Ajabo, nega bunday sarlavha qo‘ydik? Nega o‘zimiz ham Muhabbatxon haqidagi chizgilarini ko‘rib, suyunib ketdik? Yo‘qotgan narsasini topib olgan boladek quvongancha - quvondik? Chunki, avvalo Muhabbatxon respublikamizning ko‘zga ko‘ringan teatrshunoslaridan biri. Kolaversa... Hamma gap ana shu qolaversada - da! Muhabbatxon o‘zbek she’riyati nafosat olamining darg‘alaridan biri, ham dramaturg, ham senarist, ham qo‘shiqlari yuraklarii befarq qoldirmagan tabarruk insonning farzandi. O‘zbek eli uchun yonib - kuygan, asarlari bilan xalqni, ya’ni siz va bizni himoya qila olgan, urf - odatlarimizni miriqib kuylay olgan O‘zbekiston xalq shoiri Turob To‘laning qizi. Yana bir narsani qo‘shimcha qilmasak bo‘lmas. Hammaniz “Maftuningman” kinoko - mediyasini yaxshi ko‘rasiz. Xorazmli bosh qahramonning qorachadan kelgan, tugmachadekkina singlisini bilasiz - a? Ana o‘sha shirindan - shakar qizaloq rolini Muhabbatxon To‘laxo‘jayeva ijro etgan. Ana endi bu qizaloq haqidagi fikrimizni yanada oydinlashtrishimiz mumkin.
Muhabbat Turobovna To‘laxo‘jayeva 1946 yilning 23 iyulida Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1969 yilda Toshkent Davlat teatr va rassomchilik instituti (hozirgi M.Uyg‘ur nomidagi Toshkent Davlat San’at instituti)ning teatrshunoslik bo‘limini tamomlagan. 1970 — 1974 yillarda Toshkent Davlat Akademik rus drama teatrida adabiy emakdosh bo‘lib ishlagan. 1978 yilda Moskvada Butunittifoq sanatshunoslik ilmiy - tekshirish instituti aspiranturasini tamomlab, “Zamonaviy o‘zbek dramaturgiyasi va uning saxnaviy talqini” (60 — 70 yillar) mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1979 yildan shu kungacha O‘zbekiston Respublikasi Badiiy Akademiyasi San’atshunoslik ilmiy - tekshirish institutining teatr va xoreografiya bo‘limida ishlab kelmoqda.
Muxabbatxon 1997 yilda “O‘zbek dramaturgik teatri” rejissurasi. Tamoyillar rivoji va zamonaviy muammolar” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Xuddi shu yili San’at institutida pedagogik faoliyatini boshlagan. Hozir Muhabbat Turobovna teatrshunoslik kafedrasi professori hisoblanadi. U “O‘zbek dramaturgiyasi va teatr” (“Fan”, 1990), “O‘zbek dramatik teatri rejissurasi. Tamoyillar rivoji va zamonaviy muammolar” (G‘.G‘ulom nashriyoti, 1996) kabi qator kitoblar muallifi. Respublikamiz jurnal va to‘plamlarida uning ilmiy maqolalari nashr etilgan. Respublikaning yetakchi teatr tanqidchisi.
Hayot to‘xtab qolmaganidek Muhabbatxon ham o‘z ilmiy izlanishlarida davom etmoqda.