Tibbiyot fanlari doktori, professor
Rishtonlik birinchi oliy malumotli shifokor To‘xtasin Soliev 1934 yilda mashhur hunarmand va kosiblar mahallasi bo‘lgan Chinnigaron ko‘chasida yashovchi Soliqori hamda Biyhojal aya oilasida tug‘ilgan. Soli qori o‘z davrida Qo‘qondagi madrasani tugatgach, arab va rus tillarida bemalol o‘qiy va yoza olar , hatto lotin alifbosida ham husnixatda yozardi. Qanchalab xalq dostonlari va ertaklarni yoddan bilardi, ba’zan tonggacha Qur’oni karimni mutolaa qilib, farzandlariga o‘qib berardi.
Soli qori uzoq yillar kulolchilik korxonasi rahbari lavozimida ishlab, sopol idishlar yasashning qadimgi murakkab texnologiyasi saqlanib qolishiga katta hissa ko‘shgan.
To‘xtasin Solievning yoshlik yillari Ikkinchi Jahon urushi davriga to‘g‘ri keldi. Rishtondagi 1 - o‘rta maktabda o‘qish bilan birga, kichik amakisi, vodiydagi mashhur rassom va usta kulollardan sanalgan Hakimjon Sattorovdan bu hunarning nozik sirlarini o‘rgandi. U o‘zining jiddiyligi, ilm - hunarga havasmandligi bilan tengdoshlaridan ajralib turardi.
O‘rta maktabni tugatgach, 1950 yilda o‘zi orzu qilgan kasb - shifokor bo‘lishga ahd qilib, hujjatlarini Toshkent davlat tibbiyot institutiga topshirdi va imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qishga qabul qilindi. Uydagilarga moddiy tomondan qiyinchilik tug‘dirmaslik maqsadida kunduzi o‘qib, kechasi shifoxonalarda navbatchilik qilib kun kechirdi. Tibbiyotning sir - asrorlarini o‘rganish uchun hech qanday qora mehnatdan qochmadi.
Institutdagi ilmiy anjumanlarda qilgan ilk ma’ruzalari, kichik ilmiy tadqiqotlari bilan tanilgan qobiliyatli talabani ustozlari aspiranturaga tavsiya etdilar. Porloq kelajak va’da qilib turgan bu taklif ayni muddao edi. Lekin o‘rganganlarini tezroq amaliyotda qo‘llash istagi ustunlik qilib, elliginchi yillarning boshida davolash fakultetini tamomlab, ona yurti Rishtonga qaytdi. Salkam o‘n yillik faoliyati davomida oddiy shifokor, bo‘lim mudiri, tuman markaziy shifoxonasining bosh shifokori lavozimlarida ishladi.
Poytaxtdan uzoq tumanda ishlasa - da, ilmiy ma’ruzalari bilan respublika anjumanlarida faol ishtirok etadigan yosh shifokorni ustozlari hamon Toshkentda ishlashga taklif etardilar. Bu ezgu maqsadlar sari intilish uni o‘zi ta’lim olgan oliy dargohga chorladi. Akademik Zulfiya Umidovaning maslahatiga binoan, o‘zbek tibbiyotida yangi va dolzarb soha hisoblangan bo‘g‘I - bod, revmatoidli artrit kasalligining kelib chiqish sabablari va davolash yo‘llarini aniqlash muammosi ustida ilmiy ish boshladi. Keyinroq bu ishini Moskva shahridagi Revmatologiya ilmiy - tekshirish institutida mashhur professor Margarita Astapenko rahbarligida davom ettirdi.
Tibbiyotda revmatoidli artrit, podagra degan og‘ir kasalliklar bor. XX asrning ikkinchi yarmida bunday tashxisli bemorlar soni ko‘payib, oyoq - qo‘li changak bo‘lib qolgan kasallarni respublikamizda operatsiya qilish imkoniyati yo‘q edi. Shuning uchun bunday og‘ir xastalar Moskvaga yuborilardi. To‘xtasin Soliev butun hayotini shunday kasalliklarni davolashning yangi usullarini izlash,ularni ilmiy asoslashga bag‘ishlagan mirishkor olim edi.
Ilm olamida kamdan - kam odamlarga kulib boqadigan baxt va omad To‘xtasin Solievga nasib etgan; ya’ni domla ko‘p sohalarda birinchi bo‘lgan. O‘tgan asrning 70 - yillarida mamlakatda ko‘p tarqalgan, lekin kam o‘rganilgan bo‘g‘im kasalliklarini davolovchi birinchi mohir va bilimdon shifokor sifatida tanilgan edi. U sohada birinchilardan bo‘lib bu kasallikni bosqichma - bosqich davolashni yo‘lga qo‘ydi, O‘zbekistonda artrologiya va revmatologiya maktabini yaratdi.
1966 - 1970 yillarda Toshkent davlat tibbiyot institutidagi klinik ordinatura va gospital terapiya kafedrasining aspiranturasida tahsil olgach, sobiq Ittifoq Meditsina Fanlar akademiyasining Revmatologiya ilmiy - tekshirish institutida Rossiyada xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor M.G.Astapenko rahbarligi ostida “Toshkentda revmatoidli artritning tarqalishi va kechishi xususiyatlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
Nomzodlik dissertatsiyasi materiallari va xulosalari O‘zbekiston tibbiyotida yangi yo‘nalishga asos soldi. Ustozning “Revmatoidli artrit” nomli monografiyasi qo‘shni respublikalar bilan bir qatorda, 30 ta xorijiy mamlakatlarda ham chop etildi.
To‘xtasin Solievning salkam yarim asrlik mehnat faoliyati hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi bilan bog‘liq. U 1970 yildan institut davolash fakulteti gospital terapiya kafedrasi assistenti, 1975 yildan dotsenti lavozimida ishladi. Uning ko‘pchilik havas qiladigan ilmiy salohiyati akademiklar Z.Umidova va R.Katsenovichlar rahbarligida shakllandi. Ular ta’sirida shogirdlar hurmatini qozongan ustoz - murabbiy bemorlar ishonchi va mehriga sazovor mohir shifokor darajasiga ko‘tarildi.
O‘zining ilmiy - pedagogik faoliyati davomida asosiy e’tiborni ko‘p tarmoqli kasalliklarni tashxislash va davolash usullarini takomillashtirishga, milliy kadrlar tayyorlash sifati va ularning amaliy mahoratlarini yanada oshirishga qaratdi. 1987 - 1990 yillarda institut davolash fakulteti dekani, 1987 yildan gospital terapiya kafedrasi mudiri vazifalarida mehnat qildi. Shuning barobarida u mamlakatdagi barcha tibbiyot institutlari rektorlari rayosati qoshidagi gospital va fakultet terapiya sohasidagi yakka fan komissiyasining hamda respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy o‘quv - uslubiy komissiyasining raisi sifatida keng miqyosli jamoatchilik ishlarini olib borgan.
Olim xalq orasida “boy kasal” deb nom olgan podagra kasalligining klinikasi va kechishini respublikada birinchi bo‘lib o‘rganib chiqdi hamda bu izlanishlar “O‘zbekistonda podagra” nomli monografiyasining yaratilishiga asos bo‘ldi. Mazkur kitob ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda so‘nggi 30 yil ichida shu mavzuda yaratilgan yagona monografiya hisoblanadi.
Mamlakatimiz tibbiyot fani tarixida ikkita olimga doktorlik dissertatsiyasi yoqlamasdan professorlik unvoni berilgan bo‘lsa, ulardan biri Erkin Qosimov bo‘lsa, ikkinchisi To‘xtasin Solievdir. Ular o‘z sohasining katta bilimdoni, fanda o‘z maktablarini yaratgan ilmiy jamoatchilikning e’tirofini qozongan zabardast olimlar edi.
To‘xtasin Soliev doktorlik dissertatsiyasini himoya qilmasdan ham, professorlik unvoni bilan kifoyalansa bo‘lardi. Lekin tabiatan intiluvchan va qiyinchiliklardan cho‘chimaydigan olim bo‘lgani uchun fanda yangi yo‘nalishga asos solgan uzoq yillik izlanishlari natijasida, 1991 yilda doktorlik dissertatsiyasini ham himoya qilgan. Darhaqiqat, ulug‘ ustozlar maktabini ko‘rgan shogird ekanini ilm olamidagi katta muvaffaqiyati bilan, bir qator muhim ilmiy kashfiyotlari bilan ham isbotlashga erishgan.
Professor To‘xtasin Soliev tomonidan mamlakatimizda yaratilgan revmatologiya xizmati, revmatolog va artrolog shifokorlar maktabini dunyodagi yirik mutaxassislar ham tan olishgan. 1983 yil uning tashabbusi va bevosita ishtirokida institut klinikasi qoshida aholi o‘rtasida keng tarqalgan, lekin kam o‘rganilgan revmatologik va revmaortopedik kasalliklarni aniqlash hamda davolash respublika Markazi tashkil qilindi. 1991 yilda o‘sha yillari Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib mazkur davo maskani ixtisoslashgan ambulator davolash kursi (IADK] turidagi respublika artrologiya markaziga, 1993 yili esa revmatologiya markaziga aylantirildi. Ushbu markazda har yili 35 - 40 ming bemor ambulator davolanib, mehnat qobiliyatini tiklamoqda. Shuningdek, markaz shu sohada faoliyat yuritayotgan shifokorlarga revmatologik hamda artrologik bemorlarni tashxislash va davolashda uslubiy, amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Tabiatan izlanuvchi va tashabbuskor professor T.Soliev 1991 - 1992 yillarda institut klinikasi qoshida revmaortopediya bo‘limi ochilishiga hamda bu yerda yosh olimlarning ilmiy - amaliy tadqiqotlar bilan shug‘ullanib borishlariga erishdi.
Professor Soliev uzoq yillar Respublika sog‘liqni saqlash vazirligi Bosh revmatologi sifatida halol mehnat qildi, viloyatlarda va Toshkent shahrida tibbiyotga oid islohotlarning ijrosini ta’minlash borasidagi muhim tadbirlarda faol ishtirok etdi. Uning revmatologiya, revmokardiologiya bo‘yicha yaratgan tadqiqot va kashfiyotlari nafaqat respublikamizda, balki Frantsiya, Italiya, Ispaniya, Avstriya, Polsha, Turkiya, Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda, jahon revmatologlarining X Yevropa kongressida e’tirof etilgandi. Ayniqsa, olimning revmatoidli artrit va podagra kasalliklarining kechishi, o‘rganilishi hamda davolash usullari haqidagi ma’ruzalari ko‘plab xorijiy mamlakatlarning yetuk mutaxassislarida O‘zbekiston tibbiyotidagi islohotlarga qiziqishni uygotgan. Shuningdek, professor T.Soliev respublikada o‘tkazilgan bir qator xalqaro anjumanlarning tashkilotchisi sifatida ham hamkasblari va yosh olimlar hurmatini qozongan edi.
Domlaning O‘zbekiston revmatologiya ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi va bu boradagi izlanishlari mamlakatimiz istiqboli uchun muhim ma’naviy - ijtimoiy ahamiyat kasb etganini alohida ta’kidlab o‘tgan O‘zRFA akademigi Turgunpo‘lat Daminov shunday e’tirof etadi: “Professor T.Solievning o‘zbek va rus tillarida yozilgan “Revmatoidli artrit”, “Reaktiv artrit” monografiyalari o‘zbek tibbiyoti taraqqiyoti tarixida muhim voqea bo‘ldi hamda bir qator xorijiy mamlakatlarda chop etildi. “Homilador ayollarda revmatologik kasalliklarning kechishi”, “O‘zbekistonda podagra”, “Urogenital etiologiyaning reaktiv artritlari” monografiyalari darslik sifatida mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari dasturiga kiritilganini alohida ta’kidlash zarur. Domla o‘zining bu tadqiqotlari bilan istiqlol davri o‘zbek fani qudratini yanada yuqoriga ko‘tarish, kuchli fan tizimini yaratishdek ulkan ishlarga munosib hissa qo‘shgan”.
Professor T.Soliev keng ko‘lamda ilmiy tadqiqotlar olib borgan sermahsul olim edi. U yetuk mutaxassislarga ilmiy rahbar, jahon ilm - fanining yirik namoyandalari e’tirof etgan 300 dan ortiq ilmiy maqola va risola, 5 ta salmoqli monografiya, 30 dan ziyod o‘quv - uslubiy qo‘llanma va dasturlar muallifi edi. Uning ilmiy rahbarligida 11 nafar nomzodlik va 4 ta doktorlik dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilingan.
Domlaning olib borgan jo‘shqin ilmiy - pedagogik faoliyati haqida uning safdoshi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zRFA akademigi marhum Malika Abdullaxo‘jaeva T.Solievga bag‘ishlab chop etilgan “Fidoyilik falsafasi” kitobida quyidagicha e’tirof etadi: “To‘xtasin Soliev o‘z tadqiqoti va kashfiyotlari bilan O‘zbekistonda revmatologiya ilmiy maktabi tamal toshini qo‘ydiki, biz uning xorijiy davlatlarda ham e’tirof etilgan muvaffaqiyatlaridan g‘ururlanamiz.
Mehnatlarimiz samarasiz ketmadi. Kursdoshlarimiz orasidan ko‘plab taniqli olimlar, shifokorlar yetishib chiqdi. Prezident farmoniga binoan, men “O‘zbekiston Qahramoni” unvoniga, To‘xtasin Soliev esa 2013 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” unvoniga sazovor bo‘ldik.
Demak, behuda yashamadik. Odamlarga foydamiz tegdi. Tibbiyot fani rivojiga ozmi - ko‘pmi xizmat qildik...”
Aynan mazkur kitobda professor T.Solievning ilk ustozlaridan biri Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi To‘xtasin Zohidov ta’kidlaganidek: “Rishtonlik Soli qorining yolg‘izgina o‘g‘li To‘xtasinjon poytaxtga borib, dunyoga dong taratgan professor, tug‘ilib o‘sgan yurti, ota - onasi va ustozlariga olqish olib kelib, ajoyib ilmiy maktab yaratgan atoqli olim edi. U nafaqat Rishtonning, balki butun Farg‘ona vodiysi ahlining iftixori edi”.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor To‘xtasin Solievning ilmiy merosini o‘rganish, tadqiqot ishlarini ommalashtirish, kelgusi avlodga yetkazish muhim ahamiyatga ega. Bu yo‘lda dastlabki sa’y - harakatlar boshlab yuborilgan.