, maqol, matal, xatto chistonni yon daftaringa yozib, mag‘zini chaqib borsang, maqsadingga yetasan, - deb javob bergandi ustoz ko‘zida yosh qalqib. O‘sha damda Tuyg‘unoy dilida katta bo‘lsam albatta o‘zbek tili va adabiyoti muallimi bo‘laman, degan orzu-niyat tug‘ilgandi. “Shukr o‘yladi u, niyatim asta - asta ushalyapti”.
  Pedagogik faoliyati boshlanishi bilan butun mehrini berib dars o‘ta boshladi. Ustozlarning darslariga qatnashib, ish o‘rgandi, malakasini oshirdi. Lekin uni bir narsa dars o‘tishdagi bir xillik - o‘qituvchining jonbozligiyu, o‘quvchilarning nofaolligi, tayyor darsni jimgina o‘tirib tinglashi tashvishga solardi.
  - Hammasi iqtidorli, zukko bolalar. Bunaqada ulardagi ishtiyoq, izlanish so‘nib qoladi. Qanday qilib o‘quvchilar faolligini oshirish, ular iste’dodini yuzaga chiqarish mumkin? Qanday qilib? U ko‘p o‘yladi. Izlandi va nazarida buning yo‘lini topganday bo‘ldi.
  Tuyg‘unoy bolalarni ko‘proq mustaqil ishlashga, adiblarning darslikka kirmagan asarlarini topib o‘qish, ularga ijodiy yondashish, yozuvchi aytmoqchi bo‘lgan fikrni qisqa, lo‘nda bayon qilishga chorladi. Bu esa bolada adabiyotga mehr uygotish bilan birga, yozuvchi bilan baxslasha oladigan jur’atni ham tarbiyaladi. Mehnati samarasini ko‘rgan Tuygunoy yana ham ishtiyoq bilan ishlay boshladi. Besh farzandining tarbiyasi, oila tashvishlaridan ortib, ilmiy ish qilishga ham vaqt topdi. U o‘zi tanlagan mavzu bo‘yicha kabinetda o‘tirib “izlanmadi”. Viloyatma - viloyat yurdi. Turli maktablarda, turli saviyadagi sinflarda dars o‘tdi. Tajriba to‘pladi. Intilsang hamma narsaga erishasan, shioriga amal qilgan Tuygunoyga bu borada turmush o‘rtog‘i Obidjon aqa katta suyanch, ko‘makdosh bo‘ldi. U ilmiy ish yuzasidan Moskva, Sankt - Peterburg, Dushanbe, Bokuning eng nufuzli kutubxonalarida yurganida Obidjon aka bolalariga ko‘z - quloq bo‘lib turdi. Tuyg‘unoy Boku universitetining kutubxonasida, berilib kitob o‘qiyotgandi, - quloq ostida:
  - Singlim bir haftadan buyon kuzataman, kun kutubxonadan chiqmaysiz, kitobdan bosh ko‘tarmaysiz. Odam degan ham shunchalar ilmga berilgan bo‘ladimi, sal o‘zingizni ham o‘ylangda. Bu yerlikka o‘xshamaysiz. Qayerdansiz, qanday mavzuda ish olib boryapsiz? - degan savol jarangladi.
  Tuygunoy bunday qarasa, ro‘parasida nihoyatda iltifotli, istarasi issiq bir kishi jilmayib turibdi.
  - Men, O‘zbekistondan, Toshkentdanman, - dedi Tuyg‘unoy uni so‘rashish uchun uzatilgan qo‘lini tutib. Nomzodlik dissertatsiyasi ustida ishlayapman.
  - E, qardosh ekanmiz, cho‘x yaxshi. Men shu universitet professori Shamiston Mikailovman. - Sir bo‘lmasa aytingchi, ilmiy ishingizning mavzusi nima?
  - “Adabiyot darslarida o‘quvchilarning mustaqil ishlari”.
  - O, cho‘x yaxshi. Mening ko‘nglimdagi mavzu ekan. Agar qarshilik qilmasangiz, sizga opponentlik qilsam.
  Tuyg‘unoy sevinib ketdi. Ilmiy ishini bajonidil professorga tutqazdi.
  1979 yil 12 yanvarda Tuyg‘unoy Niyazmetova Toshkentda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilganida, ozarbayjonlik olim Shamiston Mikailov uning faoliyatiga yuksak baho berdi, ustozi professor A. Zunnunovni iste’dodli shogirdi bilan qutladi.
  Tuyg‘unoy opa uchun bu baho, bu ishonch oldinda amalga oshirishi kerak bo‘lgan katta ishlar uchun bir duoday edi. Zero, olima harakatsiz, izlanishsiz o‘tgan kunlarini kun deb hisoblamasdi.
  Orttirgan tajribalarini ish faoliyatida tadbiq qildi. Shogirdlariga o‘rgatishdan charchamadi. 1989 yilda dotsentlik lavozimiga erishdi, shogirdlar tayyorladi, ularga “qiyinchilikdan ko‘rqmasdan, faol yashash kerak, hayot yo‘li hamisha ham tekis bo‘lavermaydi” deb dalda berdi, izlanishga chorladi.
  Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng esa opa yana ham g‘ayrat bilan mehnat qildi. Umumta’lim maktablari hamda oliy ta’lim uchun o‘ta zarur bo‘lgan va hozirgi kunda keng ko‘lamda ishlatilayotgan 10 dan ortiq yirik darslik va o‘quv qo‘llanmalarga muharrirlik qildi. 1991 yilda 5 - sinf “Vatan adabiyoti” darsligi, 1993 yilda “XXI asr o‘zbek adabiyoti” majmuasida ham muallif bo‘ldi”
  Opa ziyoli oilaning bekasi, 5 farzandning onasi – “Onalik shuhrati” medali sohibasi. Uch o‘g‘il va ikki qizni turmush o‘rtog‘i Obidjon aka bilan birgalikda, bilimli, ziyoli qilib tarbiyaladi. Suyukli qaynona, mehribon buvi bo‘ldi. Qizlari Gulnoraxon iqtisod fanlari nomzodi, dotsent. Nargizaxon farmatsevtika fanlari nomzodi, doktorlik ishi ustida izlanmoqda.
  - Opa hayotda hamma narsaga erishgandaysiz, yuragingizda biror armon bormi deb so‘rayman opaga havasim kelib.
  Opaning yuziga nihoyatda samimiy tabassum yuguradi.
  - Armon va orzuning bo‘lgani bu hayotning davom eta- yotganligi, hali umidlar borligini nishonasi, - deydi u. - Gulnora qizim nihoyatda iqtidorli, ingliz, rus tilini juda yaxshi biladi. Shu qobiliyati bilan u allaqachon fan doktori bo‘lishi kerak edi. Negadir paysalga solyapti. Bilasizmi, bu borada yana o‘zim qizimga o‘rnak bo‘lmoqchiman. “Mustaqillik davrida adabiyot o‘qitishning tarixi va rivojlanishi xususiyatlari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasi ustida ishimni nihoyalayapman. Zero, bugungi kun har bir o‘qituvchi, metodist, olimdan ijodiy ishlashni talab qilyapti.
  Men vujudida g‘ayrat va kelajakka ishonch yog‘ilib turgan olima, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi Tuyg‘unoy opa Niyazmetova huzuridan qaytar ekanman ko‘nglim bir olam mehr bilan to‘lganday edi.



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar80



Ijtimoiy-gumanitar fanlar10



Tabiiy fanlar5



Filologiya5