Soatova Dilbar 1951 yilda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tug‘ilgan. 1967 yilda o‘rta maktabni tugatib, Sadriddin Ayniy nomidagi Samarqand Davlat Pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti fakultetiga o‘qishga kirgan. 1971 yilda esa institutni imtiyozli diplom bilan tugatib, o‘zi tahsil olgan fakultetda o‘qituvchi bo‘lib ishda qoldi. 1972 yildan 1975 yilgacha Alisher Navoiy nomidagi Qo‘lyozmalar instituti qoshidagi aspiranturada o‘qidi. Aspiranturani tugatgach, 1975 yildan 1992 yilga qadar Jizzax Davlat Pedagogika institutida o‘qituvchi, keyinchalik katta o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Bu orada, 1986 yilda ”Charxiy ijodi va hozirgi o‘zbek she’riyatida aruz vazni” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi.
1992 yildan boshlab Jizzax Politexnika institutida O‘zbek va chet tillar kafedrasida kafedra mudiri sifatida ishni davom ettirdi. Undagi tashabbus va tashkilotchilik qobiliyati unga yana bir mas’uliyatni yukladi. Dilbar Soatova 1996 yildan hozirga qadar shu institutda ma’naviy - ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimida ishlab kelmoqda.
Ustoz 33 yillik mehnat faoliyati davomida talabalarga “O‘zbek tili”, “O‘zbek adabiyoti”, “Madaniyatshunoslik”, “Ma’naviyat asoslari”, “Milliy istiqlol g‘oyasi” kabi fanlardan yuksak mahorat bilan ta’lim berib, yuqoridagi fanlar asosida yoshlar ongiga ona Vatan, muqaddas tuproq, ularga mehr - muhabbat kabi yuksak insoniy tuyg‘ularni singdirib kelmoqda.
Dilbar Soatova olima sifatida xalqaro, respublika, viloyat miqyosida o‘tkazilgan ilmiy anjumanlarda ishtirok etib, o‘z pedagogik tajribalari bilan o‘rtoqlashib turadi.
U qirqdan ziyod ilmiy, ommaviy, publitsistik maqolalar, uslubiy qo‘llanmalar muallifidir.
Dilbar Soatova faqat o‘zi ishlayotgan jamoa orasidagina faoliyat ko‘rsatmay, balki viloyat, shahar, tuman aholisi orasida, mahallalarda ham ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda. Bugungi kunda mamlakatimiz hayotida yuz berayotgan katta o‘zgarishlar, zamonaviy oila, ayollar orasidagi muammolar va ularning yechimi borasida ko‘plab suhbatlar, uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Oila hakida, ayol baxti haqida so‘zlashmoq uchun, tinglovchilarga yo‘l - yo‘riq ko‘rsatmoq uchun suhbat olib boruvchi shaxs ma’naviy huquqqa ega bo‘lishi kerak. Dilbarxonda esa, bunday huquq bor. Chunki u oilasi mustahkam, farzandlari tinch, nabiralari shodon o‘sayotgan insondir.