O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Ro‘zmetova Yaqutjon

    1956 yilning  avgust  oyi edi. Xorazm  viloyatining  Urganch tumanidagi  Chaqqoshlikor  qishlog‘ining  obro‘ - etiborli Vafo Bobojonov  xonadonida  ko‘zlari  charosdek, oq - oppoq, nihoyatda chiroyli qiz dunyoga keldi. Unga ota - onasi yaxshi niyat bilan Yaqutjon deya ism qo‘yishdi. Qizaloq oradan hech qancha vaqt o‘tmasidanoq, o‘zicha turli xil harakatlar chiqarib, barchani hayratini oshirdi. O‘shanda xonadon sohibasi Oyposhsha aya qizining bu xatti - harakatidan hayratga tushdi. U o‘z hayratini yashira olmasdan turmush o‘rtog‘iga, hech kim bilmas ravishda shunday dedi:
  - Tovba, otasi bu qizingiz boshqa bolalaringizdan butunlay o‘zgacha bo‘lib ulg‘aymoqda, nihoyatda sergak, chaqqon va sho‘x - quvnoq, kelajakda bu qizingiz hoynahoy ko‘plarga bosh bo‘ladi - yov.
  - O‘zimga o‘xshaydi, ota qizi - da u. Men ham bolalik paytimda yeru jahonga sig‘mas ekanman. Xudoga shukur, shu xislatim, xatti - harakatim tufayli el - yurtga kerakli inson bo‘ldim. Shuncha yillardan buyon viloyat suv xo‘jaligi boshqarmasida ishlab, el - yurtni suv bilan ta’minlash ishlarida o‘z mexnatimni ayamadim. Suv qurilishida ham fidokorlik ko‘rsatib, xalqqa suv taqsimlash ishlariga bosh - qosh bo‘lib kelayapman.
  Ha, umr rishtlarini bir - biriga bog‘lab, baxtiyor hayot kechirib kelayotgan bu xonadonga qishloq ahli havas qilishadi. Ayniqsa, 11 nafar farzandni oq yuvib, oq taragan “Qahramon ona” Oyposhsha aya o‘z hayotini bolalar tarbiyasiga baxshida etib, bekalik ishlarini ham bekamu ko‘st uddalagani bois onaxonning barcha farzandlari o‘qimishli, tarbiyali, mehnatsevar va el - yurt ishiga kamarbasta bo‘lishdi. Yaqutjon esa ularning orasida ayniqsa, o‘zgacha qiz bo‘lib voyaga yetdi. Tirishqoq va zehni o‘tkir bo‘lgan bu qiz 6 - sinfda o‘qib yurgan kezlaridayoq, o‘qish tamom bo‘lganidan so‘ng bola parvarishi bilan mashg‘ul bo‘lgan onasiga moddiy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida kolxozda peshindan so‘ng yarim kun ishlardi. O‘sha paytda garchi bu kichik jussali qizning ketmonni ushlashga unchalik uquvi yetmasa - da, o‘zining butun kuchini to‘plab, o‘z tengqurlaridan va kattalardan kam bo‘lmaslikka intilardi. Ba’zida shamol turgan paytlarida qizaloqni shamol ketmoni bilan birga chalqanchasiga yiqitib tashlasa - da, u o‘zini o‘nglab olar, har qanday to‘siqlarni yengib bo‘lsa - da, tengqurlari bilan g‘o‘zani parvarishlashdan, to uni terib xirmonga topshirishga qadar bo‘lgan jarayonlarda faollik bilan mehnat qilardi. Hattoki, u o‘zining chaqqonligi, tirishkoqligi va mehnatsevarligi  tufayli  ko‘p o‘tmasdan “Yoniq qiz” degan laqabni ham olgandi.
  Yaqutjon o‘rta maktabni tamomlagach, 1973 yilda Toshkentdagi O‘rta Osiyo meditsina pediatriya oliygohiga o‘qishga kirdi. Chunki u bolaligidan shifokor bo‘lishni orzu qilar edi. Buni u, “Mening sevgan kasbim” mavzusidagi inshosida ham yozgan. Unda shunday jumlalar bor edi: “Men ulg‘aysam, albatta, shifokor bo‘laman. Men davolagan insonlar bunyodkor, bog‘bon, ustoz, ona - Vatanimni gullab - yashnatadigan fidoyi insonlar bo‘lishadi. Mabodo men ana shunday insonlarning salomatligi uchun o‘zimning munosib hissamni qo‘sha olsam, bundan bag‘oyat minnatdor bo‘lardim”.
  7 yil davomida oliygoxdagi tajribali shifokorlardan har tomonlama chuqur va puxta ta’lim olgan bo‘lg‘usi shifokor 1979 yili oliygohning terapiya bo‘limini muvaffaqiyatli tamomlagach, dastlab 1979 - 1982 yillarda Xorazm viloyat bolalar shifoxonasida pediator - shifokor bo‘lib ishladi. 1982 yili uni o‘zi turmushga chiqqan Yangibozor tumanidagi Uyg‘ur qishloq vrachlik punkti mudirasi etib ishga yuborishdi.
  Mabodo yo‘lingiz tushib, Uyg‘ur qishlog‘iga kirib borsangiz biror - bir kishidan Yaqutjon Ro‘zmetovani taniysizmi, deya savol so‘rasangiz, albatta, kattayu kichik barobariga: “Yaqutjon do‘xtir” Uyg‘ur qishlog‘ining faxri, iftixori, dardidan forig‘ etuvchi shifokor - xaloskoridir, - deya javob berishadi. Biz qishloqqa opa haqida maqola yozish uchun borayotgan paytimizda avtobusda odamlar o‘rtasidagi o‘zaro suhbatni yozib oldik.
  - Assalom qo‘shni, qayerdan kelayapsiz, kelinposhsha bilan?
  - Yaqutjon do‘xtir yonidan,
  - Ha, salomatlikmi?
  - Xudoga shukur. Maslaxdtlashgani borgandik.
  - Juda ochiq ko‘ngil, qo‘li yengil ayolda Yaqutjon, gapim to‘g‘rimi Shukurjon?
  - To‘g‘ri, bo‘lganda qandoq. Mana kelinimning xam, chaqalog‘iniyam ko‘rsatishga olib bordim. Yaqutjon ayni paytda ayollarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda band bo‘lsayam, ochiq chehra bilan qabul qildi. Qani edi hamma qaynona ham sizday tushunadigan bo‘lsaydi, deydi. Ayni ekologiya murakkab sharoitda ayollarda kamqonlik ko‘p uchrayapti. Shu boisdan yosh kelinlar tez - tez shifokorga uchrab turishlari kerak. Tug‘uruqlar oralig‘i kamida 3 yil bo‘lsa ona ham sog‘ligini tezda mustaxkamlaydi, bolasi ham sog‘lom rivojlanadi, deydi u.
  Ha, haqiqatan ham Yaqutjon aya Ro‘zmetova kariyb 30 yil davomida Uyg‘ur qishloq vrachlik punktida mudira bo‘lib ishlab, o‘zining mehnatsevarligi, fidoyiligi, eng muhimi, mehribon va jonkuyar shifokor ekanligi bilan butun qishloq ahlining hurmati va e’tiboriga sazovor bo‘la oldi. To‘g‘ri, el - yurt ishonchini qozonishning o‘zi bo‘lmaydi, albatta. Buning uchun, ayniqsa, shifokor o‘zining oromidan kechib, kunduzini tunlarga ulab, o‘z bemori dardiga shifo bag‘ishlamog‘i lozim. Xuddi ana shu fazilatlari tufayli, eng muhimi, insonlarga bo‘lgan mehr - muhabbati ulug‘ bo‘lgan Yaqutjon aya yillar davomida o‘z qishloqdoshlarining hurmati va ishonchini qozonoldi.
  30 yillik faoliyati Yakutjon do‘xtir uchun orzular ijobati yillari bo‘ldi, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Xususan, u insonlarning dardiga shifo topib, umrlarini uzok qilishga ko‘maklashayotganidan g‘oyatda baxtlidir. Bu davrda u rahbarlik qilgan QVP zamonaviy universal shifoxonaga aylandi.
  Ota - bobolari aslida yerning, suvning dilini tushungan, undan chukur saboq olgani boismi va yoki yoshligidan to hozirga qadar yer bilan tillashib, unga mehri baland bo‘lgan Yaqutjon do‘xtir 2011 yilda qishlok vrachlik punkti mudirasi vazifasidan nafaqaga chiqqach, bundan 2 - 3 yil muqaddam rahbariyat tomonidan vaqtincha tugatilgan fermer xo‘jaligini qaytadan tashkil etib, unga o‘zi rahbarlik qilishga azmu qaror qildi.
  Opaga o‘zi istiqomat qilayotgan “O‘zbekiston” shirkat xo‘jaligi rahbariyati 86 gektar yerni fermer xo‘jaligini tashkil etish uchun ajratib berishdi. “G‘ayrat Ro‘zmatov” deb nomlangan ushbu fermer xo‘jaligini opa o‘zi boshqarib, bu yerdan mo‘l hosil olishga kirishdi. Fermer opa o‘tgan yili 46 gektar yerga paxta, 30 gektarga bug‘doy ekib, 10 gektar yerda bog‘ tashkil etib, unda olma, uzum, nok, o‘rik singari mevalarni yetishtirishga bel bog‘lagandi. Va nihoyat, endilikda opaning bog‘idagi mevalari ham hosil bera boshlabdi. O‘tgan yili u 46 gektar paxta maydonidan 180 tonna paxta yetishtirdi. Bug‘doydan ham mo‘l hosil yetishtirib, reja - topshiriqlarini to‘la - to‘kis bajardi. Bu yili, ayniqsa, opaning 17 qutidan 590 kg pilla topshirib, fermerlar orasida o‘zini haqiqiy jonkuyar fermer ayol sifatida namoyon etishi uning o‘z ishiga nechog‘liq mas’uliyat bilan yondashayotganidan dalolat beradi.
  Bir paytlari jamiyatimizda ayolni zaifa, ojiza, erkaklarga mone sifatida ko‘rgan bo‘lsalar, mustaqillik sharofatidan yurtimizdagi ayollar momolari To‘maris, To‘rabekxonim, Oybarchin singari shijoat va jasoratda erkaklar bilan bir safda mehnat qilib, ko‘plarni dog‘da koldirmoqdalar. Ana shu ayollarimiz safida Yaqutjon Vafo qizining ham borligi bu nafaqat Yangibozorliklarni, balki xorazmliklarni ham faxr - iftixor tuyg‘ulariga to‘ldiradi. Chunki opa shunday ulug‘ va mo‘tabar yoshida ham o‘zini el - yurt, jamiyatga kerakli inson ekanligini namoyish etish, to‘g‘rirog‘i, isbot qilish maqsadida mamlakat islohotlarini bajarishga astoydil bel bog‘ladi. Ha, haqiqatan xam bugun onaxonning xonadoniga barcha qo‘ni - qo‘shnilar, mahallako‘y, el - yurt havas qiladi. Turmush o‘rtog‘i To‘liboy aka bilan bir umrga baxtli - saodatli hayot kechirib, 5 nafar farzandini ham uyli - joyli, o‘qimishli insonlar qilib tarbiyalab, el - yurtning tahsiniga sazovor bo‘lgan onaxonning katta farzandi Dildoraxon oilali, kollejda yoshlarga tahsil bermoqda, G‘ayratbek oilali, tuman moliya bo‘limida g‘azna boshligi bo‘lib ishlaydi. Urtancha o‘g‘li San’atbek ham oilali, viloyat Elektrtarmoqlari ta’minoti korxonasi bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlab, viloyat aholisining uyini charog‘on qilish uchun jon kuydirmoqda. Feruzaxon qizi ham oliy ma’lumotli bo‘lib, u hozirda TATU qoshidagi 1 - son akademik litseyda yoshlarga ta’lim bermoqda. Erkatoy qiz Dilfuzaxon esa viloyat perenatal markazida akusher - ginekolog bo‘lib ishlab, onasining ishini davom ettirib, el - yurt salomatligi yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda.
  Onaxonning 12 nafar nabirasi ham shu xonadonga fayz va shukuh bag‘ishlab, Ro‘zmetovlar sulolasining davomiyligidan dalolat bermoqda. Demak, Ro‘zmetovlar sulolasi yana ko‘p yillar el - yurt nazdida yanada ulg‘ayaveradilar. Fermer onaxonimiz esa bu oilaga misoli yo‘lchi yulduz singari o‘z halol mehnati bilan nur taratib turajak!



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar10



Ijtimoiy-gumanitar fanlar5



Tabiiy fanlar80



Filologiya5