Hulkarxonim o‘z tarjimai hollarini shunday bayon etganlarkim, qo‘shimcha so‘z kiritmoqqa ehtiyoj yo‘qdir. Ularning har satrlari sizning - da yuragingizni to‘lqinlantirur:
Baxtim bor: ajoyib kishilar aro tug‘ilib, gurkirab, keksayar umrim....
Hayotim haqida o‘ylaganimda ayam — Zulfiya opaning bu so‘zlari doimo yodimga keladi. Haqiqatdan ham umrim, ishlarimning ko‘pini, qo‘yingchi, butun taqdirimni shu, men o‘sib yashagan muxit belgiladi.
Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim oilasida 1937 yilda dunyoga keldim. Qiyin yillar bo‘lishiga qaramay, buvilarim, otam - onam, qarindoshlar mexrida tuyib o‘sdim. Maktabni bitirganimda ham shu muhit ta’sirida (geolog, xuquqshunos, jurnalist bo‘ling orzulari xam bor edi) adabiyotga qiziqishim ustun keldi. 1954 yilda Moskva Davlat universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga kirdim. Lekin to‘rtinchi kursda Toshkentga qaytib, ToshDU o‘zbek filologiyasi fakultetida o‘qishni davom ettirdim. Ayam “O‘zbeknstonda yashab ishlash uchun o‘zbek tilini, o‘zimizning adabiyotimizni o‘rganish kerak. Rus adabiyoti mutaxassislari butun ittifoqda ko‘p”, — dedilar. Qaytdim... Nazarimda o‘sha davrda dorilfununda juda ko‘p kuchli, ajoyib olimlar, ustozlar ishlar edi. Men taniqli olimlar ma’ruzalarini tingladim, ularning maslaxatlari bilan tilni o‘rgandim, talabchan ustozlar raxbarligida shakllandim. Diplom ishimga xurmatli Ozod Sharafuddinov, Fanlar akademiyasida nomzodlik dissertatsiyamga akademik I. O. Sultonov rahbarlik qilinganidan faxrlanaman. O‘ylab qarasam, Hamid Sulaymon, G‘ulom Karimov, Matyoqub Qo‘shjonov va yana juda ko‘p, xar biri ma’rifat, ilm darg‘asi bo‘lgan olimlar bilan yonma - yon xizmat qilibman. Xalqimizda “daraxt bir joyda ko‘karadi” degan naql bor. 1957 yildan 1996 yilgacha umrim, ishlarim, o‘ylarim, ustoz va do‘stlarim — hammasi ToshDU — O‘zbekiston Milliy universiteti bilan bog‘liq ekan. O‘zbek va rus filologiyasi, jurnalistika, sharqshunoslik fakultetlarida o‘qituvchi bo‘ldim, ilmiy kengash va jamoat ishlarida qatnashdim. Hozir “domla” deb menga murojaat qilganlar orasida — ma’naviyatimiz, madaniyatimiz sohasida xizmat qilayotganlar davrasida olimlar, shoiru yozuvchilar, jurnalistlar bor.
Hayot menga katta baxt, imkoniyatlar berdi, qator imtihonlardan ham o‘tkazdi. Otam, onamga xalqimizda bo‘lgan hurmat haroratini men xam tuydim va shunga loyiq bo‘lib yashashga intildim. Qilganlarimni sarhisob qilsam, ulardan qarzlarim ko‘proqqa o‘xshaydi. Keyingi yillarda otam, onam ijodi xaqida, hayotdagi aziz xotiralar haqida ayrim maqolalarim respublika gazeta va jurnallarida chop etildi, lekin barcha imkoniyatlardan foydalanmadim chamasi. Qilinishi zarur ishlar ko‘p.
Umr yo‘ldoshim Omonbek Toshmuhamedov (1932 — 2001 yillar) tarixchi olim, yaxshi ustoz, kamtarin shaxs, butun faoliyati O‘zbekiston Milliy universiteti bilan bog‘liq edi. Undan ham men ko‘p narsani o‘rgandim. To‘rt farzandim, olti nevaram — “tole’dan tortiq”.
Ayamning “Saodat”li qizlari menga opa - singil bo‘lishdi. Hurmatli yurtboshimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan mukofot sovrindorlari – “Zulfiyaxonim qizlari” orzularining ushalishini, chashmalar daryoga aylanishini ko‘rish istagi va tilagi bilan yashayman.
O‘zbekistonimizning deyarli barcha viloyatlarida bo‘ldim. Ko‘pgina o‘quv yurtlarida, jamoa xo‘jaliklarida kitobxonlar, she’rxonlar bilan uchrashuvlarda, adabiyot va san’at bayramlarida qatnashdim, yurtdoshlarimizning o‘tli nigoxini, san’atga muhabbatini ko‘rib yayradim va doimo otam satrlarini takrorlab yurdim:
Shunday o‘lka doim bor bo‘lsin,
Shunday o‘lka elga yor bo‘lsin.