Sobirova Mahbubaxon 1960-yil 4-iyunda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1981- yilda Namangan Davlat pedagogika institutining o‘zbek filologiyasi fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Namangan shahridagi 11-o‘rta maktabda o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lib o‘n yil davomida faoliyat yuritgan. 1991- yilda Namangan Davlat universitetinnng «O‘zbek tilshunosligi» kafedrasiga tanlov asosida ishga taklif etildi. 1994 yilda professor M.Asqarova rahbarligida «O‘zbek maktablari yuqori sinf o‘quvchilariga sodda gap sintaksisni munozara usulida o‘rgatish» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1998-2000-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat universiteti kunduzgi bo‘lim doktoranturasida tahsil oldi. Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Sobirova Mahbubaxon 70 ga yaqin ilmiy, uslubiy va axloqiy-ta’limiy yo‘nalishdagi maqolalari xalqaro, respublika va viloyat miqyosidagi ilmiy jurnal va to‘plamlarda chop etilgan.
Sobirova Mahbubaxon shahar va tuman mahallalarida o‘tkaziladigan ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy suhbatlarda muntazam qatnashadi. Viloyat miqyosidagi fan olimpiadalarining adolatli o‘tishiga hissa qo‘shadi. U Namangan viloyati, shahar hokimliklarining faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan. Mahbubaxon oilali. Turmush o‘rtog‘i Munavvarov Abdurashid ham pedagogika fanlari doktori, professor edi. Uch qiz, ikki o‘g‘ilning onasi. Katta o‘g‘ly Baxtiyor, qizi Ma’muraxon ham o‘qituvchi. Shoiraxon hamshira. Davronjon iqtisodchi, Zamiraxon iqtidorli talaba. Haqiqatparvar odamdan kimlardir hayiqib turadi, kuzatganmisiz shuni? Mahbubaxon ham nohaqlikni ko‘rsa, jim tura olmaydiganlar toifasidan. Atrofidagilardan ham shuni talab qiladi. «Qalb ko‘zingiz uyg‘oq bo‘lsin» deydi u doim. Shashtli-shijoatli bu ayol kirgan davralar gulga, kulguga to‘ladi. Ko‘ngli shu daqiqalar osmon qadar ko‘tariladi. Yurakkinasidagi dardini unutganday bo‘ladi. Ana, tong otdi, oppoq-oppoq tong. Mahbubaxon dil armoniyu ko‘ngil nolasini uyda qoldirib, qadrdon o‘quv dargohi tomon shoshadi. «Yashash kerak, yashaganda ham o‘tganlarni va kelajak avlodni rozi qiladigan ishlar kilib, amallar qilib yonib yashash kerak». Uni doim kutishadi. Talabalari, hamfikr, hamkasblari, mahallalarda maslahatga muhtoj bo‘lgan ayollar — uni kutishadi. U odamlar uchun kerak.