Muallim… Hamma bu sharafli va ayni paytda o‘ta masuliyatli kasbni egallashga jazm eta olmaydi, bir harf o‘rgatish zahmatiga hamma ham bardosh beravermaydi. Shu bilan birga hamma muallim ham ustozlik maqomiga erisha olmaydi.
Yaxshi muallim bo‘lish uchun ham o‘z faningga, ham o‘zing saboq berayotganlarga mehr qo‘yishing lozim. Bu - ustozlar o‘giti.
Galina Madraimovna Rahmatullayeva qirq yildan oshdiki, bu kasbni ulug‘lab kelmoqda. O‘tgan yillar davomida bu mehri daryo ayol qo‘lida necha avlod vakillari nafaqat ilm, balki hayot darslaridan saboq olmadi, deysiz.
Galina Madraimovna ma’lumoti bo‘yicha filolog. O‘zbekiston davlat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining rus tili kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi. U ikki marta O‘zbekistan Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi nishoniga sazovor bo‘lgan. 2006 yilda “O‘zbekistan Respublikasi mustaqilligiga 15 yil” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. O‘rta maxsus kasb - hunar ta’limi a’lochisi deb e’tirof etilgan. 1995 yildan beri Rossiya pedagogika va ijtimoiy fanlar akademiyasining muxbir a’zosi.
Bu yuksak e’tiroflar ortida sinovlar, mashaqqat, izlanish va orzu - intilishlar bilan to‘liq hayot yo‘li, qancha mehnat, zahmat yotganini tasavvur etish qiyin emas.
- Til bilgan el bilar, degan maqol bor. Bir tilni o‘rgangan inson shu til sohibi bo‘lgan xalqning tarixi, madaniyati, qadriyatlari, urf - odatlari, ko‘ying - chi, uning o‘zligi bilan oshno bo‘ladi, o‘zi uchun foydali nimanidir oladi. Shuning uchun til o‘rganish har doim insonga foyda keltiradi, deydi Galina Madraimovna. - Shu ma’noda rus tilini o‘rganish buyuk Pushkin asarlari, Lomonosov ilmiy merosi, Tolstoy haqiqatlari, Lermontovning go‘zal she’riyatidan bahramand bo‘lmoq demakdir.
Ustoz muallimaning har bir darsi o‘ziga xos mahorat maktabi bo‘lib, ular Kadrlar tayyorlash milliy dasturining ustuvor g‘oyalarini hayotga ijodiy tatbiq etish, o‘quv - tarbiyaviy jarayoniga zamonaviy yondashish borasidagi sa’y - harakatlarning yorkin namoyishidir. U mashg‘ulotlarni o‘zining pedagogik mahorati va ko‘p yillik tadqiqotlaridan foydalangan holda jonli va qiziqarli olib boradi. Bu birinchi navbatda til o‘rganish borasidagi an’analar va yangiliklar oqilona muvofiqlashtirilgani natijasidir.
- Buning uchun avvalo auditoriyada chinakam ijodiy muhit yuzaga keltirmoq darkor, deb o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi Galina Madraimovna. - Talabadan o‘ylash, o‘qish - izlanishni talab qiluvchi muammoli vazifalar, boy va qiziqarli tarqatma materiallar, kompyuter texnikasini jalb etgan holda turli test savollaridan keng foydalanish o‘z samarasini beradi. Men bunda, ayniqsa, talabalarimning fikr va mulohazalari, toishirilgan vazifalarni o‘z bilim va dunyoqarashlaridan kelib chiqqan holda bajarishlarini yuqori baholayman. To‘g‘ri, bular doim ham to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin, lekin ularning mustaqil fikrlashi, ilmiy izlanishlari, ijod qilishlariga yordam be¬radi.
Galina Madraimovna yaratgan o‘quv uslubi talabalarni fikrlash va turli muammolarni yechish kobiliyatini rivojlantirishga, o‘rganilayotgan mavzuni yaxshi tushunib olishiga yordam beradi. Ularni mavzuda turli nuqtai nazardan qarash, qiziqarli g‘oyalar kiritishga undaydi. Darsdagi jonli bahslarga esa nafaqat talabalar, balki ustozning o‘zi ham kirishib ketganini hech kim sezmay qoladi. Keyin esa bahsli munozaraga ustoz va talabalar birgalikda yakun yasashadi.
Uning darslari ana shunday o‘tadi.
U barcha talabalarini o‘z shogirdi deb bilsa - da, albatta, ular orasida ko‘proq e’tibor qaratgan iktidorli yoshlar yo‘q emas. Galina Madraimovna ular bilan alohida ish olib boradi, kobiliyatlarini va rus tili - adabiyoti bo‘yicha bilimlarini yanada oshirish uchun ko‘p kuch - g‘ayrat sarflaydi. Buning natijasi esa har yili rus tili bo‘yicha o‘tkaziladigai respublika olimpiadalarida ular egallagan yuqori o‘rinlarda namoyon bo‘lib, ustoz diliga quvonch baxsh etadi.
Uning o‘z lavozimiga qo‘shimcha ravishda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteta qoshidagi akademik litseydagi muallimalik faoliyati ham besamar ketmadi. Uning shogirdlari rus tili bo‘yicha o‘tkazilgan qator xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Litseyning ikki o‘quvchisi olimpiadaning mutlaq g‘olibi bo‘lgan bo‘lsa, besh nafari turli nominatsiyalarda sovrinli o‘rinlarni egallashdi.
- To‘g‘ri, shogirdlar muvaffaqiyati ustoz uchun g‘urur, uning mehnati samarasi, biroq meni yanada ko‘p quvontirgani, ularning mening fanimga bo‘lgan qiziqishi, deydi Galina Madraimovna. Chunki, ona tilidan tashqari boshqa tillarni, jumladan rus tilini mukammal o‘rganish bugungi kunda yoshlar uchun juda muhim. Bu - ilm cho‘qqilarini egallash, tadbirkor bo‘lib biznes olamida muvaffaqiyatli ilgarilab borish, internet tarmog‘ida dunyoning turli mintaqalari bilan muloqotda bo‘lish, qo‘yin-chi, hozirgi axborot asrida til o‘rganish faqat foyda keltiradi. Men talabalarim rus tiliga katta qiziqish bilan qarashlaridan faxrlanaman. Ular har bir darsga qiziqarli takdimotlar, mamlakatimiz va xalqaro hayotdagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy yangiliklar sharhini tayyorlab kelishadi, rus klassik va zamonaviy adabiyotini mehr bilan o‘qishadi. Bu ustozni qanchalik xursand qilishini bu kasb sohiblari yaxshi tasavvur qilishadi.
Galina Madraimovnaning ko‘p yillik samarali mehnati - 2003 yili Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Boltiqbo‘yi mamlakatlari rus tili va adabiyoti o‘qituvchilari uchun ta’sis etilgan Pushkin mukofoti bilan taqdirlandi. 2004 yilning yanvarida esa u Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi, Moskva shahri hukumati va Moskva ochiq ta’lim instituta hamkorligida o‘tkazilgan “MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlari eng yaxshi rus tili o‘qituvchisi” tanlovida muvaffaqiyat bilan ishtirok etdi.
Galina Madraimovna jamoat ishlarida ham qatnashadi. U Respublika ta’lim markazining rus tili ilmiy - uslubiy kengashi, Toshkent rus tili va adabiyoti o‘qituvchilari birlashmasining a’zosi sifatida rus tilini o‘qitish uslubiyatlarini takomillashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Ustoz muallimaning ilmiy tadqiqotlari, yaratgan o‘quv qo‘llanmalari ham oz emas: u 100 dan ortiq ilmiy maqolalar, qator darsliklar va o‘kuv qo‘llanmalari muallifidir. Jumladan, 2004 yilda chop etilgan rus tili o‘qituvchilari uchun uslubiy qo‘llanma, 2009 yili nashrdan chiqqan “Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar” yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalar uchun rus tili bo‘yicha o‘quv qo‘llanmasi, talabalar uchun rus tili bo‘yicha qator darsliklar shular sirasiga kiradi.
- Ta’lim, ilm - fan har qaysi zamonda millatlararo va xalqaro munosabatlarda muhim rol o‘ynab kelgan, deydi Galina Madraimovna. Axir uning bosh maqsadi nafaqat farzandlarimiz tarbiyasi, balki o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish, ularni hayotga tayyorlashdir. Bu esa Vatan istiqbolini, tinchlik, osoyishta hayot, xalqlar, millatlar o‘rtasidagi do‘stlik - totuvlik kabi eng muhim ne’matlar bardavom bo‘lishini belgilaydi. Buning uchun biz - ta’lim tizimi hodimlari birinchi navbatda mas’ulmiz.
Galina Madraimovna ko‘pincha she’rlar, hikoyalar mashq kilib turadi. Ularda asosan ona O‘zbekistonimizga muhabbat kuylanadi.
Ona yurtim - O‘zbekistonim, Mehring bilan to‘liq qalbimni Ochgim kelar she’r - dostonlarga Ne qilayin, ojiz qalamim, Topolmay so‘z bo‘stonlaringga, -
Chindan ham Vatan muhabbatini so‘zda ifoda etish qiyin. Muhimi, Galina Madraimovna kabi uning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib yashash.